Iqtisodiyot | 12:44 / 25.10.2024
2226
3 daqiqa o‘qiladi

Yandex Uzbekistan Express24'ning bir qismini sotib oladi

Ikki kompaniya taom yetkazib berish bo‘yicha yagona platformani yo‘lga qo‘yadi. Yandex Uzbekistan'ga ko‘ra, bitim iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazorati talablariga tushmaydi, shunday bo‘lsa-da, Raqobat qo‘mitasiga xabar berilgan.

Foto: Express24

Yandex Uzbekistan kompaniyasi Express24 yetkazib berish xizmati aktivlarining bir qismini sotib oladi. Buni Kun.uz'ga xaridor tomonning matbuot xizmati tasdiqladi.

Bitim yaqin vaqt ichida yopiladi. Kelishuv qiymati ochiqlanmadi.

Ma’lum qilinishicha, kompaniyalar O‘zbekistonda taom yetkazib berish xizmati bo‘yicha yagona texnologik platforma yaratishga kelishib olgan. Express24 ilovasi ishlashda davom etadi.

“Bitim yopilganidan keyin, Yandex Go ilovasidagi Eats servisi va Express24 yagona texnologik platformaga o‘tadi. Buning natijasida buyurtmalar zichligi oshadi, kurerlar ko‘proq buyurtmalarni yetkazib berishlari va shunga mos ravishda ko‘proq daromad olishlari mumkin bo‘ladi”, deyiladi Yandex Uzbekistan tomonidan Gazeta.uz'ga taqdim etilgan relizda.

Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu kelishuv mijozlarga o‘z buyurtmalarini tezroq olish imkonini beradi, restoranlar bo‘yicha tanlov imkoniyati kengayadi.

Express24 servisining restoran-hamkorlari esa yetkazib berish hududini kengaytirishi va yangi platformadagi restoranni ilgari surish vositalaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Kun.uz Yandex Uzbekistan kompaniyasi va Raqobat qo‘mitasiga: “Ushbu bitim uchun monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinganmi yoki bu bitim iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazorati talablariga muvofiq emasmi?” degan savol bilan murojaat qildi.

“Bitim monopoliyaga qarshi organ tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘lgan bitimlar mezonlariga to‘g‘ri kelmasligiga qaramay, kompaniya bitim va uning tuzilishi haqida qo‘mitaga ma’lum qildi”, – deyiladi Yandex Uzbekistan axborotida.

Raqobat qo‘mitasi vakili bu boradagi rasmiy munosabat taqdim etilishini bildirdi.

“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, iqtisodiy konsentratsiyaga oid bitimlarda ishtirok etayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardan biri aktivlarining balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi BHMning 250 ming baravari miqdoridan ortiq yoxud ularning aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi BHMning 500 ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa, monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish talab etiladi.

Mavzuga oid