Jamiyat | 17:35 / 14.06.2017
21025
3 daqiqa o‘qiladi

“O’zbekiston 24” teleradiokanali moliyaviy manbalariga oydinlik kiritildi

Illyustrativ foto

“O’zbekiston 24” teleradiokanali faoliyatida tele- va radiokanal imkoniyatlari va xodimlaridan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan anjumanda ishtirok etgan O‘zMTRK raisi birinchi o‘rinbosari Bobir Alixonovning so‘zlariga ko‘ra, telekanal muxbirlari telefon orqali radiokanalga ham o‘zlari yoritayotgan mavzu yoki voqea-hodisa haqida xabar yo‘llashadi. Radiokanal muxbirlari, o‘z navbatida, shu usulda telekanalga xabarlar yuborishi ta'minlanadi. 

O‘zMTRK raisi birinchi o‘rinbosari Bobir Alixonov

Teleradiokanal muxbirlari tarmog‘idan bir xil foydalanish natijasida keng qamrovli mediakontent taqdim etish imkoniyatlari yanada kengayadi, ko‘plab voqealar, tadbirlarni qamrab olish imkoni paydo bo‘ladi. 

Bundan tashqari, yangi tashkil etilayotgan teleradiokanal mtrk.uz saytidan alohida faoliyat yurituvchi o‘z veb-sahifasiga, ilovalariga ega bo‘ladi. Undagi mediakontentlardan istalgan kishi foydalanishi mumkin bo‘ladi. 

Bobir Alixonovning aytishicha, Xalqaro Press-klub studiyasi yangi joyga ko‘chadi, uning hozirgi manzilida “O’zbekiston 24” telekanali studiyasi tashkil etiladi. Yangi studiya o‘ta zamonaviy Hi-Tech uslubida bezatiladi. Barcha olib kelinayotgan texnikalar, asbob-uskunalar va jihozlar ham yangi, zamonaviy texnikalardir. 

Shu bilan birga, “O’zbekiston 24” jurnalist xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha jiddiy amaliy ishlar ko‘rilmoqda.  Bunda, ustoz-shogird an'anasidan tortib, yetakchi xorijiy OAV mutaxassislarining mahorat-darslarini tashkil etish, xodimlarning xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish safarlarini oshirish e'tibordan chetda qolayotgani yo‘q.

Bobir Alixonovning ta'kidlashicha, yangi teleradiokanal O‘zMTRKning o‘z moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tashkil etilmoqda. Uning xodimlariga to‘lanadigan maoshlar, qalam haqi va boshqa barcha moliyaviy chiqimlar davlat byudjyetidan emas, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi mablag‘lari tomonidan qoplanadi. 

Mavzuga oid