Jahon | 00:35 / 02.08.2024
14774
8 daqiqa o‘qiladi

Anqarada Rossiya va G‘arb o‘rtasida mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi

Rossiya bir qancha siyosiy mahbuslarni, josuslikda ayblanganlarni G‘arbga topshirdi. Evaziga, G‘arbdan josuslik, qotillik, hakerlik va boshqa jinoyatlarda ayblanganlarni oldi.

Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MIT) yetti davlatdan 26 nafar mahbusni almashish bo‘yicha operatsiyada vositachi bo‘ldi. Bu haqda TRT Haber telekanali xabar berdi.

Almashinuvda Rossiya, Belarus, AQSh, Germaniya, Polsha, Sloveniya va Norvegiya vakillari ishtirok etgan.

Operatsiya doirasida Rossiyaga 10 kishi berildi (2 nafari voyaga yetmagan bola). Rossiya esa 13 kishini Germaniyaga, 3 kishini AQShga topshirildi. Mahbuslar Turkiyaga samolyotlarda yetkazildi.

Rossiya kimlarni oldi?

Foto: AP

Vadim Krasikov - yollanma qotil, Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining «Vimpel» bo‘limida xizmat qilgan, bir qator buyurtma qotilliklarning ijrochisi bo‘lgan, jumladan 2007 yilda tadbirkor Aleksandr Kozlov, 2015 yilda tadbirkor Albert Nazranov, 2019 yilda Germaniyada chechen qochqinlari Zelimxon Xangoshvili va boshqalarni o‘ldirgan. Krasikov Germaniyada hibsga olinib, uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Artyom Dulsev va Anna Dulseva, shuningdek, ularning ikki farzandi. Juftlik Sloveniyada yashab, o‘zlarini Argentina fuqarolari sifatida ko‘rsatishgan. Ular 2022 yil oxirida Lyublyanada Interpol tomonidan hibsga olingan. Ular Rossiya foydasiga josuslik qilganini tan olgan.

Pavel Rubsov – Rossiya Davlat razvedka boshqarmasi agenti. 2022 yil fevralda o‘zini ispan jurnalisti Pablo Gonsales deb tanishtirib, Polshada Rossiya foydasiga josuslik qilgan. Polsha tomonidan Ukraina chegarasida hibsga olingan.

Roman Seleznyov – haker, AQShda kompyuter firibgarligi va shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlaganlikda ayblanib, 27 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Uning jazosi AQSh tarixidagi kiberjinoyatlar uchun tayinlangan eng katta jazo edi.

Vladislav Klyushin – biznesmen, 2023 yil 7 sentabrda AQSh sudi uni insayder savdosida aybdor deb topib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. U qimmatli qog‘ozlar bozorida maxfiy ma’lumotlardan moliyaviy foyda olish uchun noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq sxemada ishtirok etganlikda ayblangan.

Mixail Mikushin – 2022 yil may oyida Norvegiya sudi tomonidan Rossiya foydasiga josuslikda ayblanib, hibsga olingan.

Vadim Konoshchenok - «Serniya» kontrabanda tarmog‘i ishtirokchilaridan biri. Ushbu tarmoqqa kiruvchi kompaniyalar AQShdan yuqori texnologiyali uskunalarni noqonuniy eksport qilib, Yevropa Ittifoqi davlatlari orqali Rossiya davlat kompaniyalariga yetkazib bergan. Konoshchenko 2022 yil noyabr oyida Narvada (Estoniya) o‘z mashinasida kontrabanda tovarlarini Rossiyaga olib ketayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Rossiya kimlarni berdi?

Foto: X/POTUS

Vladimir Kara-Murza - 2023 yil aprel oyida Rossiya sudi uni 25 yilga ozodlikdan mahrum qildi. U armiya haqida «yolg‘on xabarlar» tarqatish, nomaqbul tashkilot bilan hamkorlik qilish va davlatga xiyonat qilishda ayblandi.

Ilya Yashin - 2022 yil 9 dekabrda Moskva sudi uni Rossiya armiyasi haqida «soxta» ma’lumotlarni tarqatish moddasi bo‘yicha 8,5 yilga umumiy rejimli koloniyaga hukm qildi, bu o‘sha vaqtda ushbu modda bo‘yicha eng og‘ir jazo bo‘lgan.

Alsu Kurmasheva - «Idel.Realii» (Ozodlik radiosi loyihasi) muharriri, Rossiya va AQSh fuqarosi. Chexiyaning Praga shahrida yashagan va ishlagan. 2023 yil may oyida Kurmasheva oilaviy sabablarga ko‘ra Rossiyaga borganida hibsga olingan. Tatariston Oliy sudi uni Rossiya armiyasi haqida «soxta xabarlar» tarqatgani uchun 6 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qildi.

Evan Gershkovich - The Wall Street Journal jurnalisti, AQSh fuqarosi. Rossiyada josuslikda ayblanib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Gershkovich zamonaviy Rossiya tarixida shunday ayblovlar bilan hibsga olingan birinchi xorijiy jurnalist bo‘ldi.

Oleg Orlov - 70 yoshli inson huquqlari faoli, «Memorial» tashkiloti raisi. 2024 yil 27 fevralda Rossiya sudi Orlovni «natsizmni reabilitatsiya qilish» moddasi bo‘yicha 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Aleksandra Skochilenko – rassom, 2023 yil 16 noyabrda Sankt-Peterburg sudi Aleksandrani Rossiya armiyasi haqida «soxta xabarlar» tarqatgani uchun 7 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Andrey Pivovarov - «Otkrytaya Rossiya» tashkilotining sobiq rahbari. Unga nisbatan nomaqbul tashkilot faoliyatini amalga oshirish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2022 yil iyul oyida 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Kseniya Fadeyeva – Aleksey Navalniyning Tomskdagi shtab-kvartirasi sobiq rahbari. 2023 yil dekabr oyida o‘z mansab mavqeidan foydalangan holda ekstremistik jamiyat faoliyatini tashkil etish, fuqarolarning shaxsi va huquqlarini poymol qiluvchi notijorat tashkilotda ishtirok etishda ayblanib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Liliya Chanisheva - Aleksey Navalniyning Ufa shtab-kvartirasi sobiq rahbari, 2021 yil noyabrida hibsga olingan. U ekstremistik jamiyat faoliyatini tashkil etishda ayblanib, 2023 yilda 7,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. 2024 yilda Boshqirdiston Oliy sudi jazoni 7,5 yildan 9,5 yilgacha kuchaytirdi.

Vadim Ostanin – Aleksey Navalniyning Barnaul shtab-kvartirasi sobiq rahbari. 2021 yil dekabr oyida hibsga olingan, unga nisbatan ekstremistik jamiyat va notijorat tashkilotda shaxsga tajovuz qiluvchi ishtiroki uchun jinoiy ish ochilgan. 2023 yil iyul oyida 9 yilga umumiy tartibli koloniyaga hukm qilindi.

Riko Kriger - Germaniya Qizil Xoch jamiyatining sobiq xodimi, shifokor. 2023 yil oktyabr oyida Belarusda hibsga olingan. Unga oltita modda: o‘qotar qurolga nisbatan noqonuniy harakatlar, transport yoki aloqa vositalarini yaroqsiz holga keltirish, ekstremistik guruh tuzish yoki ularda qatnashish, yashirin faoliyat, yollanma harakat va terrorchilik akti bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Kriger sud tomonidan o‘limga hukm qilindi. 2024 yil 30 iyulda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Krigerni afv etdi.

German Moyjyes - huquqshunos, velosport harakati ideologi, Germaniya va Rossiya fuqarosi. U davlatga xiyonatda ayblanib, hibsga olingan.

Kevin Lik – 18 yoshli Germaniya fuqarosi, Rossiyada davlatga xiyonatda ayblangan birinchi maktab o‘quvchisi bo‘ldi. 2023 yil dekabrida 4 yilga umumiy tartibli koloniyaga hukm qilingan. Sud qarorida aytilishicha, u Maykopdagi harbiy qism joylashgan hududni suratga olib, «xorijiy davlat vakili»ga elektron pochta orqali yuborgan.

Demuri (Diter) Voronin - Rossiya va Germaniya fuqarosi. 45 yoshli siyosatshunos. 2021 yil fevralida Rossiyaga borganida qo‘lga olingan. Davlatga xiyonatda ayblangan jurnalist Ivan Safronovdan ma’lumot olganlikda, keyin uni xorijiy razvedka xizmatlariga sotganlikda ayblangan. 2023 yil mart oyida Moskva sudi uni davlatga xiyonatda aybdor deb topdi va 13 yilu 3 oyga qattiq tartibli koloniyaga hukm qildi.

Patrik Shyobel - Germaniya fuqarosi. 2024 yil yanvar oyida Sankt-Peterburg aeroportida 6 ta konfet tufayli hibsga olindi. Ekspertlar konfetlar tarkibida marixuana borligini aniqladi. Shyobel vatanida bunday konfetlar qonuniy ravishda sotilishi, Rossiyada bunday giyohvand moddalarga taqiq qo‘yilgani haqida bilmagani va uzoq parvozlar oldidan foydalanish uchun konfetlarni bir yil avval sotib olganini aytdi. U sud jarayoni tugashini kutayotgandi.

Pol Uilan - amerikalik harbiy xizmatchi (sobiq dengiz piyodasi), 2018 yilda Rossiyaga borganida hibsga olindi. 2020 yil iyun oyida Rossiyaga qarshi josuslikda aybdor deb topilib, 16 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi. U aybini tan olmadi.

Mavzuga oid