Jahon | 15:26 / 03.03.2026
12309
8 daqiqa o‘qiladi

«Urushni biz boshlamadik». AQSh va Isroil rahbarlari urushning maqsad va istiqbollari haqida nima demoqda?

Pentagon rahbari Pit Hegset urushni 47 yil oldin Eron boshlagani, AQSh esa unga chek qo‘yishini aytdi.

Foto: Brendan Smialowski / AFP / Scanpix / LETA

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi shanba kuni boshlangandi. Shu vaqtgacha Donald Trampning ilk soatlardagi murojaati ushbu harbiy amaliyotning maqsadlari va istiqbollari bo‘yicha asosiy bayonot bo‘lib qolayotgandi. Dushanba kuniga kelib AQSh rahbariyatining bir necha vakillari, shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu matbuot anjumanlari o‘tkazdi, intervyular berdi va jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Quyida ular urushning keyingi rivoji va uning maqsadlari, shuningdek, urush nega aynan hozir boshlangani yuzasidan nimalar degani haqida.

Urush qancha davom etadi?

Dushanba kuni Donald Tramp jurnalistlarga Erondagi urush to‘rt-besh hafta davom etishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh avvaliga Eron harbiy rahbariyatini yo‘q qilishning o‘ziga to‘rt hafta ketishini mo‘ljallagandi. «Ammo biz grafikdan o‘zib ketdik», – dedi Tramp.

Shu bilan birga, u AQSh zarurat bo‘lsa bundan ham uzoqroq vaqt jang qilishga tayyorligini qo‘shimcha qilgan.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio esa urushning davomiyligi bo‘yicha prognoz berishga shoshilmadi.

«Bizda maqsadlar bor. Bu maqsadlarga erishish uchun qancha vaqt talab etilsa, buni shuncha vaqt davom ettiramiz», – dedi u.

U taktik harakatlar bo‘yicha tafsilotlarni ochiqlamoqchi emasligi, ammo Amerika harbiylarining eng og‘ir zarbalari hali oldinda ekanini ta’kidlagan. «Keyingi bosqich Eron uchun hozirgidan ham og‘irroq bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi Rubio.

Tramp ham CNN uchun bergan intervyusida shu ma’noda gapirgan: «Biz hali ularga jiddiy zarba berishni boshlaganimiz ham yo‘q. Katta to‘lqin hali boshlangani yo‘q. Katta to‘lqin kelmoqda», – dedi u.

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset esa Erondagi urush «abadiy» davom etmasligini va’da qilgan. U ham Rubio kabi prognoz berishni xohlamagan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham Fox News telekanaliga intervyusida shunday formulirovkadan foydalandi. «Tugamaydigan urush bo‘lmaydi», – degan u.

Quruqlik amaliyoti o‘tkaziladimi?

Hozircha AQSh va Isroilning harakatlari havo zarbalari bilan cheklanmoqda. Shu bilan birga, kelgusida Eronda quruqlik amaliyoti o‘tkazilishi ehtimoli ham muhokama qilinmoqda.

Pit Hegset hozirda Eronda Amerika qo‘shinlari yo‘qligi, ammo Amerika kelajakda nima qilish yoki qilmasligi haqida gapirmasligini qayd etgan.

Tramp New York Post uchun intervyusida amaliyotga quruqlik qo‘shinlarini ham jalb etmaslikka va’da bera olmasligini bildirgan.

Rubio esa AQSh harbiy kampaniya maqsadlariga quruqlik amaliyotsiz ham erishishni mo‘ljallayotganini aytdi.

Urushning maqsadlari

The White House via X Account/Anadolu via Getty Images

Tramp shanba kungi murojaatida Eron yadroviy dasturini yo‘q qilishni asosiy maqsad sifatida keltirgandi. «Bu juda oddiy xabar. Ularda hech qachon yadro quroli bo‘lmaydi», – degan u.

Tramp rejim almashishi masalasini ham tilga olgan: u Islom inqilobi muhofizlari korpusini qurollarni tashlashga, Eron xalqini esa Amerika o‘z ishini tugatganidan keyin hokimiyatni qo‘lga olishga chaqirgandi.

Tramp ma’muriyati vakillari esa rejim almashishi borasida ancha mulohazakorlik bilan gapirgan.

«Eron xalqi hukumatni ag‘darib, mamlakatning yangi kelajagini qurishi mumkinligiga umid qilamz. Biz bundan juda xursand bo‘lgan bo‘lardik», – dedi Rubio.

Ammo bu urushning asosiy maqsadi emasligini qo‘shimcha qilgan. «Amaliyotdan maqsad – ularning raketa va harbiy-dengiz kuchlari salohiyatini yo‘q qilish», – degan Davlat departamenti rahbari.

Pit Hegset ham uning bu boradagi fikriga qo‘shiladi: bu rejimni o‘zgartirish uchun olib borilayotgan urush emas, degan u.

U urushni Vashington emas, 47 yil oldin aynan Eron boshlagani, bu davrda eronliklar dunyoning ko‘plab nuqtalarida Amerika harbiylari va fuqarolariga hujumlar uyushtirganini aytib o‘tgan. «Bu urushni biz boshlamadik. Ammo Tramp prezidentligi davrida biz bu urushni yakunlaymiz», – degan Hegset.

Qayd etish kerakki, bu orqali u amalda Rossiya hukumati vakillarining Ukrainaga bosqinni oqlash uchun ishlatadigan ritorikasini takrorlamoqda. «Harbiy harakatlarni Rossiya boshlamadi, Rossiya ularni yakunlaydi», – deya bayonot bergandi RF mudofaa vazirligi 2022 yil fevralida.

Binyamin Netanyahu ham 28 fevral kungi videomurojaatida Isroil va AQSh «Erondagi terrorchi rejim tomonidan ekzistensial tahdidlar»ni bartaraf etish uchun qo‘shma amaliyot boshlagani, Isroil amalda o‘zini himoya qilayotganini aytgandi.

Erondagi urushning aniq maqsadlari haqida gapirarkan, Vashingtondagilar AQSh harbiylari jalb qilingan Afg‘oniston va Iroqdagi mojarolar bilan farqlarni ta’kidlashga harakat qilmoqda.

«Donald Tramp hech qachon oxiri ko‘rinmaydigan va aniq maqsadlarsiz ko‘p yillik mojaroga aralashishiga yo‘l qo‘ymaydi», – dedi vitse-prezident Jyey Di Vens Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

Nega aynan hozir?

Eron bo‘ylab zarbalar Jyenevada O‘mon sultonligi vositachiligida bo‘lib o‘tgan muzokaralarning uchinchi raundi ortidan berildi. Tramp shanba kungi murojaatida bu muzokaralarga to‘xtalmagandi.

AQSh prezidenti maxsus vakili, Jyenevadagi asosiy muzokarachilardan biri bo‘lgan Stiv Uitkoff Fox News uchun intervyusida ikkinchi raunddan keyin kelishuvga erishib bo‘lmasligi ayon bo‘lganini haqida gapirgan.

AQSh davlat kotibi Mark Rubio esa Isroil baribir hujum qilishga ahd qilgani va agar AQSh bunga qo‘shilishiga to‘g‘ri kelganini aytgan.

«Birinchidan, Eronga kim hujum qilsa ham, ular bunga javoban zarba berishlari va bu javob AQShga qarshi qaratilishi aniq edi. Biz Isroil harakat qilishini bilardik, buning ortidan Amerika kuchlariga hujum bo‘lishini bilardik va agar ogohlantiruvchi zarba bermasak, ko‘proq yo‘qotishlarga duch kelishimizni bilardik», degan u.

Shu bilan birga, Netanyahu Isroil AQShni urushga tortgani haqidagi taxminni bema’ni deb atadi. «Tramp o‘zi to‘g‘ri deb bilgan ishni qiladi, bu esa to‘g‘ri», – dedi Isroil bosh vaziri.

Netanyahu aynan hozir harakat qilish kerak bo‘lganini, chunki Eron bir necha oy ichida o‘zining «ballistik raketalar dasturi va atom bombasini hujumlar daxl yetkaza olmaydigan darajada rivojlantirishi mumkin bo‘lgani»ni qayd etgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid