Jahon | 18:38 / 04.07.2025
13914
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning yozgi yurishi: Ukrainadagi vaziyat bir oy ichida qanday o‘zgardi?

Iyunda Rossiya armiyasi Ukraina frontining bir qancha uchastkalarida ilgarilash tezligini oshirdi, katta yo‘qotishlarsiz katta hududlar egallab olindi.

Foto: EPA

Yozgi yurish boshlanganidan buyon Rossiya qo‘shini Ukrainaning 500 km kv.dan ortiq hududini egallab oldi – bu 2025 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Guvohlarning xabarlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi moto va kvadrosikllarda kam sonli guruhlar bilan hujum qilishni afzal ko‘rmoqda va zirhli texnikadan foydalanishni tobora kamaytirmoqda.

Ukrainlarning DeepState harbiy-tahliliy proyektiga ko‘ra, Rossiya armiyasi ayniqsa Novopavlovsk, Pokrovsk va Sumi yo‘nalishda tezroq ilgarilamoqda. Iyun oyida egallab olingan hududlarning to‘rtdan uch qismi mazkur regionlarga to‘g‘ri keladi.

Frontdagi hozirgi vaziyat – BBC’ning navbatdagi obzorida.

Novopavlovka yo‘nalishi

Bu uchastka Ukraina qurolli kuchlarining Dnipropetrovsk oblastidagi yirik logistika punkti nomiga atalgan. Novopavlovka Ukraina qurolli kuchlari uchun muhim bo‘lgan yana bir aholi yashash manzili – Mejyevaya posyolkasini to‘sib turadi. Bu nuqta orqali Donetsk g‘arbidagi Pokrovsk va Mirnogradni himoya qilayotgan ukrain qismlariga ta’minot yetkazib beriladi. Bu yo‘nalishda ular Donetsk oblastining Kiyev nazorati ostida qolayotgan so‘nggi shaharlaridir.

Bu hududdagi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari uchun og‘irligicha qolmoqda. Iyun oyi mobaynida Rossiyadagi pabliklar bir necha bor Rossiya qo‘shini Dnipropetrovsk oblasti hududiga kirgani haqida xabar tarqatdi. Shu kunlarda ikki oblast chegarasidagi Dachnoye qishlog‘ida olingan navbatdagi video paydo bo‘ldi, unda rossiyalik harbiylar blindajlarni egallab, bayroqlarini ko‘targani aks etgan.

Qishloq boy berilgani va rossiyaliklar Dnipropetrovsk oblasti ichkarisiga yana yarim kilometr ichkariga suqilib kirganini «Muchnoy» chaqiruv belgisiga ega ukrainalik harbiy tasdiqlagan. U «Novopavlovka va Mejyeva mudofaasiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish»ni, shuningdek, yuzaga kelayotgan «cho‘ntak» hududdan qo‘shinlarni olib chiqishni taklif qilgan, chunki Dachnoye egallangach, hududni g‘arbdan o‘rab olish xavfi tug‘iladi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Dachnoye dushman qo‘liga o‘tganini tasdiqlamagan, Ukrainadagi boshqa manbalar esa rossiyaliklarning Dnipropetrovsk oblasti hududiga kirishi qisqa muddatli va propaganda xarakteriga egaligini aytmoqda.

Ammo Rossiya qo‘shinlari Dnepropetrovsk viloyati hududiga kirgan-kirmagani – unchalik muhim emas. Harbiy vaziyat nuqtayi nazaridan boshqa narsa muhim – xaritada Rossiya qo‘shinlari Ukraina mudofaasiga ancha chuqur kirib borgani va qurshab olish xavfi haqiqatan ham mavjudligini ko‘rish mumkin.

Ukrainalik harbiy sharhlovchi Konstantin Mashovets Novopavlovsk yo‘nalishini tahdidli deb atagan.

«Shubhasiz, hozirda Ukraina qo‘shinlari bu yerda juda og‘ir mag‘lubiyatga uchramoqda, hech bo‘lmaganda taktik miqyosda. Bu operativ-taktik mag‘lubiyatga aylanishi ehtimoli ham yuqori.

Amalda Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblastidagi Volchya daryosidan janubdagi butun mudofaa tizimi barbod bo‘ldi. Dushman ushbu yo‘nalishda Ukraina qurolli kuchlari qismlari va tuzilmalarining jangovar tartiblariga chuqur va ishonchli kirib bordi, yetarlicha yuqori sur’atda (sutkasiga 10-12 kv. km.gacha) oldinga siljimoqda. Ukraina qurolli kuchlarining bu yo‘nalishda harakat qilayotgan kuchlari va vositalari hozircha dushmanning bu yorib o‘tishini to‘xtata olmaydi», – deb yozadi ukrainalik ekspert.

