O‘zbekiston | 19:32 / 03.10.2022
23059
9 daqiqa o‘qiladi

“Mehmonxonalar deyarli to‘liq band bo‘ldi, 400 ming so‘mlik xonalar 800-900 ming so‘mdan sotilmoqda” – rossiyaliklar oqimi turar joyga talabni keskin oshirdi

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda azaldan turar joy tanqisligi bor. Aholisi muntazam oshib boruvchi davlatimizdagi qurilishlar ko‘lami oshib boruvchi talabni qondira olmaydi. Ijara bozoridagi vaziyat bundan-da murakkab. Ayni kunlarda xorijdan, asosan Rossiyadan keluvchilar sonining keskin oshishi ortidan nafaqat ijara uylar bahosi, balki mehmonxonalar narxining ham sezilarli oshishi kuzatildi.

Mehmonxonalarning 40-70 foizgachasi rossiyaliklar tomonidan band qilingan. Bu – bir davlat uchun juda katta ko‘rsatkich

Ayni paytda mehmonxonalardagi holat bo‘yicha mehmonxonalarni boshqarishga ixtisoslashgan Hotel Pro kompaniyasi asoschisi Dilshod Odilov bilan suhbatlashdik.

– Dilshod, mehmonxonalarda joy qolmagani rostmi?

– 2 haftadan beri Toshkent mehmonxonalarida joy topish muammo bo‘lib qoldi. Hotel Pro boshqarayotgan mehmonxonalarda ham 10 oktyabrgacha joy yo‘q. Booking com platformasida ham joy bor mehmonxonalar keskin kamayib, ba’zi kunlari butun Toshkent bo‘yicha 4-5 ta mehmonxona qolayotganini kuzatish mumkin. Asosan 5-10 kunga bron qilinmoqda. Ba’zilar shu muddat ichida kvartira topib chiqib ketish niyatida ekanliklarini aytishmoqda.

– Talab narxlar oshishini keltirib chiqarmadimi? Umuman, mehmonxonalar o‘zlari istagan paytda narxni ko‘tara oladilarmi?

– Talab tabiiy ravishda narxlar oshishiga sabab bo‘ldi. Avvallari 400 ming so‘mdan sotilgan xonalar narxi 800-900 ming so‘mga chiqib ketdi. 700-800 ming so‘mlik mehmonxonalar esa 1,5 mln so‘mdan ortiq narxda sotilyapti. Ba’zi xalqaro brend darajadagi mehmonxonalar standart xonalari qolmagani uchun 22-23 million so‘mga lyuks xona taklif qilmoqda.

Narxlarni boshqarishga kelsak, firmalar bilan shartnomalar odatda bir yillik tuziladi. Ularning narxi odatda shu muddatda oshirilmaydi. Lekin jismoniy shaxslar, Booking kabi internet bron tizimlaridagi narx talab va taklifdan kelib chiqib istalgan payt oshirilishi yoki tushirilishi mumkin. Mehmon bilan hali shartnoma tuzilmagan hisoblanadi, narxni ko‘rib, ma’qul kelsa yashaydi, bo‘lmasa taklifni qabul qilmaydi. Mavsum o‘tgandan keyin talab kamayadi va o‘sha paytda narxlar tushiriladi.

– Ayni paytda mehmonxonalarning taxminan necha foizi Rossiyalik mehmonlar tomonidan band qilingan?

– Mehmonxonalar darajasiga qarab 40-70 foiz atrofida rossiyaliklar yashayapti. Bu bir davlatning ulushi sifatida katta ko‘rsatkich. Mart oyida ham 2 haftacha shunga o‘xshash holat kuzatilgandi. Lekin hozirgichalik bo‘lmagan. Aslida ruslarning ulushi bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin, faqat mehmonxonalar to‘lib bo‘lgani uchun boshqa mehmon olishning iloji bo‘lmayapti. Uni ustiga o‘zi sentabr, oktabr oylari turizm mavsumi hisoblanadi. Odatda boshqa yillarda ham bu oylarda xona topish qiyin bo‘lar edi.

Ko‘chmas mulk xarid qilish niyatidagilar ham ko‘p, lekin bu oson emas

O‘zbekistonga kelayotganlar orasida uzoq muddatli rejalar tuzayotgan, ijara xarajatlarini tejash va doimiy yashash huquqini olish uchun ko‘chmas mulk xarid qilishni ko‘zlayotganlar ham talaygina. Buning uchun qanday qonuniy asoslar borligiga qiziqib, “ADVOCA»” Advokatlik byurosi advokati Bobir Mukadamov bilan bog‘landik.

– Xorijlik, aniqrog‘i Rossiya fuqarolari O‘zbekistondan ko‘chmas mulk sotib olishlari mumkinmi? Buning uchun qanday talablar qo‘yilgan?

