Olimpiada kundaligi: Xitoy yetakchilikni boshladi, AQShda 49 yillik antirekord, 11 oltinning 7 tasi Osiyo vakillarida
Tokioda yozgi olimpiada o‘yinlari boshlandi. Musobaqaning birinchi kunida 11 ta medallar komplekti o‘ynaldi. Birinchi kuni 9 mamlakat sportchilari oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Xitoy allaqachon yetakchi
Xitoy birinchi kundan yetakchilikni boshlab yubordi. Olimpiadadagi ilk oltin medalni ham aynan xitoylik Yang Kian 10 metrdan miltiqda o‘q otish bahslarida qo‘lga kiritdi. Keyinchalik og‘ir atletika va qilichbozlikda ham xitoyliklar bittadan oltin olishdi. Erkaklar o‘rtasidagi o‘q otish bahslarida Xitoy yana bitta bronza oldi. Qizig‘i, Xitoyga birinchi kundagi 3 ta oltinni ham ayol sportchilar olib keldi. Musobaqada birinchi oltinni yutgan Yang Kian 2000 yilda tug‘ilgan talaba qiz ekani ham e'tiborli.
Birinchi kungi bahslardan keyin yana 8 mamlakat sportchilari oltin medal olishdi. Italiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Ekvador, Vengriya, Eron, Tailand va hatto kosovalik sportchilar oltinli bo‘lishdi. Umumiy hisobda 28 ta mamlakat sportchilari medal olishdi. Ular orasida qo‘shni – Qozog‘iston ham bor. Qozog‘istonlik Yeldos Smetov 60 kg vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. O‘tgan olimpiadada O‘zbekistondan ortda bo‘lish qozog‘istonlik sportchilarga jiddiy ta'sir qilgan ko‘rinadi.
Oxirgi ikki olimpiadada medallar jamg‘armasiga ko‘ra umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan amerikalik sportchilar Tokiodagi o‘yinlarning birinchi kunini medalsiz yakunlashdi. 5 ta medallar jamg‘armasi o‘ynalgan bahslarda qatnashgan amerikaliklarning hech biriga medal yutish nasib etmadi. Bu esa AQSh jamoasi uchun antirekord hisoblanadi. 49 yildan buyon Amerika olimpiadachilari bunday yomon natija qayd etishmagandi, ular barcha olimpiadalar ochilishida kamida bitta medal qo‘lga kiritishgan. Oxirgi marta AQSh jamoasi birinchi o‘yin kunini 1972 yil Myunxen olimpiadasida medalsiz yakunlagan. O‘shanda yakuniy umumjamoa hisobida AQSh birinchilikni SSSRga boy bergan.
Taekvondoda kambekchilar yutdi, eng zo‘r medal Ekvadorga ketdi
Birinchi kunda o‘z bayrog‘i bilan musobaqalarda qatnashish huquqidan mahrum qilingan rossiyalik sportchilar ham ikkita medal qo‘lga kiritishdi. Miltiqdan otishda Anastasiya Galashina kumush, taekvondoda Mixail Artamanov bronza medalini oldi.
Darvoqe, olimpiadaning taekvondo bahslari birinchi kundanoq qiziqarli boshlandi. Ayollar o‘rtasidagi 49 kg vazn toifasidagi musobaqa finalida tailandlik Panipak Vongpattanakit ispaniyalik Adriana Serezoni oxirgi soniyalardagi qo‘sh ochko evaziga mag‘lub etdi – 11:10. Ushbu vazndagi bronza medali uchun bahs ham kambek bilan yakunlandi. Isroillik Avishag Semberg va turkiyalik Ruqiya Yildirim o‘rtasidagi jangda avvaliga isroillik sportchi katta farq bilan oldinga chiqib ketdi. Keyin turkiyalik Ruqiya farqni tiklab, oldinga ham chiqib oldi. Biroq oxirgi soniyalarda Semberg raqibining qorniga va boshiga zarba yo‘llab, bronzani ilib ketdi.
Erkaklar o‘rtasidagi 58 kg vazn toifasida bahslarning finaliga 2000 yilda tug‘ilgan Vito Dell’Akuilo va 2002 yilda tug‘ilgan tunislik Muhammad Halil Jyenbudi chiqdi. Ehtiyotkor o‘tgan finalda italiyalik atlet g‘olib bo‘ldi va Italiyaga Tokio olimpiadasidagi ilk oltinni taqdim etdi.
Birinchi kunning eng zo‘r medalini ekvadorlik Richard Karapas qo‘lga kiritdi. U erkaklar o‘rtasidagi velopoyganing 234 kmga o‘tkazilgan bahslarida g‘olib bo‘ldi. Karapas bu medalni qo‘lga kiritish uchun naq 6 soat, 5 daqiqa-yu 26 soniya ter to‘kdi. Ikkinchi o‘rindagi belgiyalik sportchi Karapasdan 67 soniya ortda qoldi. Tur de Fransning oxirgi ikkita mavsumi chempioni sloveniyalik Tadek Pogachar olimpiadada uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Startga chiqqan 134 sportchining faqat 85 nafariga finishga yetib kelish nasib qildi. Ulardan 64-o‘rindagisi o‘zbekistonlik Murodjon Xolmurodov bo‘ldi.
«Sariq Osiyo»
Olimpiada halqasida sariq bilan belgilangan Osiyo qit'asi janubi-sharqiy Osiyo davlatlari hisobiga birinchi kunda zo‘r qatnashdi. Birinchi kunda o‘ynalgan 11 ta oltin medaldan 7 tasi osiyolik sportchilarga nasib etdi. Xitoyning uchta oltinini yuqorida esladik. Bundan tashqari, Yaponiya dzyudoda, Janubiy Koreya kamondan o‘q otishda, Eron miltiqdan o‘t otishda, Tailand taekvondoda oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Tokiodagi yagona prezident
Yaponiya boshqaruv tizimiga ko‘ra parlamentar mamlakat ekanini inobatga olsak, hozirda Tokioda bo‘lib turgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron u yerlardagi yagona prezident bo‘lib turibdi. Sportni xush ko‘ruvchi Fransiya yetakchisi ochilish marosimiga borgan yagona prezident bo‘ldi. Taqqoslash uchun: London olimpiadasiga 80 nafar mamlakat rahbarlari borgan. Makron bugun fransuz basketbolchilarini yo‘qlashga ham ulgurdi. Makron ularning oldiga karantin qoidalariga birozgina amal qilmagan holda niqobini qo‘liga olib bordi, biroq Fransiya prezidentiga bu uchun tanbeh berishmadi.
Hozircha ana shunaqa gaplar. Ertaga Toshkent vaqti bilan tong sahardan yana bahslar qiziydi. 11 nafar o‘zbekistonlik atlet musobaqalarga kirishadi. Ular orasida medallarga da'vogarlar ham bor.
Tokio olimpiadasining birinchi kunidan keyin medallar jamg‘armasiga ko‘ra turnir jadvali quyidagicha ko‘rinish olgan.
Mavzuga oid
19:35 / 29.12.2021
Tokio-2020 g‘oliblariga atalgan yil. «Uzbekistan Sport Awards-2021» milliy mukofoti laureatlari e’lon qilindi
14:06 / 25.08.2021
Erkin kurash jamoasi bosh murabbiyi: «Tokioda shogirdlarimdan ko‘proq narsa kutgan edim»
05:42 / 24.08.2021
Turkmaniston tarixida olimpiada sovrindori bo‘lgan ilk sportchiga Lexus va kvartira sovg‘a qilindi
07:43 / 10.08.2021