Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sadir Japarov qanday qilib hokimiyatga kelgandi?
2020 yilning oktyabr oyi. Qamoqxona kamerasida o‘tirgan, ota-onasining janozasiga borishiga ruxsat berilmagan, tushkunlikdan hatto o‘z joniga qasd qilishga uringan siyosiy mahbus bir necha kun o‘tib davlat rahbariga aylanadi. Bu siyosatchi – Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti Sadir Japarov.
Kun.uz qo‘shni respublikada yuz berayotgan kadrlar almashinuvi fonida Japarovning keskin burilishlarga boy hayoti, Qamchibek Tashiyev bilan sirli ittifoqi, O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlaridagi “muzning erishi” va aloqalarning yaxshilanishi haqida hikoya qiladi.
Kolxozdan deputatlikka
Sadir Japarov 1968 yilda, Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1987 yilda Chuy viloyatidagi “Santash” kolxozida ishchi sifatida boshlagan, keyinchalik kolxoz rahbariga aylangan. 1986-1991 yillarda Bishkekdagi Qirg‘iz davlat jismoniy tarbiya institutida o‘qib, bu orada harbiy xizmatni Rossiyaning Novosibirsk shahrida o‘tab kelgan.
Japarov 90-yillar o‘rtalari va 2000-yillar boshlarida Issiqko‘l viloyatidagi bir nechta neft kompaniyalariga rahbarlik qilgan. Siyosiy maydonga esa ancha kech, 37 yoshida kirib keladi. 2005 yil boshida Qirg‘izistonda “Lola inqilobi” ro‘y berib, yirik namoyishlar to‘lqini avj oladi. Ana shu to‘lqinga sabab bo‘lgan saylovda Japarov o‘zi tug‘ilgan Tup tumanidan parlament deputatligiga saylangan.
Siyosatga chuqurroq kirib borgani sari, nufuzliroq diplom zaruratini anglagan Japarov 2006 yilda Bishkekdagi eng obro‘li oliy o‘quv yurtlaridan biri – Boris Yelsin nomidagi Qirg‘iziston–Rossiya Slavyan universitetining yuridik fakultetini tamomlaydi.
“Lola inqilobi”dan keyin prezidentlikka Qirg‘iziston Xalq harakati lideri Kurmanbek Bakiyev keladi. Japarov ham shu harakat tarafdori edi va tezda Bakiyev jamoasiga qo‘shiladi. 2007–2010 yillar oralig‘ida u dastlab prezident maslahatchisi, keyinchalik Korrupsiyaga qarshi kurash milliy agentligi direktori sifatida ishlaydi.
Japarov nega qamalgan?
2010 yilda Bishkek va Qirg‘izistonning boshqa shaharlarida yana ommaviy namoyishlar boshlanadi. Inqilobchilar Bakiyevni avtoritarizmda ayblaydi va mamlakatda og‘ir iqtisodiy vaziyat yuzaga kelganidan noroziliklarini bildira boshlaydi. Natijada Bakiyev hokimiyatdan ag‘dariladi va chet elga qochib ketadi. Bu orada Japarov muxolifat “Ata-Jurt” partiyasi tarkibiga qo‘shiladi va deputat sifatida yana parlamentga qaytadi. Uning siyosiy “fishka”si va xalqni ergashtira olgan asosiy shiori bitta edi – “Qumtor” oltin konini milliylashtirish. Siyosatchi yillar davomida “Qirg‘iziston oltini qirg‘izlarga qolishi kerak”, deya tinimsiz takrorlab keladi. Bu Japarovga oddiy xalq orasida katta obro‘ olib keladi, o‘z navbatida markaziy hokimiyatdagilarning jahlini chiqarardi. Shu tariqa Sadir Japarov va Almazbek Atamboyev hukumati o‘rtasidagi ochiq qarama-qarshilik boshlanadi.
2012 yil sentabr oyida Bosh prokuratura siyosatchini Bishkekdagi Kiyev ko‘chasi 74-uy manzilida joylashgan binoni noqonuniy tarzda xususiylashtirib olishda ayblaydi. Bu paytda Japarov “Ata-Jurt” fraksiyasi rahbari va amaldagi deputat edi. Qonunga ko‘ra, uni javobgarlikka tortish uchun avval deputatlik daxlsizligini bekor qilish kerak bo‘lardi. Deputatlarning aksariyati bu ishni “siyosiy buyurtma” deb hisoblashadi va bosh prokurorning so‘rovi rad etiladi.
