Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy va Pokiston Yaqin Sharqdagi urushni tugatish rejasini taklif qildi
Xitoy va Pokiston tashqi ishlar vazirlari Erondagi urushni tugatish bo‘yicha birgalikda ishlab chiqqan yangi tashabbusini taqdim etdi. Ushbu tashabbus zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishni o‘z ichiga oladi.
Pokiston tashqi ishlar vaziri Is’hoq Dar seshanba kuni Pekinda xitoylik hamkasbi Van I bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunida ular qo‘shma tinchlik tashabbusini e’lon qildi. U 5 banddan iborat:
- Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, bunda urushdan jabr ko‘rgan barcha hududlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatishga ruxsat beriladi;
- Eron va Ko‘rfaz davlatlarining mustaqilligi va xavfsizligini himoya qilish tamoyili asosida imkon qadar tezroq tinchlik muzokaralarini boshlash. Barcha tomonlar tinchlik muzokaralari davomida kuch ishlatishdan yoki kuch ishlatish bilan tahdid qilishdan tiyilish majburiyatini oladi;
- Mojaro tomonlari energiya, suvni chuchuklashtirish va energetika obektlari, shuningdek, AESlar kabi tinchlik maqsadlaridagi yadroviy infratuzilmani o‘z ichiga olgan obektlarga hujumlarni darhol to‘xtatadi;
- Tomonlar fuqarolik va tijorat kemalarining Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan xavfsiz o‘tishiga ruxsat beradi. Imkon qadar tezroq bo‘g‘oz orqali normal harakat tiklanadi;
- BMT Nizomi va xalqaro huquq tamoyillariga asoslangan har tomonlama tinchlik mexanizmini yaratish to‘g‘risida bitim imzolash.
Is’hoq Darning Axios nashriga aytishicha, ushbu taklif uning Van I bilan ikki tomonlama uchrashuvi natijasidir. «Bu ikkalamiz kelishib olgan, barcha mamnuniyat bilan ma’qullaydigan aniq va muvozanatli 5 banddan iborat tashabbusdir», dedi u.
Tramp bu tashabbusni tanqid qilmadi
AQSh prezidenti Donald Tramp Axios nashri bilan qisqa telefon suhbatida «Eron bilan muzokaralar yaxshi ketayotganini» aytdi. Pokiston-Xitoyning otashkesim tashabbusi haqida maxsus so‘ralganda, Tramp uni tanqid qilmadi. Shunchaki diplomatiya yaxshi ketayotganini yana bir bor ta’kidladi.
Tramp Xitoy va Pokistonning rejasiga sahna ortida o‘z roziligini berganmi-yo‘qmi, hozircha noma’lum. Manbalarga ko‘ra, Xitoy kelishuvga erishish borasidagi sa’y-harakatlarda yordam bergan.
Nashrning yozishicha, agar AQSh bunga qarshi bo‘lganida – asosiy vositachi hisoblangan pokistonliklar Xitoy bilan birga bunday tashabbusni ilgari surishi dargumon edi.
AQSh tomonidan boshlangan urushda Xitoyning vositachi sifatida maydonga chiqishi hayratlanarli geosiyosiy burilish bo‘ladi.
Qayd etish kerakki, Eronning eng yirik savdo hamkori va neftining yirik importchisi sifatida Xitoy Tehronda sezilarli ta’sirga ega. Shu bois u urushni tugatishga intilishdan ham aniq manfaatdor.
Donald Tramp o‘zi ham urush tufayli qoldirilgan safaridan so‘ng, may oyida Xitoyga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. U o‘tgan yili savdo bitimi imzolanganidan beri Pekin bilan iliqroq aloqalarni o‘rnatishga intilmoqda.