Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kelajak shakli: Xitoyda 2026 yilda bitadigan 12 yirik loyiha
Dunyodagi me’morchilikka bag‘ishlangan yetakchi onlayn-jurnal - Dezeen jurnalistlari Xitoyda shu yil yakunlanishi kutilayotgan eng kutilgan 12 ta me’moriy loyiha ro‘yxatini e’lon qildi. E’tibor berishga arziydigan obektlar orasida - Shenchjendagi ikki yirik Xitoy kompaniyasining shtab-kvartiralari, sobiq farfor zavodi o‘rnidagi mehmonxonalar, shuningdek muzey ham bor.
Foto: Zaha Hadid Architecs
OPPO kompaniyasi shtab-kvartirasi — Xitoyning yetakchi smartfon ishlab chiqaruvchilaridan biri — o‘zaro bog‘langan to‘rtta minoradan tashkil topadi, ularning eng balandi 200 metrga yetadi. Britaniyaning Zaha Hadid Architecs byurosi loyihasi minoralarni pastga tomon torayadigan, silliq va shisha shakllari orqali birlashtiradi — bu inshootga dinamika va yengillik tuyg‘usini beradi. Ichki qismida katta atriumlar joylashadi, ularni yorug‘likka to‘lgan ochiq rejali ofislar o‘rab turadi. Me’morlar bu orqali kompaniyaning “bog‘liqlik (connectivity) g‘oyasiga sodiqligi”ni ta’kidlashni maqsad qilgan.
Pekindagi MAD Architecs studiyasi bu yil Chjetszyan provinsiyasidagi Anszi shahrida Madaniyat va san’at markazini yakunlaydi — u san’at va madaniy tadbirlar uchun mo‘ljallangan oltita maydondan iborat majmua. Kompleksning obrazini osma tomlar shakllantiradi — ular sochilib yotgan bambuk barglarini eslatadi. Me’morlarning aytishicha, binolarning silliq konturlari atrofdagi chay plantatsiyalarining rel’yefi bilan uyg‘unlashadi.

Shanxay Grand opera teatri — Norvegiyaning Snøhetta byurosi tomonidan loyihalangan yirik madaniy obekt — xalqaro tanlovda g‘olib bo‘lganidan to‘qqiz yil o‘tib, omma uchun eshiklarini ochadi. Binoning asosiy xususiyati — yergacha tushib keladigan vinsimon tom bo‘lib, u ta’sirchan spiral zinapoyaga aylanadi. Mualliflar g‘oyasiga ko‘ra, shakl ochilayotgan yelpig‘ichni eslatadi. Tom qoplamasi qirg‘oqbo‘yi maydoni bilan tutashadi va ham jamoat makoni, ham katta tadbirlar uchun sahna vazifasini o‘tashi mumkin.

Xitoyning Neri&Hu studiyasi Tszindechjendagi sobiq farfor zavodi hududida ikkita yangi mehmonxonani loyihaladi. Har ikkisi ham sakkiz qavatli binodir va ko‘tarilgan maydon (platforma) ustida joylashadi. Cherepitsali tom eski zavod siluyetiga ishora qiladi, kompleks bezagida esa qizil beton, qizil keramika va qizil g‘isht qo‘llanadi.

Ko‘p funksiyali Xinhu Hangzhou Prism majmuasi ikkita qiya fasad va chiqib turgan kubsimon balkonlardan hosil bo‘lgan asimmetrik shakli bilan ajralib turadi. Niderlandiyaning OMA byurosi rejasiga ko‘ra, bino “osmonga intilgan cho‘qqi”ni eslatishi kerak. Konsepsiya qadimiy xitoy maqoliga ilhomlangan: “Yuqorida — osmon, pastda — Suchjou va Xanchjou”. Fasadlar asosida ommaga ochiq “bog‘-atrium”ga olib kiradigan katta joy ko‘zda tutilgan.

