20:39 / 20.05.2024
10912

Qashqadaryoda ishlab turgan bog‘chalar “bo‘sh turgan obekt” sifatida sotib yuborilishi mumkin

Qashqadaryo viloyatidagi jami 700 o‘rinli 4 ta “Erkatoy” bog‘chalari “bo‘sh turgan obekt” sifatida sotuvga qo‘yiladigan bo‘ldi. Kun.uz'ga murojaat qilgan ota-onalarning aytishicha, bu bog‘chalar bo‘sh emas – ular ishlab turibdi. Ota-onalar obektlarning bog‘cha maqomini saqlab qolish yoki xususiylashtirmasdan, MMTV balansiga o‘tkazilishini so‘ramoqda.

Foto: Kun.uz

 

Shu yil 19 aprelda qabul qilingan 162-sonli prezident qaroriga muvofiq, respublikadagi mingdan ziyod davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar ommaviy savdolarga chiqarilishi belgilandi.

Ro‘yxatdan turli ijtimoiy obektlar, xususan, maktab, bog‘cha, shifoxonalar binolari ham o‘rin olgan.

Shu jumladan, Qashqadaryo viloyatida joylashgan, “Sho‘rtan” gaz-kimyo majmuasi tasarrufidagi “Erkatoy” nomli 4 ta bog‘cha ham sotilishi mumkin, bular:

  • Nishon tumani Nuriston shaharchasidagi 140 o‘rinli (1,7 gektar) “Erkatoy-1” bog‘chasi;
  • Nishon tumani Nuriston shaharchasidagi 140 o‘rinli (1,7 gektar) “Erkatoy-2” bog‘chasi;
  • Qarshi shahridagi 200 o‘rinli (1,28 gektar maydonda joylashgan) “Erkatoy-3” bolalar bog‘chasi;
  • G‘uzor tumani “Mustaqillik” MFYdagi 150 o‘rinli (0,53 gektar) “Erkatoy-4” bog‘chasi.

Hisob palatasiga ikki oy muddatda balansda saqlovchi vazirlik, idoralar hamda davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan ommaviy savdoga chiqariladigan aktivlarning o‘z vaqtida Davaktiv agentligiga o‘tkazilishini nazoratga olish topshirilgan.

Nishon tumanidagi “Erkatoy-1” bog‘chasi

Sotuvga chiqariladigan Qashqadaryo viloyatidagi “Erkatoy” bog‘chalari qarorga “bo‘sh turgan obekt” sifatida kiritilgan. Kun.uz'ga ayni masalada bog‘cha tarbiyalanuvchilarining ota-onalari murojaat qilib, agar bu obektlar sotilsa, ular bog‘cha maqomini yo‘qotishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

“Qarshi shahridagi “Erkatoy-3” bog‘chasi bo‘sh turgan obekt emas, unda hozirgi kunda 200 dan ziyod tarbiyalanuvchi tahsil oladi. Viloyatdagi 4 ta “Erkatoy” bog‘chalarida jami 700 dan ziyod bolalar tarbiyalanadi. Bu obektlar qanday qilib “bo‘sh turgan imorat” maqomini olgani biz uchun tushunarsiz. Ular sotilsa, bolalarimiz ko‘chada qoladimi? Bu bog‘chalar 2006-2009 yildan buyon bolajonlar har tomonlama sog‘lom va yetuk avlod bo‘lib yetishishi yo‘lida xizmat qilib kelyapti”, deyiladi tahririyatga yo‘llangan murojaatda.

Tahririyat suhbatlashgan ota-onalardan yana biri agar bog‘cha o‘z bog‘cha maqomini saqlab qolsa, investor shu majburiyatni zimmasiga olsa, ota-onalar ham, maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘zi ham sotilishiga qarshi emasligini bildirdi.

“Agar maqsad shu bo‘lsa, nega bog‘cha “bo‘sh turgan obekt” sifatida ko‘satilgan? Bundan nima foyda? Bu savolga kimdir javob berishi, javobgarlikni zimmasiga olishi kerak. Respublikada bog‘chalar shundoq ham yetarli emas, mavjud taklif talabni qondira olmayapti. Agar bog‘chalar “bo‘sh turibdi” deb sotilib, investor uni boshqa maqsadda ishlatsa, muammo yana ham jiddiylashadi”, – deydi murojaatchilardan biri.

Qarshi shahridagi “Erkatoy-3” bog‘chasi

Kun.uz vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Qarshi shahridagi “Erkatoy-3” bog‘chasi mudirasi Dilyara Nugmanova bilan bog‘landi. U bog‘cha faoliyat yuritayotgani, unda 200 nafar tarbiyalanuvchi tahsil olayotgani va 50 dan ziyod xodimlar ish bilan ta’minlanganini ma’lum qildi.

“Karshi shahridagi “Erkatoy-3” MTTda 50 dan ortik xodimlar ish bilan ta’minlanib, o‘z faoliyati davomida 200 nafardan ortiq tarbiyalanuvchilarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. MTT “Sho‘rtan” GKM rahbari tomonidan ishchilarning farzandlari ta’lim-tarbiyasiga befarq bo‘lmagan holda barpo etilgan. Shu vaqtgacha ShGKM tomonidan MTT yaxshi sharoit bilan ta’minlab kelingan. Bundan ishchilar ham, tarbiyalanuvchilar ham mamnun edi. Shularni inobatga olgan holda, bog‘chamiz bo‘sh turmagani, hozirgi kunda ham bu yerda qaynok ish jarayoni ketayotganini ayta olaman”, – dedi Dilyara Nugmanova.

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, viloyatdagi bo‘sh turgan deya ko‘rsatilgan, ammo faoliyat yuritayotgan maktab, bog‘cha, poliklinika va shifoxonalar tomonidan “obektlar bo‘sh turmagani va faoliyat yuritayotgani” borasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga so‘rov yuborilgan.

Tahririyatga yuborilgan foto va videomateriallarda ham ushbu “Erkatoy-3” bog‘chasida bolalar borligini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, 2019 yilda Kun.uz Nuriston shaharchasida joylashgan “Erkatoy-1” va “Erkatoy-2” bog‘chalari borasida surishtiruv olib borgandi. O‘sha paytda bu ikkala bog‘chada 280 tarbiyalanuvchi tahsil olayotgani ma’lum qilingandi. Nishon tumani rasmiylari Nuriston shaharchasida 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalar 1512 nafarni tashkil etib, ularning 810 nafari maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinganini (53,5 foizi) aytgandi.

Kun.uz'ga murojaat yo‘llagan ota-onalar bog‘chalar taqdiridan xavotirda. Ular masala yechimi yuzasidan 3 ta variant taklif qilishgan.

Birinchisi, bolajonlarning ta’lim-tarbiyasida uzilish va noqulayliklar yuzaga kelmasligi uchun shu kungacha faoliyat ko‘rsatib kelayotgan to‘rtala bog‘chaning ham faoliyatini davom ettirish maqsadida moliyaviy imkoniyat topish, ya’ni barchasini aslicha qoldirish;

Ikkinchisi, zavodning iqtisodiy imkoniyatlari bundan buyon ushbu bolalar bog‘chalarini saqlash imkoniyatiga ega bo‘lmasa, u holda to‘rtala bolalar bog‘chasini ham binosi-yu inventarlari, bog‘cha bolalari va xodimlar bilan birga maktabgacha ta’lim tizimiga balansdan balansga o‘tkazib berish;

Uchinchisi, to‘rtala bog‘chani inventarlari bilan birga bolalar bog‘chasi maqomini saqlab qolish sharti bilan sotuvga qo‘yish lozim”, – deyiladi murojaatda.

162-sonli prezident qaroriga ko‘ra, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi tizimiga kiruvchi ko‘chmas mulk obektlari nodavlat ta’lim muassasasi tashkil etish va faoliyat turini saqlash sharti bilan ommaviy savdolarga chiqariladi. “Erkatoy” bog‘chalari esa vazirlik tizimiga kirmaydi, demak, ularning keyingi taqdiri hozircha noma’lum. Ya’ni agar bu bog‘chalar investorga sotilsa, bog‘cha faoliyat turini saqlash sharti ko‘zda tutilmasligi mumkin.

Bundan tashqari, qarorda ijtimoiy soha obektlarini sotish muddati va shartlari, shu jumladan faoliyat turini saqlash shartlari Davlat mulkini xususiylashtirish komissiyasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan.

Kun.uz nima sababdan faoliyat yuritayotgan bog‘chalar “bo‘sh turgan obekt” sifatida sotuvga qo‘yilgani borasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “O‘zbekneftgaz” va “Sho‘rtan” GKMga so‘rov yubordi.

Hozircha tashkilotlarning javobi kutilyapti.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda maktab va bog‘chalar defitsiti asosiy kun tartibidagi masalalardan hisoblanadi. 2024 yil yanvar oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 33 ming 942 ta MTT faoliyat yuritadi. Respublikadagi 3−7 yoshli bolalar soni esa 2 mln 930 ming 844 nafarni tashkil etadi. Shulardan 74 foizi, ya’ni 2 mln 169 ming 538 nafari bog‘chaga boradi. 2022-2026 yilgi Taraqqiyot strategiyasiga ko‘ra, qamrovni 2026 yilgacha 80 foizga, 2030 yilga borib, 100 foizga yetkazish reja qilingan.

Madina Ochilova,
Kun.uz muxbiri

Top