O‘zbekiston | 14:16
1091
2 daqiqa o‘qiladi

Ohangaronda mis quvurlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida Ohangaron tumanidagi Infinity Copper Group mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish korxonasida amalga oshirilayotgan loyiha, import o‘rnini bosish va eksport salohiyati bo‘yicha rejalar bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi davomida Ohangaron tumanida joylashgan Infinity Copper Group korxonasi faoliyatini ham ko‘zdan kechirdi. Korxonada mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, loyiha Xitoy va Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilmoqda. Umumiy qiymati 36 million dollarga teng bo‘lgan loyiha doirasida qurilish ishlari 90 foizga yakunlangan, 14,9 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.

Qayd etilishicha, 2025 yilda O‘zbekistonga 15 million dollarlik mis quvurlar va fitinglar import qilingan. Korxona to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng 10 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Korxonada 300 ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi, 200 milliard so‘m budjet tushumlari ta’minlanishi hamda 350 million dollarlik eksport amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mahsulotlarni Birlashgan Arab Amirliklari, AQSh, Afrika qit’asi va Yevropa davlatlariga yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Ma’lum qilinishicha, Infinity Copper Group O‘zbekistonda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallab, jami to‘rtta ishlab chiqarish korxonasini o‘z ichiga oladi.

Tashrif yakunida davlat rahbari mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli sanoat mahsulotlari ulushini oshirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, ichki bozor ehtiyojini to‘liq qondirish va eksport salohiyatini kengaytirish uchun raqobatbardosh, zamonaviy korxonalar sonini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid