O‘zbekiston | 19:45 / 23.10.2023
22603
7 daqiqa o‘qiladi

Fuqaro «yemagan somsasi»ga pul to‘ladi: u topshirgan avtoraqamda turli mashinalarda qoidabuzarliklar sodir etilgan

Karmanalik Nodir Murtozayev noodatiy vaziyatga tushib qoldi: u o‘ziga tegishli Spark avtomobilini sotganiga bir yil bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘sha mashinadagi avtoraqam boshqa avtomobillarga taqilib, yo‘l harakati qoidalarni buzgan. Ayni bir raqam oq rangli Lacetti, oq va qora rangli Nexia-3 avtomobillarida «paydo bo‘lgan». Ushbu keys aynan respublika darajasida tekshirilishi, aybdorlar aniqlanib, elga ko‘rsatilishi kerak. 

Oq rangli Spark – 85S919DA raqamining ilk «sohibi»

«2022 yil 3 oktyabr kuni oq rangli Spark mashinamni sotib, unga taqilgan 85S919DA avtoraqamni DYHXBga topshirganman. Shundan keyin har safar turli xil mashinalar tomonidan belgilangan tezlikni oshirish qoidabuzarligi sodir etilgani uchun jarimalar mening nomimga kela boshladi. Bu borada murojaat qilmagan joyim qolmadi. Birorta natijaga erisha olganim yo‘q. Majburiy ijro byurosi tomonidan men sodir etmagan qoidabuzarliklar uchun jarimalar oylik ish haqimdan ushlab qolindi. Ikki haftadan buyon pulimni qaytarolmay eshikma-eshik sarson bo‘lib yuribman», — deydi Kun.uz’ga murojaat qilgan Nodir Murtozayev.

Keling, gapimiz yolg‘on bo‘lmasligi uchun N.Murtozayev nomiga rasmiylashtirilgan bayonnomalarga e’tibor beramiz.

1-epizod: Qora rangli Nexia-3

2022 yil 21 noyabr kuni Samarqand viloyati Narpay tumanida tezlikni belgilanganidan 25 km/h’ga oshirgani uchun 1,5 mln so‘mlik jarimaga loyiq qoidabuzarlik 85S919DA davlat avtoraqamini taqqan qora tusli Nexia-3 avtomobili tomonidan sodir etilgan. 

2-epizod: Oq rangli Nexia-3

2022 yil 29 noyabr kuni Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida tezlikni belgilanganidan 18 km/h’ga oshirgani uchun 300 ming so‘mlik jarimaga loyiq qoidabuzarlik 85S919DA davlat avtoraqamini taqqan oq tusli Nexia-3 avtomobili tomonidan sodir etilgan. 

3-epizod: Oq rangli Lacetti 

2023 yil 10 fevral kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tezlikni belgilanganidan 25 km/h’ga oshirgani uchun solingan 300 ming so‘mlik jarimaga loyiq qoidabuzarlik 85S919DA davlat avtoraqamini taqqan oq tusli Lacetti avtomobili tomonidan sodir etilgan.

4-epizod: Oq rangli Lacetti 

2023 yil 13 fevral kuni Toshkent viloyati Chinoz tumanida tezlikni belgilanganidan 30 km/h’ga oshirgani uchun solingan 1,5 million so‘mlik jarimaga loyiq qoidabuzarlik 85S919DA davlat avtoraqamini taqqan oq tusli Lacetti avtomobili tomonidan sodir etilgan. 

5-epizod: Oq rangli Lacetti 

2023 yil 13 fevral kuni Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida tezlikni belgilanganidan 5 km/h’ga oshirgani uchun solingan 300 ming so‘mlik jarimaga loyiq qoidabuzarlik 85S919DA davlat avtoraqamini taqqan oq tusli Lacetti avtomobili tomonidan sodir etilgan.

6-epizod: Oq rangli Lacetti 

2023 yil 13 fevral kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tezlikni belgilanganidan 32 km/h’ga oshirgani uchun solingan 1,5 mln so‘mlik jarimaga loyiq qoidabuzarlik 85S919DA davlat avtoraqamini taqqan oq tusli Lacetti avtomobili tomonidan sodir etilgan.

