«Tez yordam» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida gidroksixloroxin dorisining zarari haqida so‘z bordi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi vakili Klara Yodgorovaga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti gidroksixloroxinning koronavirusni davolashdagi salbiy ta'sirini tasdiqlagach, bu dori O‘zbekistonda amal qilayotgan eng so‘nggi qo‘llanmadan ham chiqarib tashlangan.
«Pandemiya avvalida koronavirusni davolash uchun aniq dori vositasi yo‘q edi. Shunda mavjud dori vositalari, xususan, xloroxin, gidroksixloroxin, azitromitsin kabilarni birinchi bo‘lib Xitoyda qo‘llash boshlandi. Keyinchalik ular Yevropa davlatlarida ham qo‘llanila boshlandi.
Mart oyida JSST ushbu preparatlarning samaradorligi bo‘yicha dalillar olish uchun «Xalqaro hamdo‘stlik tadqiqoti»ni boshladi. 96 ming koronavirus bemorlarining ma'lumotlari jamlanib, AQShning Harvard va Shveytsariyaning Tsyurix universiteti olimlariga taqdim qilindi.
O‘rganishlar natijasida olimlar bu dorilarning nafaqat samara bermasligini, balki bemorlarda o‘lim xavfini oshirishi mumkinligini aniqlashdi. Bu preparatlardan foydalanish Fransiyada to‘xtatildi, Germaniya millionlab dorilarni ishlab chiqaruvchilarga qaytarib berdi, AQSh olimlari ham bu doriga o‘z e'tirozini bildirdi. Mazkur tadqiqot natijasi tibbiyot olamida nufuzli bo‘lgan The Lancet jurnalida ham chop etildi.
Shularni hisobga olgan holda, JSST 27 may kuni yangi vaqtinchalik qo‘llanma chiqarib, barcha davlatlarga shuning asosida o‘z davolash standartlarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi.
Milliy palata ekspertlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi birgalikda 30 iyun kuni ikkita yangi qo‘llanma – COVID-19’ni yengil shaklda o‘tkazib, uyda davolanayotganlar va og‘ir formada statsionarda davolanayotganlar uchun qo‘llanmalar ishlab chiqdi. Ulardagi ma'lumotlar 13 iyul kuni Soqg‘lini saqlash vaziri buyrug‘i bilan tasdiqlanib, chop etildi. Mazkur qo‘llanmada gidroksixloroxin olib tashlangan», – dedi Yodgorova.
Ko‘rsatuv boshlovchisi – Mass-media fondi rahbari Komil Allamjonovning jurnalist Nikita Makarenkoga asoslangan holda ma'lum qilishicha, gidroksixloroxin oxirgi davolash qo‘llanmasidan chiqarib tashlangan bo‘lsa-da, uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatilishi kutilayotgan dorilar to‘plamiga kiritilganicha qolmoqda.
Bunga javoban Klara Yodgorova respublika maxsus komissiyasi bu dorini to‘plamdan chiqarishi kerakligini aytdi.







