Iqtisodiyot | 15:24 / 14.09.2021
19939
2 daqiqa o‘qiladi

Birjada paxta yog‘i, sement va suyultirilgan gaz narxi pasaydi

O‘tgan haftadagi birja savdolarida paxta yog‘i – 6,5 foiz, sement – 1,6 foiz, suyultirilgan gaz narxi esa 2 foizga pasaygan.

O‘tgan hafta davomida, ya'ni 6–12 sentabr kunlari «O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi» AJning barcha savdo platformalarida 1 trillion 926,9 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 77,9 foizga ortiqdir.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali umumiy summasi 9,7 mlrd so‘mlik 3 ming 570ta avtoraqamlar sotilgan.

Paxta yog‘i

O‘tgan haftada birja savdolariga 3 ming 115 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 1 ming 704 tonnasi, ya'ni 54,7 foiz qismi sotilgan. Barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 15 ming 218 so‘mdan 14 ming 229,8 so‘mgacha, ya'ni 6,5 foizga pasaygan.

Tsement

O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 391 ming 793 tonna sement qo‘yildi va ulardan 224 ming 877 tonnasi, ya'ni 57,4 foizi sotilgan. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 44,9 ming tonnani tashkil qilgan.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 516,9 ming so‘mdan 508,8 ming so‘mgacha, ya'ni 1,6 foizga pasaygan.

Suyultirilgan gaz

O‘tgan haftada birja savdolariga 1 ming 723 tonna suyultirilgan gaz qo‘yildi va uning butun hajmi, ya'ni 100 foiz sotilgan. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 104 xaridor ishtirok etgan.

Mazkur davrda suyultirilgan gazning o‘rtacha kunlik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 7 ming 233,9 so‘mdan 7 ming 89,2 so‘mga, ya'ni 2 foizga tushgan.

Mavzuga oid