AQSh va Eron o‘zaro dengiz qamali orqali Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatishga urinmoqda, bu esa mo‘rt sulh kelishuvini larzaga keltirmoqda. Reutersʼning yozishicha, 4 may kuni kechroq Ko‘rfazdagi bir qancha savdo kemalari portlashlar yoki yong‘inlar haqida xabar bergan.

Raketa va dronlarning yangi zarbalari AQSh prezidenti Donald Trampning bo‘g‘oz orqali qolib ketgan kemalarni o‘tkazishga yangi urinishidan so‘ng sodir bo‘ldi. Energiya savdosi uchun hayotiy muhim bo‘lgan ushbu yo‘lak AQSh va Isroil Eronga hujum boshlaganidan beri deyarli yopiq qolmoqda.

Fujayraga raketa zarbalari

Dastlab Eron bo‘g‘ozga yaqinlashayotgan AQSh harbiy kemasiga qarata o‘t ochgani va uni ortga qaytishga majbur qilganini aytgandi. AQSh esa kema urib tushirilgani rad etdi, keyinroq Eron rasmiylari bu holatda «ogohlantiruvchi o‘qlar» uzilganini aytdi.

Shuningdek, kun davomida BAAning muhim neft porti hisoblangan Fujayrada yong‘in keltirib chiqargan dron va raketa hujumlari haqidagi xabarlar tarqaldi. BAA Eronning hujumlarini jiddiy eskalatsiya deb atadi va javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qolishini bildirdi.

BAA hukumati, shuningdek, xavfsizlik nuqtai nazaridan maktab o‘quvchilari uchun masofaviy ta’lim joriy etilayotganini ma’lum qildi. Reutersʼning yozishicha, Fujayra bo‘g‘ozdan tashqarida joylashgan bo‘lib, bu Yaqin Sharq neftini bo‘g‘ozdan o‘tmasdan eksport qilish imkonini beruvchi kam sonli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Eron davlat televideniyesining xabar berishicha, harbiylar BAAga qilingan hujum «AQSh harbiylarining avantyurizmiga» javob ekanini tasdiqlagan.

Foto: Anadolu AA