O‘zbekiston | 12:12 / 29.01.2019
10452
10 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi Yagona g‘azna hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqarish takomillashtiriladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Yagona G‘azna hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqarish jarayonini takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Yagona g‘azna hisobvarag‘idagi vaqtincha bo‘sh mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish bo‘yicha yagona organ etib belgilanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Yagona g‘azna hisobvarag‘idagi vaqtincha bo‘sh mablag‘larni joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

ilgari joylashtirilgan vaqtincha bo‘sh mablag‘lar depozit muddati tugaguniga qadar tijorat banklarining depozit xisobvaraqlarida saqlanadi va depozit shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytariladi;

budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar, shu jumladan g‘azna ijrosi bilan qamrab olingan budjetdan tashqari jamg‘armalar vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligiga buyurtmalar taqdim etish yo‘li bilan joylashtiradilar.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Yagona G‘azna hisobvarag‘idagi vaqtincha bo‘sh mablag‘larni joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Moliya vazirligi G‘aznachiligi va Markaziy bank o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan Markaziy bank Moliya vazirligining YaG‘Hdagi mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish bo‘yicha fiskal agent vazifasini amalga oshiradi.

YaG‘Hdagi mablag‘larni depozitlarga jalb qilish maqsadida, tijorat banklari G‘aznachilik bilan umumiy talablarni va mablag‘larni depozitlarga joylashtirish tartibini belgilovchi Bosh shartnoma tuzadi. YaG‘Hdagi mablag‘larning hisobini yuritilishi, o‘z vaqtida qaytarilishi va foizlarning hisoblanishini nazorat qilishni tashkil etish maqsadida G‘aznachilik tomonidan “To‘lovlar markazi” dasturiy mahsulotidan foydalaniladi.

YaG‘Hdagi bo‘sh mablag‘lar tijorat banklari depozitlariga G‘aznachilikning buyurtmasi asosida Markaziy bank tomonidan joylashtiradi. G‘azna ijrosi bilan qamrab olingan Davlat maqsadli jamg‘armalari va boshqa maqsadli jamg‘armalar (DMJ va BMJ) shuningdek budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning o‘z vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga G‘aznachilikka buyurtmalar taqdim etish yo‘li bilan joylashtiradilar. Hududiy G‘aznachilik bo‘linmalari budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning vaqtincha bo‘sh mablag‘larni joylashtirish bo‘yicha buyurtmalarini ichki elektron kanallar orqali yuboradilar.

YaG‘Hdagi mablag‘larni joylashtirish Markaziy bank tomonidan qaytaruvchanlik, to‘lov qobiliyati, likvidlilik va diversifikatsiya tamoyili asosida O‘zRVB tomonidan o‘rnatilgan birja savdolari qoidalariga muvofiq holda savdo tizimi orqali amalga oshiriladi. Markaziy bank bitta tijorat banki tomonidan depozitga jalb etilishi mumkin bo‘lgan mablag‘ hajmining limitini o‘rnatishga haqlidir.

YaG‘Hdagi mablag‘larni jalb etuvchi tijorat banklari quyidagi talablarga mos bo‘lishlari lozim:

YaG‘Hdan jalb qilingan mablag‘larni miqdoridan qat'iy nazar oxirgi 12 oy davomida joylashtirilgan depozitlar bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan to‘lovlarning mavjud emasligi;

YaG‘Hdagi mablag‘larni jalb etish paytida Markaziy bank tomonidan alohida operatsiyalarni amalga oshirish yoki bank faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha qo‘llanilgan sanksiyalarning mavjud emasligi;

«Standard & Poor’s» va «Fitch Ratings» xalqaro reyting agentliklarining «V» darajasidan past bo‘lmagan, shuningdek «Moody’s» agentligining «V2» darajasidan past bo‘lmagan uzoq muddatli kredit reytingining mavjudligi;

YaG‘Hdan joylashtiriladigan mablag‘larning xajmi bank depozit portfelining 10 foizidan oshmasligi kerak;

umumiy kapitali miqdori 200 mlrd so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak;

majburiy rezerv normativlari talablarini to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi.

G‘aznachilik xar chorak birinchi oyining 20 sanasiga qadar depozitlarga joylashtirilishi rejalashtirilayotgan mablag‘lar hajmi, muddati va minimal foiz stavkasini aniqlab Markaziy bank bilan kelishganidan so‘ng, YaG‘Hdagi mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish bo‘yicha yagona buyurtmani Markaziy bankka taqdim etadi.

G‘aznachilik Makaziy bank bilan kelishgan xolda YaG‘Hdagi bo‘sh mablag‘laridan kelib chiqib, chorak davomida mablag‘larni joylashtirish hajmiga o‘zgartirish kiritishga haqli. Markaziy bank tijorat banklarida pul massasi likvidliligi oshib ketish xatari mavjud bo‘lganda barcha mablag‘larni yoki bir qismini joylashtirishni rad etishga haqli.

