Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning ilk sanksiyalari Putinni tinchlikka majburlay oladimi?
AQSh va Rossiya prezidentlarining uchrashuvi bekor qilingach, Tramp Moskvaga qarshi ilk sanksiyalarini e’lon qildi. Bundan tashqari, Yevroittifoq ham 19-paket sanksiyalar bilan Rossiyaga navbatdagi zarbani yo‘lladi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar bu choralarning ta’siri haqida so‘z yuritdi.
Kamoliddin Rabbimov: Rossiya budjetining qariyb 21,8 foizi “Lukoyl” va “Rosneft” kompaniyalaridan tushadigan soliqlar hisobiga shakllanadi. Bu miqdor taxminan 8 trillion rublni tashkil etadi. 2024 yilda Rossiyaning harbiy xarajatlari 13,1 trillion rubl bo‘lgan. Ya’ni urush uchun sarflanayotgan mablag‘ning qariyb 80 foizi aynan “Lukoyl” va “Rosneft”dan tushayotgan daromadlar hisobidan qoplanmoqda. Shuning uchun ham bu sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotining “belini sindiradigan” darajada jiddiy oqibatlarga olib keladi, deyish mumkin.
Putin bu sanksiyalar “bizga jiddiy ta’sir qilmaydi” dedi. Tramp esa bunga kulimsirab: “Agar shunday bo‘lsa, yaxshi, olti oydan keyin ko‘ramiz”, deb javob qaytardi.
Sanksiyalardan keyin Putinning eng yaqin muzokarachisi Kirill Dmitriyev darhol Vashingtonga yo‘l oldi. U yerda u “Ukraina bizning shartlarimizga rozi bo‘ldi”, deb bayonot berdi. Aslida esa sanksiyalardan so‘ng aynan Rossiyaning o‘zi murosaga yaqinlashgan, Ukrainaning pozitsiyasi esa o‘zgarmagan.
Anvar Yo‘ldoshev: Shu paytgacha Yevropa Ittifoqi 18 ta sanksiyalar paketini joriy qildi. 18 ta paket Rossiyani “o‘tirg‘izib” qo‘ymadi-ku, o‘n to‘qqizinchisi o‘tqizadimi? Menimcha, bu ta’sir qiladi, lekin siz aytgan darajada emas.
Kamoliddin Rabbimov: Shimoliy Koreya 70-80 yildan beri sanksiyada o‘tiribdi. Eron ham salkam 50 yildan beri sanksiyalar ostida. Sanksiyalar davlatni, xalqni o‘ldirib qo‘ymaydi, umumiy qudratini so‘ndirib tashlaydi.
Sanksiyalar birdaniga ta’sir qilmaydi. Lekin hozirning o‘zida Rossiyaga borsangiz, mashinalar narxi oshib ketgan... Rossiya, Erondan farqli ravishda, Yevropa iqtisodiyotiga kuchli integratsiya bo‘lgan.
Shuhrat Rasul: Rossiya iqtisodiyoti allaqachon global iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga aylangan edi. Putin o‘z prezidentligi davrida mamlakatni jahon bozoriga integratsiya qilishga erishdi. Yirik Rossiya kompaniyalari fond birjalarida aksiyalarini sotib, xalqaro investorlar ishtirokida faoliyat yurita boshlagan. Ammo bugungi sanksiyalar bu tizimni izdan chiqarmoqda.
AQSh sanksiyalaridan keyin, Rossiya neftining asosiy xaridorlari bo‘lgan Xitoy va Hindiston ham dengiz yo‘li orqali tashiladigan neftdan bosqichma-bosqich voz kechmoqda. Masalan, Xitoy ilgari Sharqiy Sibir quvuri orqali kuniga 900 ming barrel neft olgan bo‘lsa, yana 1,4 million barrelni dengiz portlari orqali import qilgan. Hozir esa Xitoy davlat kompaniyalari ushbu hajmning 500 ming barrelidan voz kechdi. Bu hali jarayonning boshlanishi xolos.
Agar AQSh sanksiyalar bosimini yanada kuchaytirsa va 30 oktyabr kuni Tramp hamda Si uchrashuvida Vashington Pekinga ma’lum savdo imtiyozlarini bersa, bu jarayon Rossiya uchun yanada xavfli tus oladi. Chunki hozirda Rossiyaning iqtisodiy taqdiri endi o‘z qo‘lida emas, u haqda boshqa davlatlar, xususan, AQSh va Xitoy qaror qilmoqda. Bu esa Rossiyaning real suvereniteti, ya’ni o‘z mustaqil iqtisodiy siyosatini yuritish imkonini qisman yo‘qotganini anglatadi.
Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:13 / 19.12.2025
Britaniya «Rossiya bilan aloqalari tufayli» O‘zbekistonning 4 ta kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi
14:46 / 17.12.2025
🔴 LIVE: “Rossiyaning beshta talabi bor” – Ryabkov | "Geosiyosat"
17:55 / 16.12.2025
Ukrainada sulh va saylov ehtimoli ortmoqda - siyosatshunoslar
14:44 / 16.12.2025