Oradan bir oy o‘tib, 2012 yil oktyabr oyida “Qumtor” koni masalasida Bishkekning markaziy maydonida bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyasiga Sadir Japarov maslakdoshlari – “Ata-Jurt” partiyasi lideri Qamchibek Tashiyev va deputat Talant Mamitov bilan birga boradi. Miting paytida Tashiyev boshchiligidagi bir guruh odamlar Oq uyning panjarasidan oshib o‘tishadi. Bu ish Oliy sudda ko‘rib chiqilib, unda Tashiyev, Japarov va Mamitov hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish va konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga urinishda aybdor deb topiladi. Tashiyev va Japarov 1,5 yilga, Mamitov 1 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. 2013 yil iyun oyida Bishkek shahar sudi ularni oqlaydi va sud zalidan ozod qiladi.
Panjara ortidan prezidentlikka
Sadir Japarov siymosida “xalq qahramoni” obrazining shakllanishi – Qirg‘iziston tarixida “Saru voqealari” deb ataluvchi norozilik namoyishlari bilan bog‘liq. 2013 yilda Issiqko‘l viloyati Saru qishlog‘ida “Qumtor” konini milliylashtirish talab qilingan miting boshlanadi. Vaziyat to‘liq nazoratdan chiqib ketadi. Namoyishchilar hukumatning vakolatli vakili Emilbek Kaptagayevni garovga oladi va uni yoqib yuborish bilan tahdid qiladi.
O‘shanda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Japarovning namoyishchilar bilan telefon orqali gaplashgani aks etgan audioyozuvlarni e’lon qiladi va uni tartibsizliklarni tashkil qilganlikda ayblaydi. Japarovning o‘zi esa buni inkor etib, audioyozuvlarni “montaj” va “siyosiy tuhmat” deb ataydi. Unga nisbatan “qotillik tahdidi”, “garovga olish”, “bezorilik” va “hokimiyat vakiliga zo‘ravonlik ishlatish” bo‘yicha ish qo‘zg‘atiladi.
Og‘ir jinoiy ayblovlar fonida Japarov mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ladi va umrining 4 yilini xorijda o‘tkazadi. U Qirg‘izistonni tark etgach, doimiy ravishda bir joyda turmagan, chunki xalqaro qidiruv e’lon qilinish xavfi bor edi. Shu sababli hali Qozog‘istonda, hali Rossiya, bir muddat Kipr va Turkiyada ham yashaydi.
2017 yilning 25 mart kuni Sadir Japarov Qirg‘izistonga qaytadi. U o‘zining ijtimoiy tarmoqlariga “men qonundan qochmayman, haqiqatni isbotlash uchun qaytyapman”, deya post joylashtiradi. Shu sababli Qirg‘iziston–Qozog‘iston chegarasidagi “Ak-Jol” nazorat-o‘tkazish punktining Qirg‘iziston tomonida uni kutib olish uchun minglab tarafdorlari to‘planadi. Odamlar qo‘llarida plakatlar va Japarovning suratlarini ko‘tarib, hayqiriqlar bilan kutishardi. Japarov Qozog‘istondan piyoda o‘tib, neytral zonaga kirishi bilanoq hibsga olinadi va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Bishkekdagi binosiga olib ketiladi. Sud uni 11,5 yilga ozodlikdan mahrum qiladi.
Tarafdorlari Japarovni ko‘p adolatsizliklarni boshdan kechirgan siyosatchi sifatida gavdalantira boshlashadi. Qamoqda o‘tgan uch yil mobaynida Japarov chindan ham jiddiy sinovlarga duch keldi: avvaliga uni muvaffaqiyatsiz chiqqan suiqasddan keyin qonga belangan holda topishdi, keyin qamoqdaligida otasi, onasi va o‘g‘li vafot etdi.
Japarovni qo‘llovchilar u mamlakatdagi yirik “Qumtor” oltin konini milliylashtirish talabini qo‘ygani uchun siyosiy ta’qibga uchraganini aytishardi. Qamoqxonadan yo‘llagan videomurojaatlarida Japarov keskin mavzularda gapirar va amaldagi hukumatni ochiqchasiga tanqid qilardi. Natijada uning hukumat tomonidan ezilgan jafokash qiyofasi yanada mustahkamlandi.
