O‘zbekiston | 12:39 / 27.08.2019
8727
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida meva-sabzavotchilik klasteri tashkil etiladi

Foto: Uz24

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida meva-sabzavotchilik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida “Agriculture Support Eksport” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotishga ixtisoslashtirilgan namunaviy meva-sabzavotchilik klasterini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin. Bunda:

“Agriculture Support Eksport” MChJga ajratilgan 1,4 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonidan samarali va unumli foydalanish, ushbu maydonlarga mos eksportbop ekinlarni joylashtirish, g‘o‘za maydonlarini bosqichma-bosqich qisqartirish hisobiga 2021 yilga qadar ularning o‘rniga to‘lig‘icha sabzavot ekinlarini joylashtirish va intensiv bog‘larni yaratish;

meva-sabzavotchilik sohasida klaster tizimini joriy qilish, meva-sabzavot yetishtirishda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish maqsadida xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;

respublikaning tuproq va iqlim sharoitini hamda jahon bozori konyukturasini hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarining seleksiyasi va urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish;

meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotish jarayonini to‘liq qamrab oluvchi tizimni yaratish orqali mahsulot sifati jahon standartlariga mos eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish;

meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan ishlab chiqarish korxonalarini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirib borish;

meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va chuqur qayta ishlashda mahalliy va jahon ilm-fani va amaliyotining eng yaxshi yutuqlaridan samarali foydalangan holda resurs tejaydigan texnologiya va usullardan foydalanish hamda fitosanitariya qoidalariga rioya qilish tavsiya etiladi.

“Agriculture Support Export” MChJ tomonidan 2019-2021 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining prognoz parametrlari ma'qullanadi.

Belgilanishicha, meva-sabzavotchilik klasteri tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilmaganda, ajratilgan yer uchastkalaridan oqilona foydalanilmaganda yoxud tuproq unumdorligining pasayishiga, kimyoviy va radioaktiv ifloslanishiga, atrof muhitning buzilishiga, respublika hududida karantin obektlarining paydo bo‘lishiga va tarqalishiga olib keluvchi usullardan foydalanilganda yer uchastkasining ijara shartnomasi qonun hujjatlari talablariga muvofiq bekor qilinadi.

Toshkent viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:

“Agriculture Support Export” MChJga ajratilgan yer maydonlaridan samarali va unumli foydalanishini, ushbu maydonlarga mahsulot sifati jahon standartlariga mos eksportbop meva-sabzavot ekinlarini joylashtirilishi va ekilishini nazorat qilib boradi.

Shuningdek, “Agriculture Support Export” MChJga O‘zbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reyestriga kiritilgan meva va sabzavot ekinlarining birlamchi urug‘chiligini tashkil etish va rivojlantirish, urug‘liklarni tayyorlash va foydalanish uchun tuproq unumdorligi yuqori va suv ta'minoti yaxshi bo‘lgan 100 gektar ekin maydoni ajratilishini ta'minlaydi.

“Agriculture Support Eksport” MChJ Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qabul qilish, tozalash, saralash, quritish hamda qayta ishlash quvvatlarini 2021 yilga qadar to‘liq ishga tushirilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid