Jahon | 21:52 / 03.03.2026
76442
14 daqiqa o‘qiladi

Eronni qo‘rquvda ushlab turgan kema – “Avraam Linkoln” aviatashuvchisi haqida

2026 yil yanvar oyi oxirlarida AQShning “Avraam Linkoln” aviatashuvchi kemasi Fors ko‘rfazi yaqiniga keldi. Bortida ko‘plab samolyot va vertolyotlar joylashgan bu kema AQSh va Eron o‘rtasida keskinlik yuzaga kelgani uchun Yaqin Sharqqa yuborilgandi.

Bugun AQSh qurolli kuchlari tarkibida o‘ndan ortiq aviatashuvchi kema bo‘lib, ularning barchasi yadroviy yonilg‘ida harakatlanadi. Ular orasida “Avraam Linkoln” va “Jyerald Ford” nomli aviatashuvchilar ham bor.

AQSh va Eron o‘rtasida kechayotgan keskin vaziyat fonida “Avraam Linkoln” Fors ko‘rfazi atrofida suzib yuribdi. “Jyerald Ford” ham shu tomon kelmoqda. Xo‘sh, bu kemalar qanday qudratga ega? Hozir shu haqida gaplashamiz.

“Avraam Linkoln” aviatashuvchisi qachon qurilgan?

“Avraam Linkoln” aviatashuvchisi “Nimits” turkumiga kiruvchi kema bo‘lib, u 1980-yillarda qurilgan va 1988 yilda suvga tushirilgan. Amerikaliklar bu turdagi yirik kemalardan 10 ta yasagan va ular turli yillarda foydalanishga topshirilgan.

Foto: alamy.com

Ular qo‘yidagilar:

·      “Nimits” – 1972 yilda suvga tushirilgan;

·      “Duayt Eyzenxauer” – 1975 yilda suvga tushirilgan;

·      “Karl Vinson” – 1980 yilda suvga tushirilgan;

·      “Teodor Ruzvelt” – 1984 yilda suvga tushirilgan;

·      “Avraam Linkoln” – 1988 yilda suvga tushirilgan;

·      “Jorj Vashington” – 1990 yilda suvga tushirilgan;

·      “Jon Stennis” – 1993 yilda suvga tushirilgan;

·      “Harri Trumen” – 1996 yilda suvga tushirilgan;

·      “Ronald Reygan” – 2001 yilda suvga tushirilgan;

·      “Katta Jorj Bush” – 2006 yilda suvga tushirilgan;

Yirik aviatashuvchi kemalarning “Nimits” turiga kirishining sababi oddiy, AQShda yasalgan birinchi yirik aviatashuvchi shu nom bilan atalgan.

“Avraam Linkoln” aviatashuvchisi bu turdagi kemalarning beshinchisi hisoblanadi. U AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln sharafiga shunday nomlangan.

Kemani qurish uchun o‘sha vaqtda 4,5 mlrd dollar sarflangan. U AQSh harbiy floti tarkibiga 1989 yilda qo‘shilgan. Kemaning asosiy xizmat joyi Tinch okeani hisoblanadi.

Bugungi kunda “Avraam Linkoln” aviatashuvchisiga Emi Bauernshmidt qo‘mondonlik qiladi. U AQSh tarixida aviatashuvchi kemaga qo‘mondon bo‘lgan birinchi ayol hisoblanadi.

Foto: alamy.com

 “Avraam Linkoln”ning texnik imkoniyatlari:

·      Uzunligi – 332,8 metr;

·      Eni – 76,8 metr;

·      Og‘irligi – 97 000 tonna

·      Dvigatellar soni – ikkita yadro reaktori, to‘rtta turbina;

·      Dvigatellar quvvati – 260 ming ot kuchi;

·      Maksimal tezligi – soatiga 56 km;

·      Ekipaj soni – 3 200 nafar;

·      Uchuvchilar va boshqa harbiylar soni – 2 480 kishi;

·      Aviatsiya guruhi – 90 ta samolyot, vertolyot va drondan iborat.

Kemaga havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi, turli rusumdagi raketalar, radar va radiolokatsiya uskunalari joylashtirilgan.

Kema bortidagi harbiy samolyotlar va vertolyotlar sakkizta eskadrilyaga bo‘lingan. Ularning asosiy qismini F/A-18E Super Hornet, F/A-18F Super Hornet, F-35, EA-18G Growler samolyotlari, MH-60S Seahawk, MH-60R Seahawk vetrolyotlari tashkil etadi.

“Avraam Linkoln” qatnashgan urushlar va qurolli mojarolar

1989 yilda AQSh harbiy-dengiz kuchlari safiga qabul qilingan “Avraam Linkoln” birinchi uzoq safarni 1991 yilda amalga oshiradi va may oyida Tinch okeanidan Fors ko‘rfaziga keladi.

O‘sha yili yanvar-fevral oylarida AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Iroqqa qarshi “Sahrodagi bo‘ron” harbiy amaliyotini o‘tkazgan va unda iroqliklar mag‘lub bo‘lgandi.

