O‘zbekiston | 17:35 / 29.07.2020
6907
2 daqiqa o‘qiladi

Kislorod konsentratorlari hanuzgacha QQSdan ozod qilinmadi. Masala yechimi qaysi idora tasarrufida – DSQ yoki SSV?

Prezident topshirig‘i bilan SOVID-19 pandemiyasi paytida birinchi ehtiyojga aylangan kislorod konsentratorlarini chet eldan olib kirishga ikki yengillik kiritilgan edi: ro‘yxatdan o‘tkazishdan va sertifikatlashtirishdan ozod etish.

Foto: Gasworld.com

Biroq, keyin ma'lum bo‘lishicha, kislorod konsentratorlari yo‘lida yana bir to‘siq bor ekan – soliq (QQS). Ya'ni mazkur tibbiy uskunani chet eldan olib kiradigan tadbirkorlar qo‘shimcha qiymat solig‘iga tortilar ekan. Bu esa mazkur tibbiy uskuna importi yo‘lida yotgan jiddiy to‘siq.

Kislorod taqchilligi muammosi naqadar dolzarb, hayotiy masala ekanini va uni hal qilish uchun barcha ishlarni qilish kerakligini hisobga olib, biz holatni o‘rganishga urindik.

Bu masala to‘g‘risida yozilgan maqolamizga hech bir idoradan munosabat bo‘lmagani bois, bevosita izoh olishga urindik. Qizig‘i, Davlat soliq qo‘mitasi bu masala Sog‘liqni saqlash vazirligi ixtiyorida ekanini aytgan bo‘lsa, SSV masala DSQ vakolatida ekanini aytmoqda.

Ikki o‘rtada esa muammo havoda muallaq osilib turib qoldi.

Kislorod konsentratorlari hozirda hazilakam emas, balki og‘ir kasallarning yashab qolishi, ularning ichki immunitetlariga kasallikni yengib olish uchun imkoniyat – muhlat beradigan muhim omil.

Inchunun, mazkur taqchillikka barham berish yo‘lida har bir tegishli idora baholiqudrat urinmog‘i, xususan tartiblarga tezkor ravishda tegishlicha o‘zgartish kiritmog‘i lozim, deb hisoblaymiz.

Eslatib o‘tamiz, Soliq kodeksining 208-moddasida realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma soliq solishdan ozod etiladigan tovarlar (xizmatlar) keltirilgan bo‘lib, mazkur moddaning 13-bo‘limida dori vositalari va tibbiyot buyumlari ham ko‘rsatib o‘tilgan. Mazkur tibbiyot buyumlari ro‘yxati esa Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 29 iyundagi 2809-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan bo‘lib, bu ro‘yxatda kislorod konsentratorlari yo‘q.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid