Jamiyat | 12:50 / 16.06.2021
39922
4 daqiqa o‘qiladi

XDP deputatlari: Radarlarga tushayotgan yuz minglab yurtdoshlarimiz asossiz ravishda jarima to‘lab yurgan bo‘lishi mumkin

Foto: Xalq demokratik partiyasi

Radarlar o‘rnatilgan ayrim hududlarda qonunchilikka amal qilinmayotgani, zarur yo‘l belgilari o‘rnatilmagani kabi kamchiliklar, asossiz jarimalarning qo‘llanilayotgani jamoatchilikning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Masalani tahliliy o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining bir guruh deputatlari joylardagi vaziyatni o‘rgandi. Chindan ham vaziyat jiddiy.   

2018 yil davomida foto va video maxsus vositalar orqali 621 355 ta qoidabuzarliklar bo‘yicha jami 208,4 mlrd so‘mlik jarimalar belgilangan bo‘lsa, 2019 yilda 1 227 844 ta holatda 481,8 mlrd so‘mlik, 2020 yilda esa 1 763 691 ta holatda 724,6 mlrd so‘mlik jarimalar qo‘llanilgan. Bu 2018 yilga nisbatan aholi tomonidan to‘langan jarima summasi miqdori keskin oshganini ko‘rsatadi.

E'tibor bering, takror va takror radarga tushgan haydovchi “belni bukib yuboradigan” jarimalardan cho‘chib, keyingi safar qoidani buzmaslikka harakat qiladi. Ammo haydovchini chalg‘itish maqsadida radar va kamera vositalarining qonunga zid tarzda “pana-pastqam” joylarga o‘rnatilishi, oqibatda jarimalarning yozilishi yurtdoshlarimiz hamyoniga og‘ir yuk bo‘lib tushayotganini hammamiz ko‘rib, bilib turibmiz.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi taqdim etgan ma'lumotlar tahlili ham shuni ko‘rsatmoqdaki, transport vositalari haydovchilarining foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun rasmiylashtirilgan ma'muriy qarorlardan norozi bo‘lib sudga shikoyat qilish holatlari ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

E'tiborli jihati, murojaat qilganlarning aksariyatini shikoyati sud tomonidan qanoatlantirilgan. Xususan, 2020 yil davomida 19 134 ta shu soha bo‘yicha sudlarda ko‘rilgan ishlarning 89,2 foizi, ya'ni 17073 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 5778 ta ish bo‘yicha ishni yuritishni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. 2021 yilning  birinchi choragida jami 3481 ta ko‘rilgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlardan 2 612 tasi yoxud 75 foiz ishlar qanoatlantirilgan. Demak, ko‘rilgan ishlarning 75-80 foizida haydovchilar haq bo‘lib chiqyapti.

Bundan ko‘rinadiki, yo‘llarda o‘rnatilgan foto va video moslamalarining aksariyati qonunga yoki qoidalarga xilof tarzda ishlatilmoqda. Natijada radarlarga tushayotgan minglab, yuz minglab yurtdoshlarimiz asossiz ravishda jarima to‘lab yurgan bo‘lishi mumkin. Bu holat tirikchilik ilinjida yurtimizning u burchagidan bu burchagiga qatnayotgan vatandoshlarimizning daromadlaridan mahrum qilib, ijtimoiy muammolarning ortishiga sabab bo‘layotgani fakt.

Shunday ekan, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi noqonuniy amaliyotlarga chek qo‘yish vaqti keldi, deb hisoblaydi. Qonunga zid ravishda fuqarolarni jarimaga tortish, ularning huquq va manfaatlariga daxl qilish jahon hamjamiyatida demokratik qadriyatlarni hurmat qiluvchi mamlakat sifatida mustahkam o‘rin olayotgan respublikamiz obro‘siga to‘g‘ri kelmaydi. Yuqoridagi fakt va raqamlar ham har qanday kishini tashvishga solmay qo‘ymaydi. Bu xavotirli holat.

Bugun sohani qonunosti hujjatlari bilan emas, balki qonun hujjatlari bilan yo‘lga solish vaqti keldi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlari fuqarolarning e'tirozlariga sabab bo‘layotgan yuqoridagi holatlarni partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasida tegishli idoralarning mutasaddilari ishtirokida muhokama qilishni rejalashtirgan.

Fraksiya yig‘ilishiga ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar ham taklif etiladi va o‘tkazilish sanasi haqida qo‘shimcha ma'lumot beriladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati 

Mavzuga oid