O‘zbekiston | 20:33 / 07.09.2024
15704
2 daqiqa o‘qiladi

BYD Seagull O‘zbekistonda Xitoydagi narxidan 4300 dollar qimmat sotiladi

O‘zbekistonda xususiy tadbirkorlar tomonidan 14 300 dollardan boshlab taklif qilinayotgan BYD Seagull Flying rasmiy dilerda 16 400 dollardan sotiladi. Xususiy tadbirkorlardan farqli ravishda, BYD Uzbekistan kamida 2 yil davomida bojxona boji va utilizatsiya yig‘imi to‘lamasdan avtomobil olib kirish imtiyoziga ega. Bu modelning Xitoydagi narxi 12 100 dollardan boshlanadi.

Foto: Olx.uz

“O‘zavtosanoat” joriy yilning iyul oyida BYD Uzbekistan Factory xitoylik hamkorlari bilan yangi modellarni ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgani, bu modellar BYD Seagull va e2 bo‘lishi haqida ma’lum qilgandi.

6 sentabr kuni dilerlik tarmoqlari orqali sotiladigan, bir quvvatlashda 405 km masofa bosadigan BYD Seagull'ning Flying komlektatsiyasi narxi e’lon qilindi: 208 mln 300 ming so‘m (16 400 dollar). Bu – Xitoydagi narxlardan (85 800 yuan yoki 12 100 dollar) 4300 dollarga qimmat.

Bu modelning Flying komlektatsiyasi xususiy avtosalonlarda 14 300 dollardan 15 ming dollargacha taklif qilinyapti. Qo‘shni Qozog‘iston bozorida ham bu avtomobilni 14 500 dollar atrofida xarid qilish mumkin.

Xususiy avtosalonlar taklif qilayotgan narx Xitoydan avtomobilni olib kelish, QQS, qayta ishlash to‘lovi, sertifikatlash va bojxona to‘lovlari, shuningdek, tadbirkorlarning ko‘radigan foydasini ham o‘z ichiga oladi. Shunda ham avtomobilning bahosi rasmiy diler taklif qiladigan narxdan 2 ming dollarga arzon.

Eslatib o‘tamiz, BYD Uzbekistan kamida 2 yil davomida bojxona boji va utilizatsiya yig‘imi to‘lamasdan, bu rusumdagi elektromobillarni yaratiladigan ishlab chiqarish quvvatlarining 50 foizigacha, ammo yiliga 10 mingdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda O‘zbekistonga olib kirishi mumkin.

Avvalroq, BYD Uzbekistan Factory bosh direktori Shafqatbek Alimov O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan BYD'lar chetdan olib kelinadiganlaridan arzon bo‘lishini aytib o‘tgandi.

Shundan keyin BYD E2 modelining rasmiy narxi 19 300 dollar yoki 242 mln so‘mdan boshlanishi ma’lum qilindi. Bu xususiy avtosalonlardagi narxdan 42 mln so‘mga qimmat.

Mavzuga oid