O‘zbekiston | 21:20 / 19.06.2024
6501
6 daqiqa o‘qiladi

19 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

Malakali o‘qituvchilarning maoshlarini oshirish taklif etildi, deputat O‘zbekistonda Otalar kuni belgilanishini olqishladi, Bo‘stonliq tumaniga eltuvchi yo‘lda yangi tunnel ochildi.

Izlanuvchan o‘qituvchilarga yuqori maosh

O‘zbekistonda ayrim o‘qituvchilarning oylik maoshi oshirilishi mumkin. Prezident huzurida o‘tkazilgan maktab ta’limi sifati va pedagoglar malakasini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimotida 2025 yil sentabrdan oliy va birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilarning oylik maoshini oshirish taklifi bildirildi.

O‘quvchilarning fanlarga qiziqishi va o‘rganishi ko‘p jihatdan murabbiylarning bilim va mahoratiga bog‘liq. Shu bois pedagoglarning malakasini oshirishga zarur sharoit yaratilib, baholash tizimi takomillashtirib borilmoqda.

Attestatsiyada ilg‘or texnologiyalarga asoslangan yangi tartib joriy etilgan. Unda 190 mingdan ziyod o‘qituvchilar qatnashib, shundan 51 ming nafarining toifasi oshirilgan.

Maktablarda bilimli va izlanuvchan pedagoglar ko‘payishini doimiy rag‘batlantirish zarurligi ta’kidlandi.2025 yil sentabrdan oliy va birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilarning oylik maoshini oshirish taklifi bildirildi.

Attestatsiyadan o‘tolmagan, tajribasi yetarli bo‘lmagan o‘qituvchilar uchun alohida dastur ishlab chiqib, malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Hududlardagi 11 ta pedagogika kollejini Malaka oshirish markazlari tasarrufiga o‘tkazib, xorijdan trenerlarni jalb etish vazifasi qo‘yildi.

Xotin-qizlarga 18 mingdan ziyod tavsiyanoma

Ehtiyojmand oilalardagi 18 ming 481 nafar xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish uchun tavsiyanoma berildi. Qariyb yana shuncha talabgorga tavsiyanoma berish rad etilgan.

Berilgan tavsiyanomalar xotin-qizlar.uz elektron platformasida mavjud. Texnik masalalar bartaraf etilganidan so‘ng, berilgan tavsiyanomalar Bilim va malakalarni baholash agentligining tegishli platformasiga integratsiya qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun tavsiyanomani kutish shart emas. Hozirning o‘zida ro‘yxatdan o‘tib, fanlar majmuasini tanlash mumkin. Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tavsiyanoma olgan xotin-qizlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etilishi hafta oxirida kutilmoqda. Ma’lumotlar taqdim etilishi bilan ular Bilim va malakalarni baholash agentligining saytida aks etadi. 

Deputat Otalar kunini nishonlashni taklif etdi

“Milliy tiklanish” partiyasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov Otalar kuni jiddiy siyosiy-ijtimoiy kun sifatida ommalashtirilishi lozimligini qayd etdi.

Ayni paytda ko‘plab mamlakatlarda har yili iyun oyining uchinchi yakshanbasi Otalar kuni sifatida nishonlanadi. Oliy Majlis qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov O‘zbekistonda ham otalar kuni alohida kun sifatida qayd etilishi kerak degan fikrni ilgari surmoqda.

“Nafaqat oilada, butun jamiyatdan erkakning, ya’ni amaldagi yoki bo‘lajak otalar ohorini to‘kib, nomini oyoqosti qilib yubormayapmizmi? Buning oqibati nima bo‘ladi?

Bog‘cha va maktabni erkak tarbiyachi hamda o‘qituvchilar tashlab ketganiga ancha bo‘ldi. So‘nggi yillarda erkaklar oiladan ham siqib chiqarilayotgandek…

Millat taqdiri quriladigan bu maskanlar rad etilayotgan otalikning achchiq mevalari — asabiy ayollarning e’tirozlari bilan bo‘g‘ilmayaptimi?

Ota, erkak — jamiyat sha’ni-shavkati himoyachisi. Mukarram va hikmatli onalar bu himoyachilarni tarbiyalovchilardir!» degan Alisher Qodirov.

Partiya raisi o‘z saylov dasturida farzand ko‘rgan ayollarga tarbiya treninglarida ishtirok etish sharti bilan 3 yilgacha haq to‘lanadigan onalik ta’tili berish taklifi ustida ishlayotganini ham ma’lum qilgan.

«Agar onalar shavkatli farzandlar uchun halovatidan kechmasa, otasini tanimaydigan farzandlar nafaqat onasi, balki butun jamiyatni qurbon qiladi. Otalar kuni jiddiy siyosiy ijtimoiy kun sifatida ommalashtirilishi zarur», deb yozgan Alisher Qodirov. 

Bo‘lajak otalar ko‘proq tug‘ilmoqda

Chindan ham Otalar kunini nishonlashga ehtiyoj bordek. Chunki O‘zbekistonda qiz bolalarga nisbatan o‘g‘il bolalar ko‘proq tug‘ilmoqda.

Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024 yilning yanvar-may oylarida FHDYo organlarida 374,4 ming nafar tirik tug‘ilish holatlari qayd etilgan.

Shundan o‘g‘il bolalar — 180,4 ming nafarni, qiz bolalar — 167 ming nafarni tashkil etgan.

2024 yilning 5 oyida ham O‘zbekistonda qiz bolalarga nisbatan 13,4 ming nafar o‘g‘il bola ko‘p tug‘ilgan. 

Bo‘stonliq yo‘lida yangi tunnel

Toshkentda Yangi O‘zbekiston ko‘chasi va 4R-12 avtomobil yo‘li kesishmasida yangi tunnel ochildi. Endi Chorvoq suv ombori tomon ketayotgan haydovchilar chorrahada to‘xtab turishi shart emas.

Tunnel qurilgunga qadar chorrahada dam olish kunlari tirbandlik yuzaga kelar va haydovchilar svetoforning bir necha yonib-o‘chishini kutishga to‘g‘ri kelardi.

Qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish uchun 4R-12 yo‘lidan Yangi O‘zbekiston ko‘chasiga chiqish tashkil etildi.

Tunnel orqali og‘ir avtomashinalar va xavfli yuk tashuvchi transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi. Ular chorraha orqali o‘tishlari kerak.

Mavzuga oid