O‘zbekiston | 07:39 / 28.09.2022
11512
3 daqiqa o‘qiladi

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimida dual ta’lim tashkil etiladi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Oliy ta’lim vazirligi hamda Bandlik vazirligining 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi:

  • dual ta’lim maqsad va vazifalarini;
  • dual ta’limni tashkil etish va uning bosqichlarini;
  • dual ta’limni tashkil etish tartibini;
  • dual ta’lim ishtirokchilari vazifalari, huquq va majburiyatlarini belgilash.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar:

a) har yili 1 aprelga qadar:

iqtisodiyot tarmoqlarida tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganib, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligiga takliflarni taqdim etadi; 

dual ta’lim tashkil etiladigan tashkilotlar bo‘yicha Oliy ta’lim vazirligiga takliflar kiritadi;

b) dual ta’lim tizimini tashkil etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni belgilaydi.

Oliy ta’lim vazirligi, tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar:

  • har yili tasdiqlangan chora-tadbirlar asosida talabalarni dual ta’lim dasturlari asosida o‘qishga jalb etish ishlarini tashkil etadi;
  • dual ta’lim tashkil etiladigan tashkilot va oliy ta’lim muassasasida ta’lim jarayonini tashkil etish yuzasidan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishini hamda kelishilgan o‘quv rejasi va o‘quv jarayoni jadvali tasdiqlanishini ta’minlaydi;
  • talabalarni belgilangan muddatlarda oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayonlarida ishtirok etishlarini va tegishli tashkilotlarda amaliy mashg‘ulotlar bilan birga mehnat faoliyati olib borishlarini ta’minlaydi;
  • oliy ta’lim muassasalarida dual ta’lim jarayoni tashkil etilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatadi.

Oliy ta’lim vazirligi har yili 1 mayga qadar tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda dual ta’lim tashkil etiladigan oliy ta’lim yo‘nalishlari va muassasalarini belgilaydi.

Dual ta’lim bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga talabalarni o‘qishga qabul qilish parametrlari Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning takliflari asosida tasdiqlanadi.

Mavzuga oid