Weilong New Residence turar joy majmuasi qishloq jamoatlarini ko‘chirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, aholi turmush sifatini oshirishni maqsad qiladi. Xanchjoudagi Line+ studiyasi loyihasi “mustahkamlangan qishloq” konsepsiyasidan ilhomlangan — bu Janubiy Xitoyga xos, bir necha avlodning jamoaviy yashash tizimidir. Kompleksda uy-joydan tashqari ta’lim, madaniy va tijorat funksiyalari ham nazarda tutilgan.
Shveytsariyaning Herzog & de Meuron byurosi loyihalagan cho‘ziq muzey majmuasi Xitoyning Buyuk kanali bo‘ylab joylashadi. Bu kanal dunyodagi eng uzun va eng qadimiy sun’iy suv yo‘li bo‘lib, Pekindan Xanchjougacha 1600 kilometrdan ortiq masofaga cho‘zilgan. Me’morlar binolarning uzun shaklini “kanal tarixini so‘zlab beruvchi, Xitoy mo‘yqalamining nozik chizig‘i”ga qiyoslaydi, to‘lqinsimon shisha fasad esa suv yuzasini eslatadi. Ko‘rgazma maydonlarining umumiy hajmi ikki sathda joylashgan 50 000 kvadrat metrni tashkil etadi. Ko‘tarilgan galereyalar ostida jamoat hududlari va tadbir maydonchalari bo‘ladi.
Nemis-xitoy qo‘shma studiyasi Büro Ziyu Zhuang (BUZZ) Xubey provinsiyasidagi Ziyouji butik-majmuasi uchun haykalsimon binolar guruhini loyihaladi. Tarkibiga san’at muzeyi, meditatsiya uchun minora, art-ustaxona va san’at kitob do‘koni kiradi — natijada ochiq jamoat me’morchilik hududi shakllanadi. Loyiha monumentallikni tabiiy landshaft bilan uyg‘unlashtirib, bir qator ta’sirchan me’moriy dominantlar yaratadi.
Shenchjenda China Merchans Bank uchun 388 metrlik osmono‘par bino qurilishi tugallanadi — loyiha Britaniyaning Foster + Partners studiyasiga tegishli. Fasad turli burchaklarda o‘rnatilgan uchburchak shisha panellardan tashkil topib, arkasmon strukturalar hosil qiladi va Shenchjen ko‘rfaziga manzarani kuchaytiradi. Me’morlar an’anaviy xitoycha qog‘oz qatlash san’atidan ilhomlangan.
Luzhou markazi bir nechta silliq konturli hajmlardan tashkil topib, ularni yashil tom birlashtiradi. Ichki qismida ko‘rgazma zallari, restoranlar, savdo va ko‘ngilochar hududlar joylashadi. Loyiha Link-Arc studiyasiga tegishli — u Dezeen Awards China’da “Yil me’mori” nominatsiyasi g‘olibi. Konsepsiya suv mavzusiga, to‘lqinlar tebranishidan ilhomlangan bo‘lib, suv bo‘yida joylashuvni aks ettiradi. Majmua Uhanning yangi madaniy dominantiga aylanishi ko‘zda tutilgan, rejalashtirilgan obektlar orasida — So Fudzimoto loyihalagan teatr va Snøhetta loyihalagan kutubxona ham bor.
Yanszi daryosi bo‘yidagi ko‘p funksiyali kompleks Aedas xalqaro studiyasi tomonidan Jing brendi uchun loyihalangan. Ikkita minora — 180 metrlik ofis va 100 metrlik mehmonxona — “daryodagi yelkanlar” sifatida tasavvur qilingan va umumiy poydevor qismi bilan birlashtirilgan. Uchastkaning burchagidagi brend shourumi piyola shaklida ishlangan bo‘lib, ham ko‘rgazma, ham jamoat makoni vazifasini bajaradi.
Mahalliy Muda Architecs studiyasi Chendudagi Tianfu xalqaro avtodromida Lynk&Co avtomobil brendi uchun ko‘p sathli shourumni taqdim etadi. Dekonstruktivistik me’morchilik brendning sport modellari dizayniga ishora qiladi: fasadlar dinamik egilmalarga ega kumushrang alyuminiy panellar bilan qoplanadi. Me’morlar loyihani “kelajak kemasi — trassa, shahar, an’ana va innovatsiyalar energiyasini bog‘lovchi” deb tavsiflaydi.
Mavzuga oid
11:01
AI va bolalar: Xitoy xavfli texnologiyalarga chek qo‘ymoqda
07:35
Reyting: Xitoy so‘nggi 20 yilda eng ko‘p qayerga sarmoya kiritdi?
18:28 / 01.04.2026
Xitoy asoschisi Mao haqidagi muhim ma’lumotlar aks etgan hujjatlar AQSh hududida qoladi
17:49 / 01.04.2026