– Prezidentning "Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida"gi 2022 yil 8 apreldagi PF-101-son Farmonining 3-bandiga muvofiq, 2022 yil 1 maydan boshlab ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan quyidagi ko‘chmas mulk obektlarini (yer uchastkalari bundan mustasno) sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi berilgan:

Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida - qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 000 AQSh dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk obektlarida qiymati 180 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk obektlari;

boshqa hududlarda - qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 70 000 AQSh dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk obektlarida qiymati 85 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk obektlari.

Bunda, mazkur bandda nazarda tutilgan ko‘chmas mulk obektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasida doimiy ro‘yxatdan o‘tish va yashash guvohnomasini olish uchun asos bo‘lmaydi.

– Xorij fuqarolari ko‘chmas mulk sotib olish orqali doimiy yashash uchun ariza topshirishlari, bunday huquqni olishlari mumkinmi?

– Davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 05.01.2019 yildagi PF-5611-sonli Farmonining 5-bandiga muvofiq,  O‘zbekistonda yashash guvohnomasini olish huquqi ro‘yxati ushbu Farmonning 6-ilovasi bilan tasdiqlangan xorijiy mamlakatlar (ro‘yxatda RF ham bor) fuqarolariga quyidagi shartlarda berilishi belgilangan:

Toshkent viloyati va Toshkent shahrida - 300 000 AQSh dollari (2022 yil 9 aprelgacha 400 000 AQSh dollari edi) ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda;

Samarqand, Buxoro, Namangan, Andijon, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida - 200 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlarida - 100 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda ko‘chmas mulkni sotib olgan taqdirda.

Demak, Rossiya Federatsiyasi fuqarolari O‘zbekistonda yangi qurilgan fonddan (novostroyka) eng kamida 150 000 AQSh dollariga uy-joy sotib olishlari mumkin, biroq bunda ularga doimiy ro‘yxatdan o‘tish va yashash guvohnomasini olish huquqi paydo bo‘lmaydi.

Agar ular Toshkent shahri yoki viloyatidan (boshqa hududlarda arzonroq) 300 000 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan narxda xohlagan uy-joyni (birlamchi yoki ikkilamchi bozordan) sotib olishsa, ushbu fuqarolarda O‘zbekistonda doimiy yashash guvohnomasini olish uchun asos paydo bo‘ladi.

Ushbu guvohnomani olish uchun ko‘chmas mulk xarid qilgan Rossiya Federatsiyasi fuqarolari tuman IIO tegishli bo‘limlariga ariza bilan murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Asosan qimmat narxdagi turar joyga talab oshdi

Xo‘sh, ko‘chmas mulk ijarasi bo‘yicha vaziyat qanday? Bu boradagi savollarga rieltor Ilhom Ashurov javob berdi.

– Rossiyaliklar oqimi ijaraga bo‘lgan talabni oshirib yuborgani hammaga ma’lum. Ular asosan qanday ko‘chmas mulk so‘rashyapti?

– O‘zi ijaraga bo‘lgan talab avgust oyining oxiridan boshlab keskin ko‘tarila boshlagandi. Viloyatlardan qaytganlar joylashib bo‘lmay turib Rossiyaliklar kelishi juda jiddiy vaziyatni yuzaga keltirdi. Narxlar kamida 30 foizga oshdi. Yaxshiki xorijlik mehmonlar asosan qimmat narxdagi, ya’ni 500 dollar va undan ortiq bahodagi kvartiralarni band qilishyapti. Ya’ni o‘zimizning qorako‘zlar izlovchi arzon uylarni olishmayapti. Lekin baribir umumiy talab oshishi hisobiga budjet narxdagi kvartiralar narxi ham oshgan. Qisqa qilib aytganda bugungi kunda Toshkentda 250-300 dollarga har qanday xonadonni topish mushkul bo‘lib qoldi.

– Rossiyaliklar bilan ishlashning o‘ziga xos jihatlari haqida so‘zlab bering.

– Shaxsan o‘zim ularga ko‘p duch kelmadim. Bilganim shuki, ular uy bozoriga bizning xaridorlar kabi ko‘p chiqishmaydi, asosan internet orqali qidirishadi. Xonadonda vayfay bo‘lmasligini tasavvur qila olishmaydi. Ko‘pchiligida uy hayvonlari, asosan mushuklari bor. Shuningdek, uy egalarining nikoh guvohnomasi (ZAGS) talab qilishini ham g‘ayritabiiy qabul qilishadi.

Lekin umumiy olganda ularga O‘zbekiston yoqyapti. Hatto oshgan narxlarda ham ko‘chmas mulk ijarasi, yeguliklar, xizmatlar arzonligini aytishyapti.

Abror Zohidov

Mavzuga oid