Foto: alamy.com

Kema Fors ko‘rfazida turganida Filippindagi vulqon uyg‘onadi. Shundan so‘ng uni Filippindagi AQSh fuqarolarini qutqarish uchun Janubiy-Sharqiy Osiyoga jo‘natishadi.

O‘shanda “Avraam Linkoln” boshchilik qilgan 22 ta kemadan iborat armada 45 mingdan oshiq odamni vulqon ta’siri ostidagi hududlardan Filippindagi AQSh dengiz bazasiga olib boradi.

Filippindagi qutqaruv amaliyotidan so‘ng kema yana Fors ko‘rfaziga qaytadi. Uning bortidagi harbiy samolyotlar bu yerda patrullik qiladi.

1993 yilda “Avraam Linkoln” Somali qirg‘oqlari yaqiniga jo‘natiladi. Kema bu yerda BMT tomonidan amalga oshirilayotgan gumanitar yordam amaliyotlariga ko‘maklashadi. Shuningdek, kemadagi harbiy samolyotlar AQShning Mogadishioda o‘tkazgan harbiy amaliyoti vaqtida havoda patrullik qiladi.

Shu yili AQShda armiyaga ayollarni qabul qilmaslik haqidagi qonun bekor qilinadi. Shundan so‘ng “Avraam Linkoln”ga va undagi samolyotlarni boshqarishga ayollar ham qabul qilinadi. Ko‘p o‘tmay ularning biri bilan baxtsiz hodisa yuz beradi.

1994 yilda ayol uchuvchi boshqaruvida bo‘lgan F-14 harbiy samolyot kema bortiga qo‘nish chog‘ida halokatga uchraydi. Oqibatda uchuvchi halok bo‘ladi. Okeanga qulab tushgan samolyot kemaning tumshuq qismini biroz shikastlaydi.

2001 yil 11 sentabrdagi teraktlardan so‘ng kema yana Fors ko‘rfaziga yuboriladi. O‘sha paytda Afg‘onistonga qo‘shin kiritgan AQSh Iroqqa hujum qilishga shaylanayotgandi.

Foto: alamy.com

2003 yil 20 mart kuni AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya yana Iroqqa bostirib kiradi. Urush boshlanganidan uch hafta o‘tib, 9 aprel kuni Bag‘dod egallanadi. Mamlakat rahbari Saddam Husayn Bag‘doddan noma’lum tomonga qochib, yashirinadi.

Iroq armiyasining so‘nggi bo‘linmalari Saddam Husayn tug‘ilgan Tikritda yig‘ilib qarshilik ko‘rsatadi. 15 aprel kuni bu shahar ham ishg‘ol qilinadi. Shundan so‘ng Iroq armiyasi qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatadi.

2003 yil 1 may kuni AQSh prezidenti Kichik Jorj Bush xalqaro koalitsiya kuchlari Iroqda g‘alaba qozonganini e’lon qiladi.

Iroqqa qarshi urush paytida “Avraam Linkoln” bortidagi harbiy samolyotlar 16 500 marta parvoz qiladi.

Kichik Jorj Bush Iroq ustidan qozonilgan g‘alabani e’lon qilgandan so‘ng kema AQShga qaytadi va ta’mirlash ishlari boshlanadi.

2004 yil 26 dekabr kuni Hind okeanining Janubiy-Sharqiy Osiyodagi qismida kuchli zilzila sodir bo‘ladi. Oqibatda baland to‘lqinlar shakllanadi va ular Hind okeani qirg‘oqlarda joylashgan uylarni va boshqa binolarni vayron qiladi.

Shunda AQSh “Avraam Linkoln”ni zilziladan eng ko‘p jabrlangan Indoneziya sohillari tomon yo‘llaydi. Kema bortidagi samolyotlar va vertolyotlar gumanitar yordam yuklarini tarqatishda qatnashadi.

2004 yildan hozirgacha “Avraam Linkoln” dunyo bo‘ylab aylanib yuribdi. O‘tgan yillar orasida u bir necha marta o‘quv mashqlarida qatnashdi, Fors ko‘rfaziga kelib ketdi, ta’mirlandi.

Foto: alamy.com

2026 yil yanvarda Eronda hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar boshlandi. Bu orada Eron va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar yana taranglashdi. Shunda “Avraam Linkoln” yana Fors ko‘rfaziga keldi.

Hozirgi kunda kema yuzga yaqin harbiy samolyot va vetrolyot bilan Arab dengizida turibdi.

“Avraam Linkoln” haqida qiziqarli ma’lumotlar

“Avraam Linkoln” va uning bortidagi samolyotlar hamda vertolyotlar umumiy 12-16 mlrd dollar atrofida narxlanadi. Bu miqdor ayrim davlatlarning yalpi ichki mahsulot hajmidan ham ko‘p hisoblanadi.

