13:04 / 28.11.2023
22479

Qoidabuzar haydovchilarga qarshi jarima ballarini hisoblash tizimi ishga tushiriladi

Shuningdek, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lgan shaxs tomonidan transport vositasini takroran boshqarish uchun jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda «Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.

Majlisda ta’kidlanganidek, ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik natijasida yo‘l-transport hodisalari soni ortib bormoqda. Jumladan, transport vositasini mastlik holatda boshqarish bilan haydovchi o‘zining harakatini anglay olmasligi oqibatida og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lmoqda.

Ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga bepisandlik bilan qarash, transport boshqarish madaniyatiga rioya qilmaslik, yo‘l harakatining boshqa qatnashchilariga nisbatan hurmatsizlik, transport vositasini keskin boshqarish hamda boshqa harakatlarda ifodalanadigan «agressiv boshqarish» holatlari ko‘paymoqda.

Qonun loyihasi bilan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lgan shaxs tomonidan transport vositasini takroran boshqarish uchun jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Transport vositasi haydovchilari tomonidan doimiy ravishda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarima ballari hisoblash tizimini joriy etish ham belgilanmoqda. Ya’ni, ushbu norma bilan hisoblangan jarima ballari bir yil davomida o‘n ikki balldan oshgan hollarda oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchini transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.

Mazkur tartibga muvofiq, haydovchi bir yil davomida yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etish yo‘li bilan belgilangan miqdordagi jarima ballarini to‘plagan taqdirda unga nisbatan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi qo‘shimcha jazo sifatida qo‘llanishi belgilanmoqda.

Majlisda ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini sudlar tomonidan qo‘llanishini inobatga olib, yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganlik uchun ma’muriy jazosini jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan qo‘llash tartibi ham taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida ishlaydigan transport vositalar bilan bog‘liq hodisalar bo‘yicha alohida moddalar bilan ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Top