O‘zbekiston | 17:00 / 20.05.2026
3983
5 daqiqa o‘qiladi

Oyiga 1 mln ziyoratchi: majmuani obod saqlash yechimlari nimada?

Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasi qayta ochilganidan keyingi ilk oyda bir milliondan ortiq mahalliy va xorijiy mehmonni qabul qildi. Rekonstruksiya ishlaridan so‘ng majmua mintaqadagi eng yirik ziyorat markazlaridan biriga aylandi.

Majmua tomon yo‘l olganingizda uzoqdan ko‘ringan oq gumbazlar va baland minoralar diqqatni tortadi. Hozir bu yerga O‘zbekistonning turli hududlaridan va xorijdan kelayotgan mehmonlar oqimi deyarli to‘xtamayapti.

63 gektar maydonda barpo etilgan majmua hududida masjid, ilmiy markaz, hadis maktabi, muzey va ziyoratchilar uchun infratuzilma joylashgan. Rekonstruksiya ishlaridan keyin hududda piyodalar yo‘laklari, yashil maydonlar, servis nuqtalari va kechki yoritish tizimi yangilangan.

Payariqlik mehnat faxriysi Ahmadqul Turdiyev majmua bugungi qiyofasi bilan avvalgi yillardan ancha farq qilishini aytdi.

- Bu yerga kelgan odamlar avvalo majmuaning ma’naviy mohiyatini his qilishi kerak. Shunchaki sayr yoki suratga tushish uchun emas, Imom Buxoriy merosini anglash uchun kelishi muhim. Ayrimlar kirish yoki ba’zi xizmatlarning pulli ekanidan norozi bo‘lyapti. Lekin bunday katta hududni saqlash, obodonlashtirish va sharoitlarni yaxshilash uchun mablag‘ kerak bo‘ladi. Qolaversa, tushayotgan mablag‘lar ehtiyojmand va kam ta’minlangan insonlarga yordam berishga ham yo‘naltiriladi, - deydi u.

19 yildan buyon majmuada ishlab kelayotgan gid-ekskursovod Shuhrat Berdimuradov ham tashrif buyuruvchilar soni keskin oshganini aytdi.

- Hozir majmuada sakkiz nafar gid mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi. Ertalab soat 06:30-07:00 dan kechki 20:00 gacha ishlaymiz. Bu yerga Turkiya, Malayziya, Indoneziya, arab davlatlari va boshqa mamlakatlardan keluvchilar ko‘p. Ular nafaqat ziyorat, balki Imom Buxoriy hayoti va merosi haqida ma’lumot olishga ham qiziqadi, - deydi u.

Bir oyda 1 milliondan ortiq mehmon qabul qilayotgan markaz uchun sakkiz nafar gid nisbatan kam ekani ham ko‘zga tashlanadi. Mutaxassislar fikricha, bunday obektlarda tashrif buyuruvchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun gidlar sonini oshirish, servis xizmatlarini kengaytirish va infratuzilmani doimiy rivojlantirib borish talab etiladi.

Jahon tajribasida yirik ziyorat va tarixiy obektlarda ayrim xizmatlarning pullik bo‘lishi odatiy hol hisoblanadi. Bu orqali obidalarni saqlash, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va hudud infratuzilmasini rivojlantirish imkoniyati yaratiladi. Xususan, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Toj Mahal, Ayo Sofiya yoki Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi kabi obektlarda ham shu amaliyot qo‘llanadi. 

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Nodir Qobilovning ta’kidlashicha, ziyoratchilar Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi haqida dastlabki ma’lumotga ega bo‘lib kelishi muhim.

- Ko‘pchilik Imom Buxoriy nomini biladi, lekin u zotning ilm yo‘lidagi mashaqqatlari va hadis ilmlariga qo‘shgan hissasi haqida hamma ham to‘liq ma’lumotga ega emas. Bu yerga kelgan inson nafaqat ziyorat qilishi, balki Imom Buxoriy hayotidan ibrat olishi kerak, - deydi u.

Majmua hududidagi QR-kodlar, kitob javonlari, innovatsion muzey va hadis maktabi ham aynan shu maqsadga xizmat qilmoqda. Bu yerga kelganlar hadislar, islom tarixi va muhaddislar merosi haqida ma’lumot olish imkoniyatiga ega.

Majmuada turli joylardan kelgan mehmonlarni uchratasiz. Bir tarafda chet ellik sayyohlar suratga tushmoqda, boshqa tarafda esa nuroniylar duo qilib o‘tiribdi. Yosh ota-onalar farzandlarini yetaklab yuribdi.

Andijon viloyatidan kelgan Jo‘rabek Mamadaliyev esa majmuaga nabiralarini ham olib kelganini aytdi.

- Bolalar muqaddas joylarni ko‘rib katta bo‘lishi kerak. Meni ham otam shunday joylarga olib kelardi. Endi men ham nabiralarimni olib keldim. Avlodlarimizdan yana Imom Buxoriylar chiqsin, deb duo qilamiz, - deydi u.

Uning bu gaplari majmuaning muhim jihatlaridan birini ko‘rsatadi. Bu yer faqat ziyorat joyi emas, ma’naviy tarbiya maskani hamdir.

Masjid bir vaqtning o‘zida o‘n minglab namozxonni qabul qila oladi. Peshtoqlarda yuzlab hadislar bitilgan. Marmar fasadlar esa Turkiya, Hindiston, Gretsiya va boshqa davlatlardan keltirilgan toshlar bilan bezatilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, Imom Buxoriy majmuasi nafaqat tarixiy yodgorlik, balki ziyorat turizmi, ilm va ma’rifatni birlashtiruvchi yirik markaz sifatida ham shakllanmoqda.

 
Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid