O‘zbekiston | 11:19 / 30.11.2019
42413
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahri va tumani hamda Surxondaryoda uchta tuman chegarasi o‘zgartiriladi

Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyatining Samarqand shahri va Samarqand tumani, Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumanining tashkil etilishi munosabati bilan Qiziriq, Boysun va Qumqo‘rg‘on tumanlari chegaralariga o‘zgartirish kiritiladi. Mazkur masalaga bag‘ishlangan qonunlar Oliy Majlis Senatining bugun, 30 noyabr kuni yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan.

Samarqand viloyati Samarqand tumani hududidagi 253,7 gektar («Qorasuv» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi — 253,7 gektar) yer maydoni Samarqand viloyatining Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan Samarqand shahri va Samarqand tumanining ma'muriy hududi chegaralari o‘zgartirilishi kutilmoqda. Bungacha ushbu masala Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida jamoatchilik muhokamasiga muhokamaga qo‘yilgan edi.

Avvalroq, Surxondaryo viloyatining Bandixon tumani qaytadan tiklanishi xabar berilgan, Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilingan edi. Mazkur masala Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqilib, qonun loyihasi bir ovozdan tasdiqlangan edi.

Nazarda tutilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani hududidagi “Bandixon”, “Bektepa”, “Obod turmush”, “Polvontosh”, “Saroy”, “Birdamlik”, “Chinor”, “Paxtakor”, “Navbahor”, “Farovon”, “Bahoriston”, “O‘rg‘ilsoy”, “Gulbog‘”, “Qaldirg‘och”, “Zevar”, “Xo‘jaipok”, “Obod yurt” hamda “Bag‘ri keng” mahalla fuqarolar yig‘inlari, Boysun tumanining “Ko‘lqamish” mahallasi “Kuba” qishlog‘i, “Obikor” hamda Quduqsoy mahalla fuqarolar yig‘inlari, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Davlatsoy” mahallasining “Porloq” va “Xurmazor” qishloqlari, “Navruz” hamda “Bandixon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududlari tashkil etilayotgan Bandixon tumani tarkibiga o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, Senatning 2010 yil 24 dekabrdagi qarori bilan Surxondaryo viloyatining Bandixon tumani tugatilib, uning hududi Qiziriq tumaniga birlashtirilgan edi.

Mavzuga oid