O‘zbekiston | 19:21 / 29.07.2020
8464
5 daqiqa o‘qiladi

«Dunyoda «Plakvenil»ni qo‘llash bo‘yicha aniq ko‘rsatma yo‘q» - nemis mutaxassisi avval JSST, so‘ng O‘zbekiston qo‘llanmadan chiqarib tashlagan preparat haqida

Biz germaniyalik professor Verner Ber bilan suhbatlashdik, u hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi COVID-19’ga qarshi kurashish markaziy shtabida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlamoqda.

- Professor Ber, O‘zbekistondagi vaziyat bilan yaxshi tanish bo‘lgan shaxs sifatida, respublikadagi hozirgi epidemiologik vaziyatni qanday baholaysiz?

- Taxminan ikki oy oldin, mendan infeksiya tarqalishini cheklashga yordam berish uchun bu yerga kelishimni so‘rashdi, ammo vaziyat boshqacha edi. Vaziyat o‘zgargani sababli, vazirlik yana loyihalar ishlab chiqish va O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasini cheklashga yordam berash bo‘yicha takliflar kiritish uchun kelishimni iltimos qildi. Vaziyat umidsiz emas, ammo fuqarolar koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashishda hamkorlik qilishlari juda muhimdir.

- 1 dan 10 gacha shkalada koronavirusga qarshi kurashda O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash tizimining ishini qanday baholaysiz? Hammasi to‘g‘ri qilinyaptimi?

- Taxminan sakkiz baho beraman. Shu vaqt ichida biz taqsimlash markazi va ko‘plab klinikalarga tashrif buyurdik. O‘zbekistonda tibbiy ta'minot unchalik yomon emas. Yaxshilanishi kerak bo‘lgan ba'zi jihatlar mavjud. Xususan, PZR testi juda ko‘p vaqt talab etadi, u uch kun davom etmasligi kerak. Hozirda zamonaviy uskunalar sizga bir necha soat ichida natijaga erishishga imkon beradi.

- Hozirgi kunda O‘zbekistonda kasalxonalardagi o‘rinlar, koronavirus uchun testlar va aholiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish borasida muammolar mavjud. Bu pandemiya holatidagi tabiiy jarayonmi yoki yaxshi tayyorlangan sog‘liqni saqlash tizimi shunga o‘xshash muammolarni yenga olishi kerakmi? Germaniya tajribasidan kelib chiqib, bu haqda nima deya olasiz?

- Germaniyada biz ham ushbu muammoga duch keldik, shuning uchun sizlardagi kabi taqsimlash markazlarini tashkil qildik. Yaxshiyamki, Germaniyada bu kerak bo‘lmadi. Ammo, agar biz Italiya, Ispaniya va Fransiya kabi davlatlarni olsak, ular haqiqatan ham jiddiy muammoga duch keldi, bu mamlakatlarda tibbiy xodimlari va imkoniyatlari yetishmasligi sababli hattoki ushbu davlatlar bo‘lgan bemorlar Germaniyaga ham kelishdi.

- Yaqinda «Plakvenil» preparati faol muhokama qilindi. Ko‘pgina mutaxassislarning ta'kidlashicha, u nafaqat foydasiz, balki zararli ham. Bu haqda nima deya olasiz?

- Ko‘pgina institut va markazlarda ushbu kasallik bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Tabiiyki, hozir aytayotganim vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkin. «Plakvenil» preparatiga kelsak, dastlab uning samaradorligini ko‘rsatadigan ilmiy ish olib borildi, ammo ishonchli natijalar haqida gapirish uchun bemorlar soni kam edi. Ko‘p sonli bemorlar bilan o‘tkazilgan keyingi tadqiqotlar «Plakvenil»ning samaradorligini ko‘rsatmadi. Ba'zi tadqiqotlar hatto ushbu preparatning kardio zararligini ko‘rsatdi. Shu tariqa, hozirgi paytda dunyoda ushbu preparatni qo‘llash bo‘yicha aniq ko‘rsatma yo‘q. JSST preparatni koronavirusni davolash uchun tavsiya etilgan terapevtik vositalar ro‘yxatidan chiqarib tashladi.

- O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat qachon yaxshilanishi borasida taxminlaringiz bormi?

- Menimcha, bir necha haftadan so‘ng biz bu cho‘qqidan o‘tamiz va kasallanish holatlari soni pasayadi. Ammo bunda aholining tartib-intizomi muhim rol o‘ynaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirining 13 iyuldagi 187-sonli buyrug‘i bilan koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning davosini olib borish bo‘yicha vaqtinchalik klinik qo‘llanmaning 5-versiyasi tasdiqlangan. Unda «Plakvenil» (gidroksixloroxin) preparatini kasallanganlarni davolash uchun qo‘llash tavsiya etilmasligi aytilgan.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar davosini olib borish bo‘yicha vaqtinchalik klinik qo‘llanmadan

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti gidroksixloroxinning koronavirusni davolashdagi salbiy ta'sirini tasdiqlagach, bu dori O‘zbekistonda amal qilayotgan eng so‘nggi qo‘llanmadan ham chiqarib tashlandi.

Milliy palata ekspertlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi birgalikda 30 iyun kuni ikkita yangi qo‘llanma – COVID-19’ni yengil shaklda o‘tkazib, uyda davolanayotganlar va og‘ir formada statsionarda davolanayotganlar uchun qo‘llanmalar ishlab chiqdi. Ulardagi ma'lumotlar 13 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan tasdiqlanib, chop etildi. Mazkur qo‘llanmada gidroksixloroxin olib tashlangan.

Mavzuga oid