2020 yil 4 oktyabrda Qirg‘izistonda parlament saylovlari o‘tkazildi. Saylov natijalari xalqni g‘azablantirdi va tungi namoyishlar tartibsizlikka aylanib ketadi. 5 oktyabr kuni Japarovning tarafdorlari uni qamoqxonadan ozod qiladi va u ertasi kuniyoq bosh vazir lavozimini egallaydi. Oradan 10 kun o‘tar-o‘tmas, Sooronbay Jyeenbekov iste’fosidan keyin, Japarov vaqtinchalik prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlanadi.
2021 yilning 11 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan saylov yakuniga ko‘ra, 52 yoshli siyosatchi 6 yil muddatga prezident etib saylanadi va mamlakatning mustaqillikdan keyingi 6-rahbariga aylanadi.
“Ikki do‘st” tandemi
Sadir Japarovning hukumat tepasiga kelishi va o‘z hokimiyatini mustahkamlab olishi bevosita Qamchibek Tashiyev nomi bilan bog‘liq. Ular yaqin-yaqingacha Qirg‘iziston siyosatidagi eng mustahkam tandem sifatida ko‘rib kelinardi. Japarov prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan kuni Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisligiga kelgandi.
Tashiyev azaldan Japarovning yaqin safdoshi hisoblangan. U oxirgi 5 yil mobaynida mamlakatdagi eng qudratli ikkinchi shaxsga aylandi. Eng shov-shuvli ishlarni aynan Tashiyev nazorat qilardi. U kuch siyosatini shakllantirgan va amalda prezident jamoasining eng yaqin ishonchli vakili hisoblangan.
Umuman olganda, Tashiyev Japarovning “qalqoni” vazifasini bajarib kelayotgandi. Barcha “qora” va qattiqqo‘l ishlar, xususan, muxolifatni hibsga olish, chegaradagi ziddiyatlar ko‘pincha Tashiyev nomi bilan bog‘lanardi, Japarov esa bosiq va mulohazali rahbar sifatida gavdalandi.
So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbari navbatdagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mish tarqalgandi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi esa bir necha bor prezidentlik poygasida ishtirok etish niyatida emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.
Japarovning prezidentlik vakolati 2027 yil yanvarigacha amal qiladi. Davlat rahbari lavozimiga saylov 2027 yil yanvar oyining to‘rtinchi haftasida bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Japarovning o‘zi prezidentlikka qayta nomzodini qo‘yish istagini rasman e’lon qilmagan. Biroq Qirg‘iziston xalqiga so‘nggi murojaatlaridan birida u o‘z nomzodini qo‘yadigan bo‘lsa, prezidentlikka qayta saylanishiga ishonch bildirgan. Shu fonda Tashiyev iste’fosi uning prezidentlik ambitsiyalariga ega bo‘lgani bilan bog‘lanyapti.
O‘zbekiston bilan aloqalar
Sadir Japarov hokimiyatga kelganda ko‘pchilik ekspertlar O‘zbekiston bilan munosabatlar keskinlashishidan xavfsiragandi. Chunki u millatchi va populist sifatida tanilgan. Biroq amalda buning butunlay teskarisi yuz berdi va kutilmaganda u pragmatik siyosatchiga aylandi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi 30 yillik chegara muammosi aynan Mirziyoyev va Japarov davrida to‘liq hal etildi. Bu qaror Qirg‘iziston ichida e’tirozlar va namoyishlarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, siyosiy iroda ko‘rsatilib, shartnoma ratifikatsiya qilindi. Ikki davlat o‘rtasidagi o‘tkazish punktlari ochilgani, chegaradan o‘tish ID-kartalar orqali amalga oshirilayotgani ham har ikkala qardosh millat uchun katta yutuq.
So‘nggi yillarda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi boshlandi. O‘zaro hamkorlikda Norin daryosida Qambarota GES-1 loyihasi amalga oshirilyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda Toshkent va Bishkek o‘rtasida hal qilinmagan biror muammo qolgani yo‘q. Shu jihatdan, qo‘shni respublikadagi siyosiy barqarorlik O‘zbekiston uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mavzuga oid
18:59 / 02.04.2026
Qirg‘izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg‘ulotlari to‘xtatildi
21:08 / 01.04.2026
Qirg‘izistonda Qamchibek Tashiyevning ukasi korrupsiyada gumon qilinib qo‘lga olindi
18:20 / 30.03.2026
Qirg‘iziston ilk bor o‘z milliy valutasini mustaqil chop etishni boshladi
15:56 / 25.03.2026