O‘zbekiston | 13:54 / 12.12.2024
5676
5 daqiqa o‘qiladi

Gazprombankka qarshi sanksiyalar O‘zbekiston mis sanoati rivojini xavf ostiga qo‘yadi - The Diplomat

Gazprombank OKMK tasarrufidagi “Yoshlik” konini kengaytirish loyihasidagi asosiy kreditorlardan biri hisoblanadi. Bankning xalqaro to‘lov tizimidan chetlashtirilishi Olmaliqdagi yirik loyihani amalga oshirishda uzilishlarga olib kelishi mumkin, deb xabar tarqatdi The Diplomat.

Foto: Aram Nersesyan

AQSh Moliya vazirligi 21 noyabr kuni Rossiyaning Gazprombankiga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. Bu – O‘zbekistonning rivojlanayotgan tog‘-kon sanoati uchun jiddiy “bosh og‘rig‘i” bo‘lishi mumkin. Ushbu tarmoq hozirgacha 4,8 milliard dollarlik “Yoshlik” konini o‘zlashtirish loyihasini moliyalashtirishda rus bankiga tayanib kelgan, deya yozadi The Diplomat.

“Gazprombank xalqaro to‘lov tizimidan chetlashtirilgach, O‘zbekistonning “Yoshlik” konini kengaytirish bo‘yicha eng muhim loyihasini amalga oshirishda uzilishlar yuzaga kelishi mumkin, ayni paytda mamlakat muqobil kreditorlar topishga shoshiladi yoki ikkilamchi sanksiyalarga duchor bo‘lish xavfi mavjud”, deyiladi maqolada.

Shuningdek, bu O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Yevropa konchilik va muhandislik kompaniyalari, banklar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan eksport-kredit agentliklariga ham jiddiy moliyaviy zarba berishi mumkin.

O‘zbekistonda mis qazib olish ishlari davlatga qarashli Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshiriladi. Ayni paytda kombinat qiymati 4,8 milliard dollarlik “Yoshlik” konini kengaytirish loyihasi ustida ishlayapti. Bu loyiha konda mis ishlab chiqarishni 78 foizga oshirib, 2026 yilda 264 ming tonnaga yetkazishi ko‘zda tutilgan. Oltin ishlab chiqarish ham 50 foizga oshib, 800 ming unsiyaga yetishi kerak. Kompaniya raisining ta’kidlashicha, islohotlar OKMKni dunyo miqyosida mis rudasini qayta ishlash bo‘yicha yetakchi korxonaga aylantiradi.

May oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ikki kunlik davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgandi, “Yoshlik” loyihasi ham ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha muzokaralar doirasida muhokama qilingandi.

Rossiya 2021 yildan beri mazkur loyihaga qiziqib keladi, o‘sha paytda Gazprombank va Rossiyaning davlat taraqqiyot banki VEB.RF OKMK bilan Rossiyadan tog‘-kon uskunalarini sotib olishni moliyalashtirish bo‘yicha 2 milliard dollarlik kelishuvga erishgandi. 2022 yilda VEB.RF bilan 800 million dollarlik bitimning bir qismi bekor qilinadi. Bu bankning AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya sanksiyalariga uchrashi fonida yuz berdi.

Oktyabrda e’lon qilingan OKMKning rivojlanish strategiyasida Gazprombank loyihadagi asosiy investor sifatida aniq ko‘rsatilgan. Xususan, Rossiya banki 1 milliard dollar miqdorida kredit taqdim etgan, shundan 670 million dollari allaqachon Germaniyaning Thyssenkrupp, Shveytsariyaning ABB Group va Britaniyaning Weir Group kompaniyalaridan konchilik uskunalarini xarid qilish uchun ishlatilgan.

“AQShning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish maqsadida Gazprombankni ham qora ro‘yxatga kiritishi OKMK uchun sanksiyalar xavfini va logistika muammolarini keltirib chiqarishi, shuningdek, O‘zbekistonga eksporti sanksiya ostiga tushgan bank tomonidan moliyalashtirilgan Yevropa kompaniyalariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, deyiladi maqolada.

Germaniya ham OKMK bilan chuqur iqtisodiy aloqalarga ega. Xususan, 2023 yil sentabr oyida KfW Ipex-Bank “Yoshlik” loyihasi bo‘yicha ishlarni davom ettirish uchun 2,55 milliard dollarlik moliyalashtirishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Joriy yilning sentabr oyida Germaniya kansleri Olaf Sholsning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va Germaniya banklari konsorsiumi o‘rtasida 144 million yevro miqdoridagi birinchi transh ajratish bo‘yicha bitim tuzildi.

AQShdan farqli o‘laroq, Buyuk Britaniya Gazprombankka nisbatan ancha oldinroq, avvaliga 2014 yilda Rossiya Qrimga bostirib kirganidan keyin, so‘ngra 2023 yil oxirida sanksiyalar kiritgan. Ammo Britaniya, loyiha rossiyalik kreditor tomonidan qo‘llab-quvvatlanganiga qaramay, “Yoshlik” konida shartnomalarni qo‘lga kiritishga urinayotgan firmalarga o‘z ta’sirini o‘tkazishda davom etmagan. 2022 yilda Britaniya delegatsiyasi Weir Group tomonidan ishlab chiqarilgan uskunalarni “Yoshlik” loyihasida foydalanish uchun 14,2 million yevro miqdorida eksport bitimini imzolashga yordam beradi. 2024 yil oktyabr oyida Britaniyaning eksport kredit agentligi U.K. Export Finance Ispaniyaning Santander banki tomonidan taqdim etilgan kreditni qayta moliyalashtirishni kafolatlaydi.

The Diplomat'ga ko‘ra, agar OKMK “Yoshlik” loyihasini moliyalashtirish uchun Gazprombankdan boshqa manbalarni topa olmasa, ikkilamchi sanksiyalar xavfi ostida qoladi. Bu esa kompaniyani deyarli izolyatsiyada qoldirib, eksportini diversifikatsiya qilishga harakat qilishi kerakligini anglatadi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров

Mavzuga oid