Markaziy bank ilk bor xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritdi
O‘zbekiston Markaziy banki zaxiralarning bir qismini qimmatli qog‘ozlarga o‘tkaza boshladi. Regulyator shu paytga qadar oltin-valuta zaxiralarining 80 foizini oltinda va qolganini valutada saqlab kelgan.
Joriy yil 27-31 may kunlari Jahon banki missiyasining tashrifi doirasida O‘zbekiston Markaziy banki ilk bor xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritdi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
«Missiya davomida xalqaro zaxiralarni boshqarishda diversifikatsiyaning ahamiyati, jumladan, xorijiy davlatlar qimmatli qog‘ozlarni zaxiralar tarkibiga kiritish, xatarlarni baholash hamda Markaziy bankning tegishli tarkibiy bo‘linmalari ish jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha maxsus treninglar o‘tkazildi. Xususan, qimmatli qog‘ozlarga investitsiya kiritishda risklarni boshqarish, savdo va hisob-kitob amaliyotlarini o‘tkazish, buxgalteriya hisobi va komplayens-nazoratni amalga oshirish masalalari yuzasidan malaka oshirildi.
Shu bilan birga, mamlakatimiz tarixida ilk bor Markaziy bank zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida qimmatli qog‘ozlarga birlamchi investitsiya kiritish amaliyotlari o‘tkazildi hamda tegishli portfellar shakllantirildi», deyiladi regulyator xabarida.
Missiya yakunida Jahon banki g‘aznachiligi ekspertlarining xalqaro zaxiralarni boshqarish va tegishli tarkibiy bo‘linmalar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalari olingan. Shuningdek, zaxiralar tarkibiga yangi moliyaviy instrumentlarni kiritishni davom ettirish va Markaziy bank xodimlari malakasini oshirishga doir kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, bu chindanam tarixiy va jiddiy qadam. Regulyator shu paytga qadar oltin-valuta zaxiralarining 80 foizini oltinda va qolganini valutada saqlab kelgan.
«Bu chindanam tarixiy va jiddiy qadam. Yangi davrda oltin-valuta zaxiralarining tarkibida oltin ulushini kamaytirish masalasi 2019 yildan buyon ko‘tarib kelinadi. Bunday rejalar haqida juda ko‘p gapirilgan. Hatto 2 yil avval Markaziy bank raisi oltin-valuta zaxiralarini boshqarish strategiyasini o‘zgartirish boshlanganini ma’lum qilgandi. Lekin oltinning bir qismi o‘rniga qimmatli qog‘ozlar sotib olish xohishlari shu paytgacha amalga ko‘chmagan. Oltin kotirovkalarining uzluksiz o‘sishi fonida 2022 yilning oxiriga kelib oltin ulushini kamaytirish o‘rniga bondlar sotib olish rejalaridan voz kechilgani e’lon qilingandi. Kechagi uchrashuv va ochiqlama xabardan ko‘rinadiki, Markaziy bank oltin o‘zining tarixiy maksimumlariga yetgani va kotirovkalar buyog‘iga pasayish tendensiyasiga ega bo‘lishi mumkinligini inobatga ola boshlagan», deya ta’kidladi Otabek Bakirov.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
11:23 / 01.11.2024