Jamiyat | 16:59 / 10.05.2017
11317
3 daqiqa o‘qiladi

Buxorodagi «Mir Arab» madrasasiga «Oliy madrasa» maqomi berilishi mumkin

10 may kuni «Hilol-nashr» matbaa-nashriyotida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning shogirdi, «Islom ota» jome' masjidining imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajidning «Xatmi Qur'onga marhabo!» kitobi hamda «Qur'on tartili» saboqlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Taqdimot marosimiga O‘zbekistonning din peshvolari, ulamolar, qorilar va boshqa ko‘plab mehmonlar tashrif buyurdi. O‘zbekiston musulmonlar idorasining raisi, muftiy Usmonxon Alimov Toshkent shahri bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrullo qori, «Islom ota» jome' masjidi imom-xatibi Abdulhakim qori Matqulov hamda boshqa ko‘plab mehmonlar yangi qurilgan «Hilol-nashr» markaziy savdo do‘koni hamda bosmaxona majmuasi bilan tanishishdi.

Foto:  muslim.uz

Muftiy Usmonxon Alimov mazkur tadbirda so‘zga chiqar ekan shunday dedi:

“Hozirda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutining «Tahfizul-Qur'on» bo‘limida qorilar yetishib chiqmoqda va yurtimizdagi masjidlarda tashkil qilinayotgan xatmi Qur'onlarda faol ishtirok etmoqda. Bunday qorilarni yetishtiradigan dargohlarga yana ehtiyojimiz bor, inshoolloh, bu borada ham yaxshi niyatlarimiz, rejalarimiz bor. Jumladan, Prezidentimiz rahbarligida Buxorodagi «Mir Arab» madrasasini «Oliy madrasa» qilish loyihasi ishlanyapti. Unda ham Ma'haddagi kabi «Tahfizul Qur'on» kafedrasi bo‘lishi rejalashtirilyapti. Bu ham yana bir Qur'on dargohi bo‘ladi. Alloh nasib qilsa, yana ko‘plab xayrli ishlar amalga oshadi”.

Tadbirda ishtirok etgan Ismoil Muhammad Yusufning ta'kidlashicha, otalari shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Tafsir Hilol» hamda «Hadis va Hayot» turkumining katta qismi Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlaridagi kutubxonalardan joy egallaydi.  Bu masalada mahalliy Haramayn maktabasi bilan kelishuvga erishilgan.  “Bundan buyon dunyoning turli chekkalaridan haj va umra safari niyatida ikki haramga borgan hojilarimiz ustozimizning kitoblarini o‘z ona tillarida o‘qib, ulardagi ilm-ma'rifatdan bahramand bo‘lishlari mumkin bo‘ldi. Kuni kecha kitob karvonining birinchi qismi «O‘zbekiston pochtasi» orqali Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi”, dedi Ismoil Muhammad Yusuf.

Foto:  muslim.uz

Taqdimot yakunida muallif barcha mehmonlarga esdalik hadyalarini topshirdi, muxlislarning iltimosiga binoan yangi kitobga dastxatlar yozib berdi.

Foto:  muslim.uz
Foto:  muslim.uz
Foto:  muslim.uz
Foto:  muslim.uz
Foto:  muslim.uz
Foto:  muslim.uz

 

 

Mavzuga oid