O‘zbekiston | 16:58 / 20.11.2025
4995
3 daqiqa o‘qiladi

Uylar qurilishi 2 barobarga oshiriladi

Prezident farmoniga ko‘ra, 2040 yilga borib O‘zbekistondagi jamiki uy-joylarning 50 foizini zamonaviy uy-joylar tashkil etishi kerak. Buning uchun shaharlashuv darajasi tezlashtiriladi, ipoteka ajratish sur’ati oshiriladi, kompleks qurilish tamoyili joriy etiladi.

Foto: Kun.uz

Prezident farmoni bilan, O‘zbekistonda 2040 yilga qadar har yili qurilayotgan uy-joylar sonini ikki baravarga oshirib, 421 mingtaga olib chiqish maqsadi qo‘yildi.

Shuningdek, 2040 yilgacha ipoteka krediti portfelini 10 baravardan ortiq ko‘paytirgan holda, 56,7 mlrd AQSh dollariga yetkazish ham ko‘zda tutilmoqda.

Buning uchun quyidagilar uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • yirik aglomeratsiyalarda uy-joy fondining o‘sishi va shahar muhitini rivojlantirishni ta’minlagan holda, urbanizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash;
  • aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash va “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish ishlarini izchil davom ettirgan holda, uy-joy fondida zamonaviy uy-joylar ulushini 2040 yilga qadar 50 foizga yetkazish;
  • uy-joy bozoriga bank moliyasi va institutsional investorlar mablag‘larini, shu jumladan, ipoteka kreditidan foydalangan holda jalb etish;
  • ulushli qurilishga sarmoya kiritayotgan jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish;
  • uy-joy qurilishi sohasini “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili asosida kompleks isloh qilish va uni amalga oshirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish.

Kompleks qurilish tamoyili

Uy-joy qurilishida kompleks qurilish tamoyili joriy etiladi. Bunda:

  • qurib bitkazilmagan uy-joylar hamda sanoat hududlari birinchi navbatda qurilishga jalb etiladi;
  • ekologik toza mahsulotlar hamda energiya tejovchi texnologiyalardan foydalangan holda uy-joy massivlarining muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmasi oldindan barpo etiladi.

Kompleks qurilish tamoyili doirasida:

  • kompleks qurilish dasturlari faqat ochiq va batafsil ishlab chiqilgan rejalar asosida tayyorlanadi;
  • kompleks qurilish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish dasturlariga kiritish yoki boshqa loyihalarga jalb etish hamda ularning maqsadli yo‘nalishini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • kompleks qurilish loyihalariga kiritiladigan yer uchastkalari, ko‘chmas mulk obektlari va ularning huquq egalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar taqdim etiladi;
  • loyihalarni amalga oshirishda hududlarning kelgusidagi ijtimoiy ehtiyojlarini inobatga oluvchi kompleks yondashuvdan foydalaniladi;
  • ko‘chmas mulk obekti egasining u joylashgan yer uchastkasiga ijara yoki mulk huquqida egalik qilish bo‘yicha mutlaq huquqi kafolatlanadi.

Mavzuga oid