O‘zbekiston | 22:00 / 24.07.2019
60634
6 daqiqa o‘qiladi

DTM rahbari bilan suhbat: Bu yilgi test jarayonlarida nimalar kutilmoqda?

Bir necha kunlardan keyin O‘zbekistondagi Oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlanadi. Xo‘sh, bu yilgi test imtihonlari shaffofligi qay darajada, qanday ishlar amalga oshirildi, shuningdek, abituriyentlar uchun qulaylik va yangi imkoniyatlar nimalarda aks etadi?

Kun.uz’ning navbatdagi suhbatdoshi Davlat test markazi rahbari Majid Karimov shu va boshqa savollarga batafsil javob qaytardi.

- Joriy yilgi imtihonlar avvalgilariga qaraganda nimasi bilan farqlanadi? Abituriyentlar uchun yangiliklar nimalardan iborat?

- Eng katta yangilik 2019-2020 yilgi o‘quv yili uchun Oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun hujjat topshirish jarayonida kuzatildi. Chunki abituriyentlar bu yil hujjat topshirishmadi, shunchaki ro‘yxatdan o‘tishdi.

Albatta, bu jarayonda ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Biroq, ta'kidlash lozimki, ushbu yangilik ortidan bu yil bir milliondan ortiq abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi. Bundan tashqari, ularga O‘zbekistonning istalgan hududidan, o‘zlari xohlagan oliygohga hujjat topshirish imkoniyati taqdim etildi.

Ikkinchi yangilik, abituriyentlar imtihonlarni iyul-avgust oylarida topshirishi belgilangan edi. Shu sababli, bu yilgi test imtihonlari 29 iyuldan boshlanadi. Eslatib o‘tish joizki, 20 iyuldan boshlab esa ruxsatnomalarni tarqatish jarayoni davom etmoqda. Bu jarayonning Davlat test markazi rasmiy sayti orqali ham amalga oshirilayotgani abituriyentlarga yana bir qulaylik bo‘ldi, jumladan, hozirga qadar to‘rt yuz mingdan ziyod abituriyent o‘z ruxsatnomalarini elektron tarzda olishdi.

Ushbu ruxsatnomalar abituriyentga uchta ta'lim muassasasiga hujjat topshirish imkonini beradi. Bu degani, yuqori ball to‘plagan abituriyent, albatta, o‘zi hujjat topshirgan uchta oliygohdan qaysidir biriga kiradi.

Bevosita test jarayonlariga keladigan bo‘lsak, joriy yil ham imtihon jarayonlarini shaffof tarzda tashkil qilishga bo‘lgan harakatlar yanada kuchaytiriladi.

Abituriyentlar sonining o‘sishi inobatga olinib, o‘tgan yilgiga nisbatan 12 ta qo‘shimcha, ya'ni jami bo‘lib 69 ta imtihon o‘tadigan bino hozirlandi. Mazkur binolarning har biriga kuzatuv kameralari, konditsionerlar, o‘rnatildi.

- DTM 2019-20 o‘quv mavsumi oldidan oliygohlarga hujjat topshirishning pulli mexanizmini qabul qildi. Aslida, bu chora nima uchun qo‘llandi?

Shuningdek, avvalgi yillarda bitirgan abituriyentlardan DTM jamg‘armasiga qancha mablag‘ tushdi, ularning shaffof ishlatilishi bo‘yicha qanday choralar amalga oshiriladi?

- Joriy yilgi test imtihonlariga tayyorgarlik jarayonlarida avvalgi yillarda o‘rta, umumiy ta'lim va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilaridan to‘lov olinmoqda. Bu to‘lovlar yarim minimal ish haqi miqdorida, ya'ni 101 ming atrofida.

Xabaringiz bor, abituriyentlar ham testga yildan-yil yangi texnologiyalar bilan “qurollangan” holda kirmoqda. Bundan tashqari, ma'lumotlarni olish, uzatish ishlari shunchalik rivojlanmoqdaki, ularni oddiy inson ko‘ziga ko‘rinmaydigan qilib bajarish imkoniyatlari bor. Yig‘ilayotgan mablag‘lar ana shunday holatlarning oldini olish uchun joriy etildi. Qolaversa, test jarayonining sifatini doimiy tarzda takomillashtirish zarurati mavjud. Jahon amaliyotida ham bu jarayonlarga katta mablag‘ sarflanadi.

Qolaversa, bu jarayonlarga chet ellik mutaxassislarni jalb qilamiz.

Shu bilan birga, test jarayonini yuqori sifatda tashkil qilish va testlarni o‘z vaqtida tayyorlab berish uchun moddiy-texnik baza ham kerak bo‘ladi. AQShning Scantron kompaniyasi natijalarni tezkor e'lon qilinishi uchun javoblar varaqalarini o‘qiydigan ilg‘or texnika vositalarini ishlab chiqaradi. Kompaniyaning «Insight 150-175»  texnologiyalaridan bugungi kunda Yaponiya, Koreya, Turkiya, Germaniya kabi mamlakatlarda ham foydalaniladi. Bu optik skanerlarning bir donasi esa 150 ming dollardan qimmatroq turadi.

Bu texnikalarni xarid qilish uchun esa budjetdan tashqari mablag‘lar zarur bo‘ladi.

- Davlat test markazi jamg‘armasiga yig‘ilgan mablag‘lar qaysi organ tomonidan nazorat qilinadi?

- Jamg‘arma hisobiga tushayotgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan nazorat etib boriladi.

- Harbiy imtiyozga ega abituriyentlar belgilangan kvota doirasida bellashishadi. Ayrim OTMlar bu me'yorni barcha kvotaning bo‘lagi deb bilsa, boshqalar fakultet darajasidagi o‘lchov sifatida olyapti. Aniqroq qilib aytganda, aslida, harbiy imtiyozga ega abituriyent qanday shartlar bilan o‘qishga kirishi mumkin?

- Amaldagi nizom bo‘yicha ayrim tushunmovchiliklar bor edi. Bu yildan boshlab esa harbiy imtiyozga ega bo‘lganlar uchun alohida tanlov joriy qilinadi. Ularga o‘zining sonidan kelib chiqqan holda ma'lum foizlar belgilangan. Ya'ni, bir hil imtiyozga ega bo‘lganlar alohida bellashadi. Agar imtiyozga ega bo‘lgan abituriyent imtihonlardan o‘tolmay qolsa. Umumiy tanlovda ham ishtirok etishi mumkin, lekin bu holda abituriyent umumiy talablar asosida qatnashadi, bunda imtiyozlar hisobga olinmaydi.

Bundan tashqari, imtiyozli tarzda test imtihonlarida qatnashish huquqi nogironligi bo‘lgan abituriyentlar, harbiylarning farzandlari, shuningdek, maqsadli qabul uchun imtihonlar ham alohida o‘tkaziladi.

Menimcha, buni adolatli va nisbatan eng to‘g‘ri tizim deyish mumkin.

Suhbat davomida Davlat test markazi rahbari, shuningdek, tizimdagi eng muhim qarorlar nega imtihon jarayonlariga yaqin vaqtlar qolganda qabul qilinishi, imtihon jarayonlarida o‘ringa-o‘rin kirish holatlari, test imtihon jarayonlarida bloklar ketma-ketligi qaysi tartibda amalga oshirilishi va kelgusida test jarayonlarida bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangiliklar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Mavzuga oid