Kemaga o‘rnatilgan ikkita yadro reaktori kemaning 20-25 yil hech qanday yonilg‘isiz harakatlanishi uchun yetadi.

“Avraam Linkoln” tom ma’noda “suzib yuruvchi shahar” hisoblanadi. Uning bortida 5 ming kishi doimiy yashaydi. Ular uchun har kuni 15 ming porsiya ovqat tayyorlanadi. Kemadagi suv tozalash uskunalari bir sutkada 400 ming gallon toza suv ishlab chiqaradi.

Kemadagi har birining og‘irligi 27 tonna bo‘lgan ikkita langar tilla rangiga bo‘yalgan. Ayrimlar langarlar oltindan yasalgan deyishadi. Unday emas, langarlar shunchaki tilla rangiga bo‘yalgan. Bu ish kema “Oltin langar” mukofotini qo‘lga kiritgach qilingan.

“Avraam Linkoln” palubasiga beshinchi avlod F-35 samolyotlari ham uchib, qo‘na olishi uchun moslashtirilgan birinchi aviatashuvchi hisoblanadi.

Kema korpusi har birining og‘irligi 120 tonna bo‘lgan 169 ta bo‘lak biriktirib yasalgan.

Foto: alamy.com

1999 yilda “Avraam Linkoln”da yong‘in sodir bo‘ladi va shunda Tomahawk turidagi raketalarni uchiruvchi uskunalar ishdan chiqadi.

“Avraam Linkoln” dunyoning istalgan chekkasida suza oladigan mobil aviabaza hisoblanadi.

2021 yilda kema to‘liq modernizatsiya qilinadi va bu uchun AQSh 160 mln dollar sarflaydi.

Fors ko‘rfazi tomon yuborilgan ikkinchi aviatashuvchi

So‘nggi kunlarda AQSh Yaqin Sharqqa yana bir aviatashuvchi “Jyerald Ford” kemasini yuborgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu kema yangi avlod aviatashuvchi hisoblanadi.

Amerikaliklar bu turdagi kemalarni “Nimits” turidagi aviatashuvchilarni bosqichma-bosqich almashtirish uchun ishlab chiqarmoqda. “Jyerald Ford” ularning birinchisi hisoblanadi.

Bu turdagi yangi aviatashuvchilarga o‘rnatilgan atom reaktorlar “Nimits” turidagi aviatashuvchilarga nisbatan 25 foizga ko‘proq elektr energiya ishlab chiqaradi.

Foto: nosint.blogspot.com

Bu aviatashuvchi 2013 yilda suvga tushirilgan va AQSh harbiy-dengiz kuchlari safiga 2017 yilda qo‘shilgan. Yangi radioelektron tizimlar, elektromagnit katapulta, aerofinisherlar hamda yangi atom reaktorlarini ishlab chiqishga ketgan 4,7 milliard dollarni hisobga olmaganda, kema qurilishining o‘ziga 12,8 milliard dollar sarflangan.

“Jyerald Ford” ham yadroviy yonilg‘ida harakatlanuvchi kema hisoblanadi va unda ikkita atom reaktori bor. Uning o‘lchami “Avraam Linkoln”dan biroz katta.

Jumladan:

·      Uzunligi – 337 metr;

·      Eni – 47 metr, paluba kengligi 78 metr;

·      Balandligi – 76 metr;

·      Maksimal tezligi – soatiga 56 km;

·      Suzish masofasi – cheklanmagan;

·      Ekipaj a’zolari soni – 4 660 kishi;

·      Aviatsiya guruhi – 90 ta samolyot, vertolyot va dronlar.

“Avraam Linkoln”da bo‘lgani kabi “Jyerald Ford”da ham turli samolyot va vertolyotlardan tashqari havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi, radar hamda radiolokatsiya uskunalari o‘rnatilgan. Shuningdek, kemada raketalar ham bor.

“Jyerald Ford”ning xizmat qilish davri 50 yil deb belgilangan. Ya’ni undagi yadroviy yonilg‘i shu muddatga yetadi. Bu aviatashuvchi harbiy harakatlarda ishtirok etmagan. Faqat Yevropada o‘tkazilgan NATO harbiy-o‘quv yig‘inlarida qatnashgan.

Foto: hrvatski-vojnik.hr

Paluba qulay yasalgani va u elektromagnit bilan jihozlangani uchun “Jyerald Ford”dagi harbiy samolyotlar boshqa aviatashuvchilardagi samolyotlarga qaraganda 30 foiz ko‘proq parvoz qilish imkoniyatiga ega.

AQSh “Jyerald Ford” turidagi yana bir aviatashuvchini foydalanishga topshirgan. Bu 2019 yilda suvga tushirilgan “Jon Kennedi”.

Bundan tashqari, “Enterprayz” 2026 yilda, “Doris Miller” 2028 yilda, “Bill Klinton”ni 2032 yilda suvga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Kichik Jorj Bush” nomi berilgan aviatashuvchi kema qurilishi ham tasdiqlangan.

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid