O‘zbekiston | 11:33 / 30.09.2020
12621
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar haqida foto va video yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi

Prezident “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab:

aholi tomonidan Davlat ekologiya qo‘mitasining Internet tarmog‘idagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;

huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining o‘n besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;

huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida yuborilgan fotosuratlar va videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi;

huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosuratlar, videoyozuvlar va xabarlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi:

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar barcha hududlardagi aholiga atrof-muhit, shu jumladan, maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlar holati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini beruvchi, bu boradagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi foto va video materiallarni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan Internetdagi maxsus axborot tizimini yaratish hamda har bir xabar berilgan holat bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish tizimining joriy qilinishini ta'minlaydi;

chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda ekologik tarbiya va targ‘ibotni samarali tashkil etish hamda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan hamkorlik qiladi;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish holati haqida jamoatchilik xabardorligini oshirishga qaratilgan axborot-tahlil va media materiallarini tayyorlash, ekologik madaniyatni oshirish, huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish choralarini kuchaytiradi;

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari tizimini shakllantirish ishlarini muvofiqlashtiradi.

Mavzuga oid