«Tez orada yangilik bo‘ladi degan umiddamiz» – vazirlik Rossiya bilan muntazam aviaqatnovlar tiklanishi haqida
Xorijga turli maqsadlarda boruvchilarning rejalari bu yil o‘zgarib ketdi, ko‘pchilik muntazam parvozlarni kutmoqda. Yaqinda Uzbekistan Airways AJ qator yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar muntazam ravishda qayta tiklanishini ma’lum qildi.
Endi boshqa davlatlarga borish va xorijdan O‘zbekistonga kelishda qanday tartib amal qilishi bilan qiziqdik. Savollarimizga Transport vazirligi vazirlik matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov javob berdi.
– Bundan buyon parvozlar qaysi hujjat asosida amalga oshiriladi?
– Maxsus komissiyaning 2020 yil 31 avgustdagi 45-son bayoni ilovasida Koronavirus pandemiyasi davrida muntazam xalqaro aviaqatnovlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida vaqtinchalik yo‘riqnoma tasdiqlangan. Bugungi kunda muntazam aviaqatnovlar ana shu yo‘riqnoma asosida qayta tiklanmoqda.
Yo‘riqnomada aeroportlarga qo‘yilgan talablar, yo‘lovchilarning O‘zbekistonga kirib kelish tartibi, yo‘lovchilar uchun xavfsizlik choralari va hokazolarning barchasi belgilangan.
– Turli davlatlarda vaziyat turlicha. Demak, har bir davlat bo‘yicha alohida hujjat ishlab chiqiladimi?
– Har bir davlat bo‘yicha alohida tartib yo‘q. Lekin har bir davlat xorijiy mamlakat fuqarolarni o‘z hududiga kiritishda epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, xuddi O‘zbekiston kabi alohida tartiblarni belgilashi mumkin. Shuning uchun ham O‘zbekistondan muntazam xalqaro aviaqatnovlar orqali biror davlatga uchayotgan yo‘lovchilar o‘zlari boradigan mamlakatning sanitariya talablarini mustaqil ravishda aniqlab olishi va aviachipta sotib olishdan oldin, ana shu mamlakatga kirish huquqini beradigan tegishli asoslar mavjudligiga ishonch hosil qilishi zarur.
– Qachon yo‘lovchilar xuddi oldingidek, hech qanday cheklovlarsiz va istagan yo‘nalishlari bo‘yicha uchib ketishlari mumkin bo‘ladi?
– Tizim qayta tiklanishini, oldingidek ishlashini birinchi navbatda biz – shu tizim xodimlari kutayapmiz. Ammo bu bizga emas, dunyo bo‘ylab pandemiya bilan bog‘liq vaziyatga bog‘liq. Inson salomatligi va epidemiologik vaziyatni jilovlash birinchi o‘rinda turibdi.
– Nega tiklanayotgan muntazam yo‘nalishlar qatorida Rossiya shaharlari yo‘q?
– Bu savolni ko‘pchilik beryapti. Bu borada muzokaralar davom etyapti va tez orada yangilik bo‘lib qolishidan umid qilyapmiz. Nafaqat Rossiya, balki Qirg‘iziston kabi muntazam parvozlar ko‘p bo‘ladigan boshqa davlatlar bilan ham muzokaralar ketmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzbekistan Airways 2020 yilning birinchi yarmida 767,7 mlrd so‘m zarar ko‘rgani ma’lum bo‘lgandi.
May oyi oxirida pandemiya ta’sirini yumshatish maqsadida karantindan eng ko‘p jabr ko‘rgan kompaniyalar Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports’ga 122 mln dollarlik kreditlar bo‘yicha to‘lov muddatlarini kechiktirilgan, 60 mlrd so‘mdan ko‘proq soliq imtiyozlari berilgan. Bundan tashqari, Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi tomonidan ushbu kompaniyalarga 50 mln dollar miqdorida foizsiz ssuda berilgan.
Ko‘rinib turibdiki, aviakompaniya bugun tang ahvolda qolib ketgan, faqat muntazam aviaparvozlarni tiklash va xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish orqaligina vaziyatni qisman bo‘lsa-da o‘nglash mumkin.
Tashqi ishlar vazirligi 2 sentabr holatiga ko‘ra o‘zbekistonliklar borishi uchun sanitariya-epidemiologiya talablariga javob beradigan 49 mamlakat ro‘yxatini taqdim etdi. O‘zbekistondan chiqib ketishdan oldin boriladigan mamlakatga diplomatik vakolatxonalar orqali kirish talablarini yanada aniqlashtirish va boradigan mamlakatga kirish huquqini beradigan asoslar mavjudligiga ishonch hosil qilish tavsiya etiladi.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
18:44
Yevropa yangi energetika inqiroziga duch kelmoqda - OAV
15:56
Rossiya kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolarini qurilish sohasida ishga olmoqchi
14:18
Rossiya o‘zbekistonliklarni sendvich-panellar ishlab chiqarish sohasida ishga olmoqchi
14:15