Ta’lim | 20:42 / 01.07.2025
1959
2 daqiqa o‘qiladi

«Maktab-texnikum-universitet» tamoyili asosida kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi

Ushbu tajriba-sinov doirasida Yunusobod tumani 250- va 273-sonli umumta’lim maktablari Toshkent arxitektura-qurilish universitetiga biriktiriladi.

Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

«Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyatida ta’lim tizimi samaradorligini oshirish va ilmiy tadqiqotlarning amaliyot bilan integratsiyasini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, universitet faoliyatida erishiladigan asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

  • dual ta’lim shaklini to‘liq joriy qilish orqali ta’lim jarayonlarining amaliyot bilan integratsiyasini ta’minlash;
  • ilmiy salohiyatni eksport qilish doirasida 2028 yil yakunigacha universitet brendini shakllantirib, xorijiy davlatlardan kamida 1 000 nafar talabani jalb qilish.

2025/2026 o‘quv yilidan Toshkent arxitektura-qurilish universitetida o‘qitishning dual ta’lim shakli joriy etiladi.

Dual ta’lim dasturi kredit-modul tamoyili asosida quyidagilarda o‘tkaziladi:

  • 1-kurs talabalari uchun – ta’lim dasturlarining 60 foizi (nazariy qismlari) auditoriyalarda, 40 foizi (amaliyot qismi) qurilish sanoati korxonalarida;
  • 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun – ta’lim dasturlarining 40 foizi (nazariy qismlari) auditoriyalarda, 60 foizi (amaliyot qismi) qurilish sanoati korxonalarida.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan tegishli ta’lim dasturlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulot va laboratoriya ishlarining kamida 25 foizi xorijiy professor, xalqaro sertifikatga ega professional mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladi.

2025 yil 1 sentabrdan tajriba-sinov tariqasida “maktab – texnikum (litsey) – universitet” tamoyili asosida kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda Toshkent shahri Yunusobod tumani 250- va 273-sonli umumta’lim maktablari universitetga biriktiriladi va universitet:

  • har oyda 1 marotaba 7–9-sinf o‘quvchilarini ularning qiziqishlari doirasida belgilangan sohalarga oid mavzularni universitet laboratoriyalarida darsdan tashqari mashg‘ulot sifatida o‘qitadi;
  • o‘quvchilarning universitet laboratoriyalariga xavfsiz borib kelishlarini ta’minlaydi.
Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid