O‘zbekiston | 14:09 / 27.08.2021
8686
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kamida 50 foiz elektr energiyasini xususiy elektr stansiyalarida ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda - Prezident

2025 yilgacha O‘zbekistonda kamida 50 foiz elektr energiyasini xususiy elektr stansiyalarida ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlar yaratib beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati Karmana tumanida zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi (O‘zbekistondagi ilk xususiy elektr stansiyasi) ishga tushirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda ma'lum qildi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma'lum qilishicha, davlat rahbari bu O‘zbekiston tarixida ilk bor xususiy investor tomonidan qurilgan elektr stansiyasi ekaniga e'tibor qaratdi.

«Bu so‘nggi ikki yilda elektr energiyasi sohasida boshlagan katta islohotlarimizning amaliy natijasi, investorlarning mamlakatimizga nisbatan ishonchi tobora ortib borayotganining yorqin dalilidir.

Biz energetika sohasida tub islohotlarni boshladik. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni o‘zida jamlagan monopol davlat kompaniyasi o‘rniga bir-biridan mustaqil 4 ta kompaniya tashkil etildi.

Energetika sohasida raqobatdosh ulgurji bozorni shakllantirish, xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratish va shu orqali elektr energiyasiga o‘sib borayotgan talabni  maqbul narxlarda qondirishni asosiy vazifa etib belgiladik.

Shu tariqa, 2025 yilgacha yurtimizda kamida 50 foiz elektr energiyasini xususiy elektr stansiyalarida ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beramiz», dedi davlat rahbari.

Ushbu loyiha Birlashgan Arab Amirligining Masdar kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, bu xorijiy davlat kompaniyalari bilan hamkorlikdagi ayni paytdagi eng yirik loyihadir.

Davlat rahbari Amirliklar bilan o‘zaro hamkorlik yildan yilga kengayib, yangi bosqichga ko‘tarilib borayotganini alohida ta'kidladi.

Birgina energetika sohasida umumiy qiymati  qariyb 1,5 milliard dollar bo‘lgan 1 ming 700 megaVattli 6 ta loyihani amalga oshirish boshlangan.

Jumladan, Navoiy viloyatining o‘zida 2023 yilda Masdar kompaniyasi bilan hamkorlikda 500 megaVattli shamol stansiyasi va Phanes group ishtirokida 200 megaVattli quyosh stansiyasi barpo etiladi.

Prezident Birlashgan Arab Amirliklari hukumati vakillariga, Masdar kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil Al-Ramahiy hamda qurilishda ishtirok etgan 600dan ortiq xorijiy va mahalliy mutaxassislarga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Mavzuga oid