G‘aznachilikning buyurtmasiga asosan YaG‘Hdagi mablag‘larni depozitlarga joylashtirish parametrlari to‘g‘risida e'lon Markaziy bank va O‘zRVBning rasmiy veb-saytlarida YaG‘Hdagi mablag‘larni depozitlarga joylashtirish sanasigacha uch ish kunidan kechiktirmay joylashtiriladi.

Markaziy bank mablag‘larni depozitlarga joylashtirish kunida YaG‘Hdagi mablag‘larni depozitlarga joylashtirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha buyurtmani savdo tizimiga joylashtiradi.

Tijorat banklari depozitlarga mablag‘ jalb etish uchun buyurtmalarni mablag‘ xajmi va jalb qilish foiz stavkasini ko‘rsatgan xolda savdo tizimiga joylashtiradi.

Tijorat banklarining buyurtmalari foiz stavkalarning pasayishi tartibida qanoatlantiriladi, ya'ni tijorat banklari taklif etgan eng yuqori foiz stavkasidan boshlab eng past foiz stavkasigacha. Savdo tizimida bir xil foiz stavkasida bir nechta buyurtmanomalar mavjud bo‘lsa, birinchi navbatda tizimga vaqt bo‘yicha kech kiritilgan buyurtmanomadan oldinroq kiritilgan buyurtmanoma birinchi navbatda qondiriladi. Bunda, oxirgi buyurtmanoma qisman qanoatlantirilishi mumkin. Buyurtmalarni kiritish vaqti bir xil bo‘lgan hollarda ushbu buyurtmalar proporsional ulushlarda qanoatlantiriladi. E'lon qilingan YaG‘Hdagi mablag‘lar xajmi to‘liq hajmda joylashtirilmagan hollarda, joylashtirilmagan qismi keyingi savdo sessiyalarida joylashtiriladi.

YaG‘H mablag‘larini joylashtirish bo‘yicha bitimi amalga oshgandan so‘ng, savdo tizimi bitimni ro‘yxatdan o‘tkazilib unga ro‘yxat raqami berilib, bitim amalga oshganligini tasdiqlovchi va depozitga joylashtirish uchun o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishga asos bo‘lib xizmat qiluvchi birja guvohnomasini Markaziy bank va tijorat banklariga taqdim etadi.

Depozit operatsiyalari yakunlangandan so‘ng, Markaziy bank birja guvohnomasi va tuzilgan bitimlar bo‘yicha yig‘ma ma'lumotni G‘aznachilikka yuboradi.

G‘aznachilik tomonidan YaG‘Hdagi mablag‘larni joylashtirish bo‘yicha depozit operatsiyalari amalga oshirilgandan so‘ng keyingi ish kunidan kechiktirmasdan birja guvohnomalari asosida YaG‘Hdagi mablag‘larni tegishli g‘azna shaxsiy hisobraqamlaridan tijorat banklarining depozit hisobraqamlariga ko‘chirib beriladi.

YaG‘Hdagi tijorat banklari tomonidan jalb qilingan mablag‘lar bo‘yicha foiz to‘lovlari depozitga mablag‘ ko‘chirilgan kundan boshlab mablag‘ni qaytarish kuniga qadar (bunda mablag‘larni qaytarish kuni hisobga olinmaydi) yillik 365 kalendar kunidan kelib chiqib hisoblanadi. Zarurat bo‘lganda, G‘aznachilik tijorat banklarining depozitlariga joylashtirilgan mablag‘larni muddatidan avval qaytarilishini talab qilishi mumkin. Muddatidan avval qaytarish shartlari G‘aznachilik bilan tijorat banklari o‘rtasidagi Bosh shartnomada belgilanadi.

Tijorat banklari depozitlariga joylashtirilgan mablag‘lar, shu jumladan, foizlar o‘z vaqtida qaytarilmagan taqdirda G‘aznachilik Bosh shartnomada belgilangan tartibda qarzdorlikni undiradi va har bir kechiktirilgan kun uchun muddati o‘tkazib yuborilgan qarz summasining 0,033 foizi miqdorida penya hisoblaydi. Penya hisobiga kelib tushgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maxsus jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

YaG‘Hdagi vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar quyidagi tartibda taqsimlanadi:

yetmish foizi - O‘zbekiston Respublikasi prezidenti ma'muriyati faoliyatiga ko‘maklashish maxsus jamg‘armasiga;

yigirma foizi - O‘zbekiston Respublikasi moliya tizimini ijtimoiy rivojlantirish va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasiga;

o‘n foizi - O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti daromadiga.

DMJ va BMJ, shuningdek budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar, quyidagi tartibda taqsimlanadi:

to‘qson foizi - DMJ va BMJ, shuningdek budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning tegishli daromadiga;

o‘n foizi - O‘zbekiston Respublikasi moliya tizimini ijtimoiy rivojlantirish va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasiga.

Tijorat banklari depozitlariga joylashtirilgan vaqtincha bo‘sh mablag‘lardan olingan daromadlardan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Foiz sifatida olingan daromadlarni soliqqa tortish O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Mavzuga oid