O‘zbekiston | 22:54 / 18.05.2021
8195
2 daqiqa o‘qiladi

Poliklinikalarda shtatlar, xodimlarning malaka talablari va jihozlash standartlari takomillashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 may kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash masalasiga e'tibor qaratildi.

Bugungi kunda 250 dan ziyod kasalliklarning 87 tasini birlamchi bo‘g‘inda davolash mumkin. Buning uchun mazkur bo‘g‘inni malakali kadrlar, shoshilinch yordam uchun zarur 50 xil dori va 16 turdagi tibbiyot vositalari bilan ta'minlash kerak.

Prezident surunkali kasalliklarni birlamchi bo‘g‘inda davolash, ayniqsa, yurak-qon tomir va oshqozon-ichak xastaliklari profilaktikasini kuchaytirish muhimligini ta'kidladi. Birlamchi bo‘g‘inda davolash zarur bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha bepul tibbiy xizmatlar paketi joriy etilishi belgilandi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda oilaviy shifokorlar malakasini oshirish, «Qishloq shifokori» dasturi doirasida olis va chekka hududlarga mutaxassislarni jalb qilish kerakligi qayd etildi.

Oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda shtatlar normativi, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining malaka talablari, jihozlash standartlarini takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, onalar va bolalarni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, bolalarning to‘g‘ri ovqatlanishini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta'kidlandi. Har bir hudud bo‘yicha tahlillardan kelib chiqib, maqsadli skrininglar o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.

Viloyatlarda Perinatal va Skrining markazlari yagona klaster sifatida birlashtirilib, tumangacha tushadigan bo‘g‘in tashkil qilinishi qayd etildi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid