O‘zbekiston | 20:10 / 23.11.2018
12852
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kreditorlarning huquqiy himoyasi kuchaytiriladi

Foto: Depositphotos

O‘zbekiston prezidenti “Kreditorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan quyidagi tartib o‘rnatiladi:

Garov bilan ta'minlangan kreditorlar talablarini garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymatidan qondirish qarzdor o‘z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollarda garov reyestriga qarzdorning mol-mulkiga bo‘lgan huquqlari to‘g‘risida yozuv kiritilgan sanaga ko‘ra kalendar ketma-ketligida amalga oshiriladi. Bunda, ushbu tartib qarzdorning hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari unga qo‘yilgan barcha talablarni qondirish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, pul mablag‘larini hisobdan chiqarish navbatiga tatbiq etilmaydi;

garov reyestriga qarzdorning mol-mulkiga bo‘lgan huquqlari to‘g‘risida yozuv kiritgan kreditor-garovga oluvchilar o‘z talablarini qondirishda garov reyestriga tegishli yozuvni kiritmagan kreditor-garovga oluvchilarga nisbatan ustuvor huquqqa ega bo‘ladilar;

mol-mulkni xarid qilishni uni ta'minot sifatida qo‘yish evaziga moliyalashtirgan kreditor garov reyestriga tegishli yozuvni kiritgan taqdirda, ushbu mol-mulk hisobidan o‘z talablarini qondirishda ustuvor huquqqa ega bo‘ladi;

navbatdagi garovga qo‘yishga garov reyestriga tegishli yozuvni kiritish sharti bilan avvalgi garovga oluvchining roziligisiz ruxsat etiladi;

garovga qo‘yuvchi tomonidan garov predmetini ijaraga berishga garov reyestriga tegishli yozuvni kiritish va bu haqda garovga oluvchini xabardor etish sharti bilan garovga oluvchining roziligisiz ruxsat etiladi.

 Quyidagilar:

shartnomada o‘zgacha qoida belgilangan bo‘lmasa, qarzdorning majburiyatlar bajarilishini ta'minlash uchun taqdim etilgan mol-mulkidan foydalanish yoki uni sotishdan olingan hosil va daromadlarga (tushumga) kreditorning ustuvor huquqi;

lizing, bo‘lib-bo‘lib to‘lashni nazarda tutuvchi oldi-sotdi, ijara yoki boshqa bitimlar obekti bo‘lgan hamda ushbu bitimlarda majburiyatlar bajarilishini ta'minlash uchun qo‘yilgan mol-mulkka (mulk huquqiga) garov uchun belgilangan undiruv qaratish tartibi;

yozma bitim mavjud bo‘lgan taqdirda, garov predmeti yoki kreditorning majburiyatlari bajarilishini ta'minlash predmeti sifatida qo‘yilgan ko‘char mol-mulkka undiruvni qaratishga sud buyrug‘i instituti tatbiq etiladi. 

O‘rnatiladigan tartibga muvofiq:

mol-mulk bilan ta'minlanadigan majburiyatni shu mol-mulk qiymatidan qoplanishini mumkin bo‘lgan majburiyatning maksimal summasini ko‘rsatish yo‘li bilan aniqlashga ruxsat etiladi;

majburiyatlar bajarilishini mol-mulk bilan ta'minlashni nazarda tutadigan bitimlar, shu jumladan, garov shartnomasi majburiyatlar bajarilishining mulkiy ta'minoti predmetini batafsil bayon qilmasdan, uni umumiy tavsiflash orqali, jumladan, alohida toifa bo‘yicha tuzilishi mumkin;

garovga oluvchilar va boshqa kreditorlarning talab qilish huquqini ta'minlash uchun garovga qo‘yilgan hamda ularning talablari bo‘yicha undiruv qaratilgan mol-mulk kreditga, bo‘lib-bo‘lib to‘lashga, lizingga yoki qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilinishi, ijaraga berilishi mumkin, sud qarorlari va boshqa organlar qarorlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulkni majburiy realizatsiya qilish hollari bundan mustasno.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasiga qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni qoplash bo‘yicha talablar to‘g‘risidagi yozuvlar garov reyestriga o‘z vaqtida kiritilishini ta'minlash yuklatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur qarorning norma va talablarini amalga oshirishni nazarda tutadigan qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritadi.

Mavzuga oid