Pokrovsk va Toretsk yo‘nalishlari

Pokrovskdan janubga va janubi-g‘arbga siljish bilan bir qatorda, Rossiya qo‘shinlari boshqa qanotda – shaharning shimoli-sharqida Mirniy hududida va Razino, Koptevo va Vladimirovka yo‘nalishida, shuningdek, sharqda Promin va Mirolyubovka hududida va Mirnograd yo‘nalishida ko‘plab hujumlarni davom ettirmoqda.

Ba’zi joylarda ular Ukraina mudofaasini asta-sekin yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lmoqda, ba’zi joylarda ukrainlar qarshi hujumlarga o‘tmoqda. 29 iyun kuni olingan geolokatsiya tasvirlarida Ukraina qo‘shinlari Mirolyubovkaning janubiy qismida, Pokrovskdan sharqda biroz oldinga siljishga muvaffaq bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Ammo umuman olganda, mudofaadagilar uchun vaziyat og‘irligicha qolmoqda, Pokrovsk va Mirnograd aslida yarim halqa ichida.

Pokrovsk yo‘nalishida harakatlanayotgan Ukraina brigadasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bo‘linmalari ko‘pincha skuterlarda, faqat ayrim hollarda og‘ir zirhli texnikalar qo‘llovida kichik piyoda shturm guruhlaridan foydalanishda davom etmoqda. Hujumlar ko‘pincha tunda amalga oshiriladi. Rossiya qo‘shinlari dronlarda son jihatdan ustunlikka ega, deydi Ukraina qurolli kuchlari vakili.

Toretsk hududida ham shiddatli janglar davom etmoqda. Rossiya qo‘shini shaharning o‘zida ham, undan shimol, shimoli-g‘arb va janubi-g‘arbda ham hujumlarni davom ettirmoqda. So‘nggi kunlarda ular Dilevka qishlog‘idan shimolda biroz ilgarilagan, Ukraina qurolli kuchlari shimoli-g‘arbdagi Stepanovka hududida qarshi hujumga o‘tgan.

Toretskni va undan shimoldagi Chasiv Yarni egallash Rossiya uchun kelgusida Konstantinovka yo‘nalishida, yanada keyinroq – Kramatorsk va Slovyansk tomon harakatlanish uchun eshik ochishi mumkin.

Ammo rossiyalik harbiylar anchadan buyon Toretskni ham, Chasiv Yarni ham egallash vazifasini bajara olmayapti.

Sumi, Xarkiv va Kupyansk yo‘nalishlari

Donetsk g‘arbidagi vaziyatdan farqli o‘laroq, Ukraina qo‘shinlarining Sumi va Kursk oblastlari chegarasidagi pozitsiyasi nisbatan barqaror bo‘lib qolmoqda, lekin u yerda ham janglar to‘xtamayapti.

Iyun oyi oxiri – iyul oyi boshida Ukraina qurolli kuchlari Yunakovka qishlog‘i yaqinida va yana bir qancha uchastkalarda hujum qilayotgan Rossiya qismlarini ortga qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘z navbatida, Rossiya armiyasi Ukraina qo‘shinlari bir necha hafta davomida shturm qilgan Kursk oblastining Tyotkino qishlog‘i hududiga qo‘shimcha kuchlarni tashlab, ularni ortga qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

Bugungi kunda Rossiya qo‘shinlarining ham, Ukraina qo‘shinlarining ham frontning ushbu uchastkasidagi oldinga siljishi atigi yuzlab metrlarda o‘lchanadi.

Rossiya bo‘linmalarining biroz faollashuvi Xarkiv oblasti shimolidagi Vovchansk hududida ham qayd etilgan, ushbu shahar uchun janglar bir yildan ko‘proq vaqtdan beri davom etmoqda. Rossiya shahar ichida bir necha yuz metr oldinga siljigani aytilmoqda, ammo bu hududlar vaqti-vaqti bilan qo‘ldan qo‘lga o‘tib turadi.

Xarkiv oblastining boshqa bir hududi – shimoli-sharqdagi Kupyansk yo‘nalishidagi vaziyat esa jiddiyroq. U yerda Rossiya qo‘shinlari Ukraina qurolli kuchlarining asosiy tayanchi bo‘lgan Kupyansk shimolidagi Kondrashovkada tashkil etilgan platsdarmni kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi.

Shuningdek, Kupyanskdan shimoli-sharqda, sharqda va janubi-sharqda, shimolroqda – Rossiya va Ukraina chegarasi yaqinida Rossiya hujumlari kuchaygani aytilmoqda.

Hujum harakatlari Kupyanskdan janubda Oskol daryosi bo‘ylab Borovaya qishlog‘i tomon ham davom etmoqda.

Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlariga va frontning boshqa uchastkalariga bosim o‘tkazmoqda. Donetsk oblastining Seversk va Liman yo‘nalishlarida shiddatli janglar davom etmoqda. Rossiya qo‘shinlari Zaporijjya oblastining Orixiv shahridan janubi-g‘arbda va Gulyaypole hududida ham faollashdi.

Garchi bu yo‘nalishlarda sezilarli siljish bo‘lmasa-da, vaziyat istalgan paytda o‘zgarishi mumkin.

Mavzuga oid