Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
An’anaviy va islomiy bank: ularning farqi nimada?
Senat ma’qullagan qonun bilan, O‘zbekistonda islomiy banklar faoliyatiga ruxsat berilishi kutilmoqda. Islomiy bank – ko‘pchiligimiz uchun yangi tushuncha. Xo‘sh, uning an’anaviy banklar bilan o‘xshashligi va farqli tomonlari nimada? Kun.uz bu savol bilan bank-moliya sohasida uzoq yillik tajriba ega mutaxassis Jahongir Imomnazarovga murojat qildi.
Jahongir Imomnazarov 30 yildan ortiq moliya sohasida, shundan 10 yildan ortiq bank tarmog‘ida faoliyat yuritgan. 2011 yildan beri Islom moliyasi bilan shug‘ullanib keladi. 2020 yildan beri Islom moliyasi bilan shug‘ullanuvchi “Islamic Business and Finance” kompaniyasini boshqarib kelyapti. Islommoliyasi.uz sayti asoschilaridan biri.
Banklar nima uchun kerak?
Har qanaqa faoliyat bilan, ya’ni moliyaviy yoki biznes faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar, albatta, bank orqali o‘z amaliyotlarini bajarishadi. Banklarning vazifasi bu yerda aholini va biznesni qo‘lidagi bo‘sh mablag‘larni jalb qilib, ularni moliyaviy mablag‘ kerak bo‘lgan aholi va biznes vakillariga taqsimlash. Ya’ni bu bilan banklar iqtisodiyotni pul bilan ta’minlaydi.
Ilgari ko‘proq naqd pul bilan ishlangan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib ko‘pchiligimiz mana, plastik kartalarga o‘tdik. Plastik kartalar degani bu, albatta, bank bilan bevosita bog‘liq. Ya’ni o‘sha plastik kartalarni chiqaruvchilar — banklar. Banklar yanada ko‘proq aholidan shu plastik kartalar orqali, yoki kredit kartalari orqali aholining qo‘lidagi mablag‘larni yanada ko‘proq qabul qilib, ko‘proq biznesni va aholini pul bilan ta’minlayapti. Bu esa iqtisodiyotning jadallashishiga sabab bo‘ladi. Sababi, pul iqtisodiyotda aylanishi kerak.
Banklarning daromadi qayerdan?
Banklarning daromadi asosan ikkita yo‘nalishdan bo‘ladi. Birinchisi, bu foizsiz amaliyotlar, ya’ni xizmat ko‘rsatish orqali topiladigan daromadlar. Masalan, bir korxonaning puli ikkinchi korxonaga o‘tkazib berildi yoki aholining qo‘lidagi pullarni chet mamlakatlarga o‘tkazib beradi yoki ularning boyliklarini, masalan, oltinlarini saqlab beradi.
Endi ikkinchi turdagi daromad – bu foizli daromadlar deb ataladi. Foizli daromadlar biznesni kredit hisobidan moliyalashtirish evaziga topiladigan foydalar. Kreditning turlari ko‘p. Masalan, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish bor yoki bo‘lmasa, tijoratni moliyalashtirish bor yoki faktoring orqali moliyalashtirish bor.
Xo‘p, “o‘zlari daromad oladigan bo‘lishsa, biznesga ham o‘sha daromaddan ulush berishadimi?” degan savol tug‘iladi. Masalan, deylik, xalqning qo‘lidan pulni jalb qilish yo‘llaridan bittasi omonatga pul jalb qilish. Bu endi aksariyat holatda an’anaviy banklar foizlik depozitlarga pullarini jalb qilishadi. Masalan, deylik, 20% yillik daromad beramiz deydi va aholining qo‘lidan pullarni qabul qilib oladi va o‘sha qabul qilingan pullarni biznesni moliyalashtirishga, ya’ni kredit orqali moliyalashtirishga yo‘naltirishadi. Shu kreditdan topgan daromadining bir qismini o‘sha depozitga qo‘ygan aholiga berishadi. Bu yerda ular biznesdan daromad oladimi yoki yo‘qmi, kafolatlangan tarzda o‘sha depozit egalariga va’da qilingan, shartnomada ko‘rsatilgan daromadini beradi. Yillik 20% dedimi, o‘sha 20% ni ta’minlab beradi. Va o‘z navbatida, biznesni kreditlashda ham, masalan, 24% yoki 30% yillik foiz bilan beradigan bo‘lsa, uni ham kafolatlangan tarzda o‘sha biznes egalaridan olishadi, ya’ni biznes uchun berilgan kreditlar hisobidan daromad olishadi.
Banklarda moliyaviy bitimlardan tashqari, boshqa turdagi amaliyotlar ham bor. U amaliyotlar, masalan, deylik, valuta ayirboshlash. Valuta ayirboshlash davomida ham banklar o‘z haqlarini (komissiya) oladi. Undan tashqari, diling amaliyotlari bor, ya’ni ular valuta bozorlarida, Forex bozorlarida, masalan, oldi-sotdi bilan shug‘ullanishadi. Ya’ni o‘zlaridagi bo‘sh mablag‘larni birjaga tikib, biror bir valutani sotib oladi va uni kurs oshganda qayta sotib yuborishadi. Bu endi, albatta, bankning xatari doirasiga kiradi.
Islom banklari va an’anaviy banklar solishtiruvi
Islom banklari ham an’anaviy banklarga o‘xshagan faoliyat turlarini yo‘lga qo‘ygan. Masalan, ular ham aholining qo‘lidan mablag‘larni jalb qilib oladi, turli xizmatlar ko‘rsatadi. Masalan, bitta korxonaning pulini ikkinchi korxonaga o‘tkazish yoki jismoniy shaxsning pulini xorijga o‘tkazib berish yoki xorijdan qabul qilish, o‘sha valutani ayirboshlash, yoki bo‘lmasa saqlab berish, masalan, shunga o‘xshagan turli an’anaviy bankning foizsiz amaliyotlariga o‘xshagan faoliyat bilan shug‘ullanadi va buning uchun haq oladi.
Endi an’anaviy banklar, biznesni kredit orqali, foizli kredit orqali moliyalashtiradi. Islom banklari qanday yo‘l tutadi bu holatda? Islom banklarida buning uchun ikkita yo‘nalishda imkoniyatlar bor. Birinchisi, bu savdo amaliyotlari orqali. Masalan, deylik, sizga biron bir narsa kerak, bank u mahsulotni sotib oladi va sizga o‘zining ustamasini qo‘ygan holatda sotadi. Endi, an’anaviy bankdan farqli ravishda, bu holatda Islom banklarining xatari biroz yuqoriroq. Chunki u aktivni, ya’ni o‘sha mulkni sotib olish va mijozga sotish o‘rtasidagi bo‘lgan davrda xatarni zimmasiga oladi.
Ikkinchidan, an’anaviy bankda mijoz bilan munosabat qarz beruvchi va qarzdor munosabati bo‘ladi. Islom banklarida esa xaridor-sotuvchi yoki bo‘lmasa, biznes hamkor yoki biznes sherik sifatida amaliyot amalga oshiriladi. Masalan, Islom banklari qanaqa qilib mijozga sherik bo‘lishadi?
Deylik, birgalikda sotib olish orqali bo‘lishi mumkin. Yoki bo‘lmasam, bank o‘sha mijoziga, masalan, pul mablag‘larini taqdim etadi. Mijoz esa o‘sha biznes faoliyatni bilgani uchun o‘sha biznes faoliyatini olib boradi va biznes amaliyotdan, ya’ni o‘sha faoliyatdan tushgan daromadni bank bilan hamkor sifatida bo‘lishadi. Buning nomi arab tilida mudoraba, o‘zbek tilida esa muzoraba deb ataladi.
Islom banklarida aholi qo‘lidagi mablag‘larni jalb qilish
Islom banklari ham mijozlardan omonatlarni qabul qilib oladi. Lekin buni ikki, uch xil yo‘li bor. Islom banklari foizlik daromad berishi mumkin emas. Kafolatlangan daromad berishi ham mumkin emas. Balki, ikki tomon ham xatarlarni zimmasiga olishi kerak. Islom huquqida bir qoida bor: xatarlarni zimmaga olish daromadni oqlaydi. Shu qoidaga asosan, mijozlardan pulni qabul qilayotganda Islom banki mijozga aytadiki, "taxminan 20 foiz yillik daromad berishimiz mumkin. Lekin bu va’da xolos. Ya’ni bitimda, shartnomada buni kirita olmaymiz".
Biznesga qanaqa tikadi?
Savdo amaliyoti orqali yoki hamkorlik — muzoraba yoki musharaka bitimlari orqali. Endi bu hamkorlik bitimlari hisoblanadi. Yana bir ko‘rinishi bor: vakala, ya’ni vakillik asosida. Mijozga aytadiki: "Men seni vakiling sifatida shu pullarni boshqaraman va boshqarganim uchun menga ma’lum bir haq berasan. Lekin, zarar bo‘ladimi, foyda bo‘ladimi, uning menga aloqasi yo‘q. Ya’ni foyda bo‘lsa ham, zarar bo‘lsa ham o‘zimning haqqimni olaman va barcha foydani senga beraman (ya’ni mijozga)", deb va’da beradi.
An’anaviy banklar bilan ularning mijozlari o‘rtasida xatarlar, ya’ni risklar teng taqsimlanadimi?
Teng taqsimlanadi deyish qiyin. Nimaga? Masalan, deylik, bank biznes loyihasini moliyalashtiradi. Moliyalashtirganda kredit orqali, ya’ni qayd qilingan, kelishilgan foizga pul mablag‘larini beradi va o‘sha kelishilgan mablag‘larni u loyiha amalga oshish yoki oshmasligidan qat’iy nazar oladi. Bunda mijoz u loyiha doirasida foyda ko‘radimi, foyda ko‘rmaydimi — u o‘zining muammosi. Bank o‘sha kelishilgan foizini olishi kerak. Bunaqa holatda xatarlar teng taqsimlangan deyish to‘g‘ri bo‘ladimi yoki yo‘qmi, xulosa o‘zingizdan.
Islom banklarida komission daromadlar
An’anaviy banklarda komission daromadlar, ya’ni xizmat ko‘rsatish evaziga olinadigan daromadlar, Islom banklarida ham deyarli barchasi bor. Lekin hammasi emas, ba’zi turlarining nojoiz turlari ham bor. Masalan, kafolat. Bugungi kunda an’anaviy banklar kafolat beradi va kafolat berganiga haq oladi. Islom banklarida kafolatga, kafolat bergani uchun haq olish mumkin emas.
Halol degani nega bunaqa qimmat?
Bu savolga javob juda ham oddiy. Islom banklari ham, Islom moliya muassasalari ham tijoriy muassasalar hisoblanishadi. Ya’ni ularni tashkil qilganlar uni xayriya maqsadida emas, balki daromad topish maqsadida tashkil qilishadi. Daromad maqsadida tashkil qildimi, undan daromad olish kerak. Buni to‘g‘ri tushunish kerak.
Bu yo‘nalish hali bizda endi rivojlanib kelmoqda. Shuning uchun hali bu yo‘nalishda mablag‘ kam, raqobat hali kuchsiz. Shuning uchun ham qimmat bo‘lishi mumkin. Raqobat kuchaysa, ishtirokchilar ko‘paysa, narxlar ham tabiiy ravishda tushishni boshlaydi.
Xulosa o‘rnida
Har qanaqa mijoz, har qanaqa bankka murojaat qilgan paytida u Islom banki bo‘ladimi, an’anaviy bank bo‘ladimi, farqi yo‘q, shartnomalarni diqqat bilan o‘qishi kerak. Agar o‘zi ba’zi bir narsalarga tushunmasa, mutaxassislarga murojaat qilishi kerak. Moliyaviy savodxonlik juda muhim. Chunki tushunmasdan qaysi joyga imzo qo‘yish kerak, deb imzo qo‘yib ketish, ertaga muammoga olib keladi. Nimaga? Chunki siz tushunmagan holatda o‘zingiz katta foizlar va jarimalarni zimmangizga olib qo‘yishingiz mumkin.
Mavzuga oid
20:57 / 03.04.2026
Qarzini uzolmasdan bankrot bo‘layotgan firmalarga oyoqqa turib olishida yordam beriladi
14:27 / 03.04.2026
Uy va avtomobil savdosi endi faqat bank orqali bo‘ladi. Bu tizim qanday ishlaydi?
20:37 / 02.04.2026
Farg‘onada bank xodimi mijozni o‘ldirib, jasadni kanalga tashlab yubordi
18:37 / 28.03.2026