Toshkentda 230 ta qoidabuzarlik qilgan ayol haydovchining Lacetti’si xatlanib, auksionda sotib yuborildi
Haydovchining to‘lanmagan jarimalari miqdori 88 mln so‘mga yetgan. Xatlangan Lacetti auksion savdolariga chiqarilib, 92 mln so‘mga sotilgan. Savdodan tushgan pul qarzdorning jarimalarini so‘ndirish uchun yo‘naltiriladi.
Toshkent shahrida 230 ta qoidabuzarlik qilgan haydovchining mashinasi auksionda sotildi. Bu haqda Kun.uz’ga MIB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil fevral oyida MIBning Shayxontohur tuman bo‘limi tomonidan 174 ta qoidabuzarlik sodir etgan haydovchining Lacetti mashinasi xatlab olingan. Fuqaroga 174 ta ma’muriy jarimadan qariyb 59 mln so‘m miqdoridagi qarzdorlikni qoplasa mashina o‘ziga qaytarilishi to‘g‘risida tushuntirish berilgan.
Ammo oradan 6 oy o‘tib, 174 ta qoidabuzarlik soni 230 taga ko‘paygan. Ya’ni haydovchi mashina xatlanishidan oldin ham yo‘llarda tinimsiz harakat qoidalariga rioya etmay harakatlanib yurgan. Buning oqibatda 60 kun o‘tganidan so‘ng barcha qarzdorliklari MIB ish yurituviga kelib tushavergan. Shu tariqa, haydovchining qoidabuzarliklari soni 230 taga, jarimalar miqdori esa 88 mln so‘mga yetgan.
Qarzdorning Lacetti’si auksion savdolariga chiqarilgan. O‘tkazilgan savdolar jarayonida mashina auksion qatnashchisi tomonidan 92 mln so‘mga sotib olingan.
Qayd etilishicha, hozirda auksion savdolari orqali kelib tushgan pul mablag‘lari qarzdorning jarimalarini so‘ndirish uchun yo‘naltirilmoqda.
Mavzuga oid
16:37
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024