Jamiyat | 16:05 / 06.01.2026
8341
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada o‘qituvchilarni tun-u kun navbatchilikda turishga majburlagan maktab direktori ishdan olindi

​​​​​​​Kun.uz surishtiruvidan so‘ng Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holatni o‘rgandi. Jarayonda Buvayda tumanidagi 37-umumta’lim maktabi direktori Hasanboy Nishonov o‘qituvchilarga ularning lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifa yuklagani aniqlandi.

Foto: Videodan kadr

Buvayda tumanida o‘qituvchilarni tun-u kun navbatchilikda turishga majburlagan maktab direktori ishdan olindi. Bu haqda Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, holat boshqarma tomonidan o‘rganilgan. Unda tumandagi 37-umumta’lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi tomonidan pedagogik jamoaga ularning lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifa yuklangani – amaldagi tartiblarga zid ravishda navbatchilik qilishlari talab etilgani aniqlangan.

“Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining 2025 yil 6 yanvardagi buyrug‘iga asosan 37-umumta’lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi X.N. vazifasidan ozod etildi”, deyiladi boshqarma xabarida.

Tizim rahbarlari kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymasliklari yuzasidan ogohlantirilgani bildirilgan. Shuningdek, boshqarma ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari va foydalanuvchilaridan bitta maktabdagi jarayonni butun tizimdagi holat sifatida baholamasliklarini so‘ragan.

Kun.uz avvalroq maktab direktori Hasanboy Nishonov buyrug‘i bilan pedagoglar 25 dekabrdan 6 yanvarga qadar tun-u kun navbatchilikka jalb qilingani haqida yozgandi. O‘qituvchilar 5 kunlik rasman dam olish kunlarida ham ikki smenada maktabda qolishga majburlangan.  

Mavzuga oid