O‘zbekiston | 22:57 / 04.06.2020
23374
5 daqiqa o‘qiladi

Yo‘llar, zavod va ish o‘rinlari. So‘xni rivojlantirish uchun 1 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratiladi

3 iyun kuni So‘x tumani hokimligida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov rahbarligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ushbu hududni tez fursatda obod maskanga aylantirish, tumanni har tomonlama rivojlantirish davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan muhim vazifalardan biri ekani ma'lum qilindi.

Foto: So‘x tumani hokimligi

Yig‘ilishda chiqish qilgan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning ma'lum qilishicha, tumandagi barcha muammolarni bartaraf etish uchun prezident qarori loyihasi tayyorlanmoqda va mazkur qaror loyihasi bo‘yicha tumanni iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan rivojlantirish uchun 1 trln. so‘mga yaqin mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

«Ikki kun davomida yurtboshimiz topshirig‘i bilan ishchi komissiya hududdagi vaziyatni o‘rgandi. Barcha vazirliklar kecha va bugun ishlab, o‘rganish natijalari umumiy dasturga kiritildi. Yurtboshimizning qarori loyihasini tayyorladik.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, So‘x tumanini rivojlantirish uchun 843 milliard so‘m ajratilishi mo‘ljallangan. Shu yilning o‘zida 288 milliard so‘mlik mablag‘ yo‘naltirilib, 5,5 mingta yangi ishchi o‘rni yaratishga qaror qilindi. Bu juda katta ish, bir hududga shuncha mablag‘ni qisqa muddatda ajratish va rejalarni amalga oshirish.

Asosiy muammolardan biri yo‘l masalasi. Umuman yo‘l yo‘q desayam bo‘ladi. Albatta biz yo‘l xo‘jaligini beton qoplamaga o‘tkazib, Rossiyaga keta olmay qolgan odamlarimizni ish bilan ta'minlash masalasini ko‘ryapmiz. Qo‘l bilan ishlaymiz va bu ko‘p vaqt turadi. Bu orqali mingga yaqin odamga ish topib beramiz. Shu bilan birga, birinchi navbatda infratuzilmani yaxshi qilishga e'tibor berishimiz kerak. Suv masalalari, kanalizatsiya masalalari, kabel, elektr. Avval shu ishlarni tugatib, keyin yo‘lni qilamiz.

Hurmatli bosh vazirimiz aytib o‘tdilar, pul tayyor. Hech qanday muammo bo‘lmaydi. Bu ishlarni tezda qilamiz. 

Yana bir masala suv masalasi. Bu yerda suv ko‘p, lekin suvni yetkazib berish muammo. Buni ham vazirliklar bilan birga o‘rgandik. Bugungi kunda tumanda 35 mingga yaqin aholi markazdan uzoqda, suvdan uzoqda yashayapti. Bularning hisob-kitobini oldik, yuz foiz ichimlik suvi bilan ta'minlaymiz. Suv manbasi bor, yetkazib berish masalasini hal qilamiz, trubalar bilan xonadonlarga yetkazib beramiz.

Keyingi masala uy masalasi. Bu yerda bir xonadonda 3-4 oila yashamoqda. Bu zamon talablariga javob bermaydi. Ko‘p qavatli uylar qurish imkoniyatimiz bor. 5 qavatli uylar, kerak bo‘lsa 7 qavatli uylar quramiz. Farg‘onada 16 qavatli uylar quryapmiz.

Bu yerda yer kam, shuning uchun tepaga qarab o‘sishimiz kerak, ko‘p qavatli uylar quramiz. Barcha sharoitlari bo‘ladi. Bu yerda 7 qavatli uylar qura olamiz.

Bu yerda qurilish materiallari sotiladigan do‘konlar ham qilamiz. Ustiga bir so‘m qo‘yilmaydi, xuddi Farg‘ona shahridagi narxlar bo‘ladi.

Bu hozircha. Balki keyinroq sement zavodi ham qurarmiz. Tashib yurishga hojat bo‘lmaydi. Bosh vazirimiz ruxsat bersa, bu yerda yiliga 100-200 ming tonna sement ishlab chiqaradigan zavod qursak bo‘ladi», degan Ramatov.

Bosh vazir Abdulla Aripov bu masalada tadbirkorga qaror chiqarib berilishini aytib, bu borada bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqovga topshiriq bergan.

Ochilboy Ramatov hududdagi qazilma boyliklar o‘zlashtirilishi haqida gapirgan.

«Qazilma boyliklarni o‘zlashtirish orqali xarajatlarni kamaytiramiz. Bundan tashqari, bu yerda ishsiz yurgan yoshlar ish bilan ta'minlanadi. 10 mingta bo‘lmasayam, 5,5 mingta yangi ish o‘rni yaratmoqchimiz», degan u.

Yig‘ilishda elektr energiyasi va gaz ta'minotidagi ishlar ham qayta ko‘rib chiqilishi qayd etilgan.

Ma'lumot uchun, So‘x tumani Qirg‘iziston hududida joylashgan eksklav hudud (Qirg‘iziston uchun anklav) bo‘lib, Qirg‘iziston bilan 135 kilometrlik chegaraga ega. Umumiy yer maydoni 220 kv.km.ni tashkil etadi.

Tumanda 19ta aholi yashash punkti bo‘lib, tumanda 60 mingdan ortiq kishi yashaydi. Tumanda 28ta o‘rta umumta'lim maktablari, 3ta kasb-hunar kolleji mavjud. Shuningdek, 200 bemorga mo‘ljallangan 2ta kasalxona va 12ta shifoxona, 10ta qishloq vrachlik punktlari tashkil qilingan. Tumanda kichik biznes sanoat korxonalari faoliyat yuritadi.
 

Mavzuga oid