O‘zbekiston | 13:22 / 20.02.2026
4253
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning shahar va tuman hokimlari Londonda malaka oshiradi

Londonda O‘zbekiston shahar va tumanlari hokimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonovning Britaniyaning Civil Service College (CSC) nodavlat ta’lim muassasasi vakillari bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha ma’lum qilindi.

Foto: “Dunyo” AA

“Dunyo” AA xabar qilishicha, uchrashuvda davlat xizmati sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va uni milliy amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilingan. Xorij tomoniga O‘zbekistonda davlat xizmatini rivojlantirish, istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda ularning muntazam kasbiy o‘sishini ta’minlashga qaratilgan islohotlar haqida ma’lumot berilgan.

Muloqot davomida tomonlar birgalikda ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va treninglar tashkil etish, onlayn va gibrid o‘quv platformalarini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan. Shuningdek, ekspertlar almashish va qo‘shma tadqiqot loyihalarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston shahar va tumanlari hokimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yish, davlat xizmati sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Ma’lumot uchun, Civil Service College 1970 yilda Britaniya hukumati huzuridagi milliy maktab sifatida tashkil etilgan bo‘lib, davlat xizmatchilari tayyorlash va qayta tayyorlashga ixtisoslashgan muassasa hisoblanadi. 2012 yildan esa mustaqil ta’lim markazi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid