Ta’lim | 20:42 / 16.08.2025
15782
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida kontrakt narxi 15 foizga oshirildi

Stipendiyasiz kontrakt 1-2-kurslar uchun 33 mln 750 ming so‘m, 3-4-kurslar uchun 27 mln 301 ming so‘m deb belgilandi. Magistratura talabalari 34 mln 560 ming so‘m to‘lab o‘qishi mumkin. Agar talaba stipendiya olishni istasa, kontrakt qiymati 20-25 foizga oshadi.

Foto: Kun.uz

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kuzatuv kengashining qaroriga asosan, bitta talaba uchun kontrakt narxi 15 foizga oshirildi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, OTMning bakalavriatida tahsil oladigan 1-2-kurs talabalari uchun stipendiyasiz kontrakt summasi – 33 million 750 ming so‘m, stipendiyali kontrakt narxi esa 40 million 586 ming so‘m. 3-4-kurs talabalari uchun esa stipendiya olmasdan kontrakt to‘lash summasi 27 million 301 ming so‘m, stipendiyali kontrakt miqdori 34 million 137 ming so‘m etib belgilandi.

O‘zbekistonda doimiy yashash hujjatiga ega bo‘lgan, universitetning bakalavriatida tahsil oladigan xorijiy talabalar 38 million 400 ming so‘m, viza bilan kelgan xorijiy talabalar esa 44 million 800 ming so‘m to‘laydi.

Magistratura talabalari uchun kontrakt narxi 34 million 560 ming so‘m, agar har oyda stipendiya olgan holda tahsil olmoqchi bo‘lsa, 41 million 396 ming so‘m etib belgilandi.

“Universitetning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash va ta’lim sifatini yuqori darajada saqlab turish maqsadida kechki, sirtqi va masofaviy ta’lim shakllari yo‘lga qo‘yilmagani sababli universitetning moliyaviy barqarorligining katta qismi kunduzgi ta’lim shakli to‘lov-kontrakt hisobidan amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid