Shavkat Mirziyoyev OIIB boshqaruvchilarining yillik uchrashuvi ochilishida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 sentabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashi IX yillik yig‘ilishining ochilish sessiyasida ishtirok etdi.
Sammitning asosiy mavzusi – "Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish". Kun tartibidan global iqtisodiyot va moliya sohalaridagi dolzarb masalalar, Osiyo va dunyoning boshqa mintaqalarida infratuzilmani rivojlantirishning strategik dasturlari va rejalarini muhokama qilish o‘rin olgan.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishda nutq so‘zladi.
- Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi mintaqamizda ilk bor o‘tkazilmoqda. Buning uchun O‘zbekiston tanlangani o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorligimizning yuksak namunasi, deb hisoblaymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi hozirgi kunda dunyoda murakkab geosiyosiy vaziyat saqlanib qolayotganini, global iqtisodiyotda beqarorlik kuchayib, oziq-ovqat va energiya resurslari taqchilligi ortib, ekologik muammolar keskinlashib borayotganini ta’kidladi.
Yer yuzi aholisining to‘rtdan bir qismi toza ichimlik suvi muammosiga duch kelmoqda, qariyb 800 million kishi o‘ta qashshoqlik sharoitida yashayapti.
Mahsulot yetkazib berishning an’anaviy logistika zanjirlari buzilmoqda, bu esa xomashyo resurslari va iste’mol tovarlarining qimmatlashuviga olib keldi.
Bularning barchasi infratuzilmaga bo‘lgan yuklamani keskin oshiradi va iqtisodiy rivojlanishga to‘siq bo‘ladi.
2030 yilgacha dunyoda yangi infratuzilma yaratish uchun 15 trillion dollar investitsiya talab etiladi, xorijiy investitsiyalar oqimi esa so‘nggi ikki yil davomida yiliga 10 foizga kamayib, moliyaviy resurslar narxi 2 barobarga oshgan.
Bunday sharoitda xalqaro moliya tashkilotlarining roli tobora ortib bormoqda.
Joriy loyiha portfeli 55 milliard dollar bo‘lgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki qisqa vaqt ichida yetakchi moliya institutlaridan biriga aylangani alohida ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar va yangilanishlar siyosatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish, aholi turmush darajasi va daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Ushbu maqsadlarga erishishda xalqaro moliya institutlari, shu jumladan OIIB bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Eng avvalo, tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, odamlarning daromad manbalarini ko‘paytirish, aholining sifatli ta’lim va tibbiyotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, olis hududlarda infratuzilma tarmoqlarini yaratish orqali “ko‘p o‘lchamli” kambag‘allikni qisqartirish dasturi amalga oshirilmoqda.
Inson kapitalini rivojlantirish loyihalarini hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi sifatida belgilash taklif etildi.
Davlatimiz rahbari forumning asosiy mavzusini inobatga olgan holda, barqaror infratuzilmani yaratish sohasida xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlik bo‘yicha katta tajriba to‘planganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Mamlakatimizda 2030 yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish dasturi qabul qilingan.
Xususan, Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘llarini qurish, Toshkent-Samarqand, Samarqand-Navoiy-Buxoro tezyurar temiryo‘lini barpo etish, 6 ta xalqaro aeroportni modernizatsiya qilish va boshqa muhim loyihalar amalga oshiriladi.
OIIB bilan o‘rta shaharlarni rivojlantirish va qishloq joylarda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.
Yana bir ustuvor yo‘nalish - "yashil" iqtisodiyotni jadal rivojlantirish. O‘zbekistonda 2030 yilga borib "yashil" energiya ulushini 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Yaqin yillarda quyosh, shamol va gidro elektr stansiyalari, infratuzilma obektlari va tarmoqlarini qurish rejalashtirilmoqda.
Yirik "yashil" ma’lumotlar markazlarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga "yashil" sertifikatlar bozori shakllantiriladi.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoni "yashil" energiyaning yirik eksportchisiga aylantirishga qaratilgan katta ishlarni alohida ta’kidladi. Buning misollaridan biri Transkaspiy energiya ko‘prigi qurilishi hisoblanadi.
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda "yashil" energetikani rivojlantirish dasturini amalga oshirish taklif etildi.
Shuningdek, yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga bo‘lgan ehtiyoj oshib borayotganiga e’tibor qaratildi.
“Xitoy - Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishi buning yorqin misolidir.
Ayni paytda Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari ayniqsa o‘tkir tus olmoqda.
Mamlakatimiz rahbari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha Mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Prezident OIIBning O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi. Bugungi kunda infratuzilma, energetika, transport, suv ta’minoti, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan qo‘shma loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshgan. 4 milliard dollarlik yangilangan dasturni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
- Kelgusi ikki kunda Bank boshqaruvchilari oldida juda muhim global va mintaqaviy muammolarga zamonaviy yondashuvlar asosida yechimlar topish, yangi loyiha va dasturlarni muhokama qilish kabi mas’uliyatli vazifalar turibdi. Sizlar qabul qiladigan qarorlar Bankka a’zo mamlakatlarda yashaydigan 6 milliarddan ziyod aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladi, - dedi so‘zining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari sammit ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Mavzuga oid
15:43 / 20.11.2024
OTB O‘zbekistonning iqlimga moslashish islohotlari uchun 250 mln dollar ajratdi
19:40 / 17.11.2024
Olimlar dunyodagi chuchuk suv zaxiralari nega kamayganini tushuntirdi
16:16 / 16.11.2024
Ekspertlar: BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyalari «maqsadlarga mos kelmaydi»
15:31 / 14.11.2024