Jamiyat | 15:09 / 24.05.2022
101067
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda maktab o‘quvchisi «Jiguli»da tengdoshini bosib ketdi

Foto: Videodan skrinshot

Namanganda 14 yoshli maktab o‘quvchisi tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi boshqa bir o‘quvchining o‘limiga sabab bo‘ldi. IIV YHXX axborot xizmati ijtimoiy tarmoqda tarqalgan, Kosonsoy tumanida voyaga yetmagan bola ishtirokida sodir bo‘lgan YTH yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 20 may kuni soat 14:45 larda Kosonsoy tumani «Kushon» MFY, Hurriyat ko‘chasida 14 yoshli bola (tumandagi 5-sonli maktabning 7-sinf o‘quvchisi) «VAZ-2106» rusumli avtomobilda harakatlanayotib, boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘lning o‘ng chetida ketayotgan piyoda X.B.ni (2008 yilda tug‘ilgan) urib yuborgan.

Avariya oqibatida piyoda X.B. og‘ir tan jarohatlari olgani sabab shifoxonada vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Kosonsoy tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Jiguli» rulida bo‘lgan bola «birovning mashinasini boshqargani, oyog‘idagi bosonojka gazga tiqilib qolgani va tormoz o‘rniga yana gazni bosib yuborgani» haqida aytgan.

«Barcha ota-onalardan voyaga yetmagan hamda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan farzandlariga avtomobil boshqarishga ruxsat bermasliklarini so‘raymiz», deyiladi YHXX xabarida.

Mavzuga oid