Iqtisodiyot | 16:43 / 23.12.2025
3430
4 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Oltin sotish to‘xtadi, go‘sht importi keskin o‘syapti, elektr sotish 58 foizga oshdi – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi

2025 yilning 11 oyida O‘zbekistonga 761 mln dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari olib kirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 68 foizga ko‘p. Noyabr oyida ham oltin eksport qilinmadi. Bu jahon bozorida narxlarning nisbatan arzonlashgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Hisobot davrida 152 mln dollarlik elektr toki sotildi. Bu qiymat jihatdan 2024 yilga nisbatan 58,4 foizga yuqori ko‘rsatkich.

2025 yil yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 72,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 13 mlrd dollarga yoki 21,8 foizga ko‘p.

Bunda eksport hajmi 30,9 mlrd dollar (+26,2 foiz), import hajmi esa 41,8 mlrd dollar (+18,7 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa qariyb 11 mlrd dollar.

Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (20,1 foiz), Rossiya (16,2) Qozog‘iston (6 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Janubiy Koreya (2,2 foiz) bilan qayd etilgan.

Dastlabki 11 oylikda o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, yirik hamkor davlatlardan faqatgina Janubiy Koreya (-13,5 foiz) bilan savdo aylanmasi miqdori qisqargan. Qolgan 19 ta davlat bilan umumiy savdo hajmi sezilarli darajada ko‘paygan. Xususan, Shveytsariya (+101 foiz), BAA (+90,8 foiz), Afg‘oniston (+46,7 foiz), Niderlandiya (+45,2 foiz) va Hindiston (+35,4 foiz) kabi davlatlar bilan umumiy savdo aylanmasida katta o‘sish qayd etilgan.

Eksport

Hisobot davrida 9,9 mlrd dollarlik (+49,4 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 32 foizini tashkil etadi. Oxirgi 2 oyda qimmatbaho metall eksporti amalga oshirilmagan.

Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (11,3 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,7 foiz), kimyoviy vositalar (6 foiz), turli xil tayyor buyumlar (5 foiz) va mineral yoqilg‘ilar (4,5 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.

Eksport tovarlari tarkibiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yanvar-noyabr oylarida sabzavotlar va mevalar (+39,1 foiz), donli ekinlar (+41,8 foiz), sut mahsulotlari va qush tuxumlari (+47,5 foiz) sotuvida keskin o‘sish qayd etilgan. Go‘sht va go‘sht mahsulotlari (-77,9 foiz) eksportida pasayish kuzatilgan.

Hisobot davrida 624 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,2 foizga ko‘p. Bundan tashqari, 604 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (+15,2 foiz), 152 mln dollarlik elektr toki (+58,4 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan. Shuningdek, 282 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 24,7 foizga kam.

Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (13 foiz), XXR (6 foiz), Afg‘oniston (4,3 foiz), Qozog‘iston (4,3 foiz), Turkiya (3,3 foiz), Fransiya (2,5 foiz), BAA (2,1 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (1,8 foiz), Tojikiston (1,7 foiz) va Pokiston (1 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 40 foizni tashkil etadi.

Import

Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (33,6 foiz), sanoat tovarlari (15,7 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,2 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan.

2025 yilning 11 oyida 4 mlrd dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga ko‘p. Eng katta o‘sish go‘sht va go‘sht mahsulotlari (761 mln dollarlik) importida kuzatilgan – 68,5 foiz. Hisobot davrida 1 mlrd 456 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning 99 foizini tashkil etadi. Shuningdek, 1 mlrd 393 mln dollarlik (+5,3 foiz) benzin import qilingan.

Yettita davlat, jumladan, Xitoy (30,5 foiz), Rossiya (18,5 foiz), Qozog‘iston (7,2 foiz), Turkiya (3,9 foiz), Koreya (3,6 foiz), Germaniya (2,5 foiz) va Hindistondan (2,5 foiz) jami importning 60 foiz qismi amalga oshirilgan.

Mavzuga oid