Demak, Nodir Murtozayevga tegishli bo‘lgan Spark avtomobiliga taqilgan va keyinchalik DYHXBga topshirilgan avtoraqam kamida uch xil mashinaga taqish uchun berib yuborilgan: 2022 yilning noyabr oyida avval qora rangli Nexia-3, so‘ngra oq rangli Nexia-3, 2023 yilning fevralida esa oq rangli Lacettiʼga. Ayniqsa fevralda avtoraqam taqilgan Lacetti haydovchisiga qoyil! Jarimani birov to‘lashini bilgandan so‘ng ko‘zi chiqqudek bosgan aholi punktlarida. Bir o‘zi 3 mln 600 ming so‘mlik jarimani birovning bo‘yniga ilgan.

Ya’ni qoidabuzarliklar turli mashinalar tomonidan turli viloyatlarda sodir etilgan. N.Murtozayev barcha tegishli viloyatlardagi IIB JXD YHHBlarga murojaat qilgan. Ulardan kelgan xatda bayonnoma MJtKning 271-moddasi 1-bandiga asosan bekor qilinishi xabar qilingan bo‘lsa-da, birortasi bekor qilinmagan, jarimalarni undirish MIBga o‘tkazilgan. MIB holatlarning har biri yuzasidan esa ijro ishi qo‘zg‘atgan va jarimalarni ijro ishi yig‘imi bilan birga undirgan.

Murojaatchining bizga ma’lum qilishicha, Navoiydagi «GAI» xodimlari unga bunday holatda ichki ishlar organlari xodimlariga operativ xizmat yuzasidan begona raqam berib turilishini aytgan emish.

Bir qator savollar tug‘iladi: odam mashinasini birovga sotyapti, avtomobilning yangi egasi boshqa raqam olib, eski davlat raqamini ichki ishlar idoralariga topshiryapti. Nega raqam mashinaning eski egasining nomidan chiqarilmagan?

Fotoradarlar qayd etgan qoidabuzarlikda ham Spark avtomashinasi emasligi aniq, nega jarima rasmiylashtirilmoqda?

«Bayonnoma avtomatik tarzda rasmiylashtirilgan, ularning har birini sinchkovlik bilan ko‘rib chiqishga vaqt yo‘q» degan vaj-bahona keltirilgan taqdirda ham, nega fuqaro murojaat qilgach, IIB JXD YHXBlarning javob xatlarida bayonnoma bekor qilindi, deb javob berilganidan so‘ng ham jarimani undirish MIBga o‘tkazilgan (javob xatlari tahririyatda bor)?

Murojaatchining gapi rost bo‘lsa, ichki ishlar organlari xodimlari operativ harakatlarni amalga oshirishda qoidalarni buzib, fuqarolarning bo‘yniga jarima yozdirish ham qoidalarda yozib qo‘yilganmi?

Va eng asosiy savol: nega Navoiy viloyati «GAI»sida yechib olingan raqam bir emas, vaqt oralatib naq uchta mashinaga vaqtinchalik taqib turish uchun berib yuborilmoqda? Xo‘sh, bu mavjud qonunlarimizga to‘g‘ri keladimi? Bu yerda qonunbuzarlik yo‘qmi?

Bu savolimizga respublika prokuratura organlaridan va Ichki ishlar vazirligida biz «ishlashmoqda» deb gumonda bo‘lib turganimiz — ichki xavfsizlik xizmati orqali IIV matbuot xizmatidan rasmiy javob kutib qolamiz.

Navoiy viloyati IIB matbuot xizmatiga xitobimiz esa quyidagicha: sizlarning rasmiy javoblaringiz kerak emas. Nima deb javob berishingizni so‘zma-so‘z bilamiz. Bu g‘ar ko‘nglimiz mana shu keys bo‘yicha aynan respublikadan tekshirish tashlanishini, aybdorlar aniqlanib, elga ko‘rsatilib, javobgarlikka tortilishini istayapti.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid