Jahon | 17:16 / 26.10.2025
17197
12 daqiqa o‘qiladi

Kupyansk uchun jang. Shahar tez orada taslim bo‘lishi mumkinmi?

Ukraina qo‘shinlarining Xarkiv oblasti mudofaasini sharqiy yo‘nalishda sementlab turgan Kupyansk shahri yaqinidagi holati so‘nggi kunlarda sezilarli darajada yomonlashdi, deb xabar qilmoqda mahalliy pabliklar.

Foto: Reuters

Kupyansk shimolidagi platsdarmda to‘plangan rus qo‘shinlari nafaqat kichik guruhlar bilan shahar markaziga kirishga va o‘rnashib olishga, balki u yerda katta kuch to‘plashga ham muvaffaq bo‘ldi. Hozir u yerda janglar ketmoqda.

Mudofaa kuchlariga asosiy tahdid Rossiya shturm guruhlarining Xarkiv – Kupyansk – Svatove trassasiga yaqinlashishi bo‘lib, bu Ukraina qurolli kuchlarining Oskol daryosi g‘arbidagi ta’minotini sezilarli darajada qiyinlashtirishi va ularning sharqiy sohildagi pozitsiyalarini egallab turgan qismlarini izolyatsiya qilishi mumkin.

Hozirgi vaziyat Kupyansk va uning atrofini mudofaa qilayotgan Ukraina bo‘linmalari uchun qanchalik xavfli? Shahar tez orada taslim bo‘lishi haqidagi taxminlar asoslimi? BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev Ukraina sharqiy frontidagi vaziyatni tahlil qildi.

Bu hozirning o‘zida ro‘y beradimi?

Yo‘q. Kupyansk shimolidagi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari uchun 2024 yil oxiri – 2025 yil boshidan yomonlashdi, o‘shanda rus bo‘linmalari kamida ikkita uchastkada Oskol daryosini kechib o‘tib, mustahkamlanib olishga muvaffaq bo‘lgandi. Qo‘shimcha kuchlar tashlangani sayin platsdarm kengayib bordi, Ukraina mudofaa kuchlari bunga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qildi, ammo uddalay olmadi.

Rossiya qo‘mondonligining rejalari tushunarli edi – birinchi navbatda yetarli zaxiralarni to‘plash, keyin esa g‘arbdan Kupyanskni aylanib o‘tib, shaharni Chuhiyiv orqali bog‘lovchi R-07 trassasini to‘sib qo‘yish yoki shimoldan ma’muriy markazning o‘ziga ro‘paradan hujum qilish.

Kupyansk g‘arbidan Ukraina qurolli kuchlari ortiga o‘tishning iloji bo‘lmadi, shu maqsadda amalga oshirilgan hujumlar qaytarildi va aftidan, Rossiya qo‘mondonligi ikkinchi variant bo‘yicha harakat qilishga qaror qildi. Yozda shahar shimolida ikki tomon ham nazorat qilmaydigan «kulrang zona» kengayayotgani haqida xabarlar kela boshladi, bu esa u yerda rossiyaliklarning ilg‘or guruhlari paydo bo‘lganini anglatardi. Sentyabr oyi boshlarida esa shahar ichkarisida janglar boshlangani haqida xabarlar tarqaldi.

Ammo undan oldinroq, avgust oyi oxirida Rossiya bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Vladimir Putinga Kupyansk deyarli to‘liq bloklangani va uning hududining yarmiga yaqini Rossiyaning «Zapad» qo‘shinlari guruhi harbiylari tomonidan egallab olingani haqida hisobot bergandi.

Gerasimovning bayonoti Z-blogerlarda tushunmovchilik keltirib chiqargandi – o‘sha paytda Kupyanskka shimoldan hujum qilayotgan rus qismlari hali shahar ichkarisiga kirmagandi. Rossiyalik harbiy muxbirlar orasida «Zapad» guruhi harbiylarining sa’y-harakatlari yaqin haftalar va oylarda reallikni Bosh shtab rahbarining bayonotlariga muvofiqlashtirishga qaratilishi haqida taxminlar bildirildi.

Kupyanskda hozir nimalar bo‘lmoqda?

Kupyansk shimolida Kondrashovka – Radkovka – Golubovka uchburchagida joylashgan Rossiya bo‘linmalari shaharga ikkita asosiy yo‘nalish bo‘ylab kirdi: Oskol daryosiga parallel ravishda cho‘zilgan R-79 trassasi bo‘ylab, shuningdek, shaharning g‘arbiy qismida Kupinka daryosini kesib o‘tish bilan aylanma manyovr orqali.

Oldinga siljish vektorlari R-79 trassasi R-07 (g‘arbiy yo‘nalishda Chuhiyiv va Xarkivga, sharq tomon harakatlanganda esa hozirda ukrain qo‘shinlari mudofaalanayotgan pozitsiyalar hisoblanuvchi Zaoskole, Kucherovka va Petropavlovka qishloqlariga olib boradi) bilan kesishadigan nuqtaga yetib borishga qaratilgan.

Yorib kirish hududida Rossiyaning ilg‘or guruhlari joylashishi va kuch to‘plashi mumkin bo‘lgan ko‘plab yirik binolar mavjud.

Amerika Urushni o‘rganish institutining (ISW) 21 oktyabrdagi hisobotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Kupyanskning o‘zida, shuningdek, shaharning shimoli, shimoli-sharqi, sharqi va janubi-sharqida hujum qilgan. Ukraina qurolli kuchlari Kupyanskning g‘arbiy qismida va sharqdagi Peschanoye qishlog‘i yaqinida qarshi hujumga o‘tdi.

ISW’dagilar fikricha, ruslarning bu amaliyoti hozircha Rossiyaning hududni yoki harbiy harakatlar zonasining oldingi qismini nazorat qilishiga ta’sir qilmagan. Shuni hisobga olish kerakki, ishonchli dalillar bo‘lmagan taqdirda, ISW har doim frontdagi voqealarga juda ehtiyotkorlik bilan baho beradi.

Kupyansk sharqida mudofaalanayotgan Ukraina bo‘linmalari qurshovga tushishi mumkinmi?

Hozircha yo‘q. Kupyansk markazidan o‘tgan Oskol daryosi ustidagi yarim vayrona holatiga kelgan ko‘prik hozircha Ukraina qurolli kuchlariga sharqiy qirg‘oq bilan aloqalarni saqlab qolish imkonini beradi, ammo asosiy ta’minot yo‘li bo‘lib xizmat qilmaydi. Dushman qo‘liga o‘tishi xavfi tug‘ilgan taqdirda esa, u katta ehtimol bilan portlatib yuboriladi.

Kupyanskdan sharqda pozitsiyalarni egallab turgan Ukraina qo‘shinlariga ta’minotning asosiy yo‘nalishi esa janubroqda – Kupyansk-Uzlovoy temiryo‘l stansiyasi hududida, Oskol orqali ko‘tarma to‘g‘oni orqali o‘tadi.

Bu marshrutni ishonchli deyish qiyin. Rossiya aviatsiyasi vaqti-vaqti bilan to‘g‘onga zarba bermoqda, lekin ko‘tarma o‘tish joyi tezda ta’mirlanmoqda. Juda zarur bo‘lganda, nisbatan zaif bo‘lsa-da, ponton o‘tish joylaridan ham foydalanish mumkin.

Ammo bu Ukraina qurolli kuchlari Kupyanskning janubiy va markaziy hududlaridan chekinishi mumkin degani emas. Bunday holda, katta ehtimol bilan, Rossiya qo‘shinlari Oskol bo‘ylab to‘g‘on yo‘nalishida harakatlanishni davom ettiradi va keyin daryoning chap sohilidan, jumladan, Kupyanskning sharqiy qismidan ham ukrainlarning barcha kuchlarini olib ketish zarurati yuzaga kelishi mumkin.

Voqealarning bunday rivojida Rossiya armiyasi keng harakat maydoniga ega bo‘ladi. Oskolning g‘arbiy sohilidagi platsdarm va Kupyansk infratuzilmasini nazorat qilish ruslarga Ukraina qurolli quchlarining o‘ziga qarshi turgan guruhini doimiy besaranjomlikda ushlab turish imkonini beradi, qanotlarda tabiiy suv to‘sig‘i mavjudligi esa kattagina miqdordagi kuchlarni bo‘shatish imkonini beradi.

Ular frontning boshqa uchastkalariga, xususan, shimoldan Slovyansk-Kramatorsk aglomeratsiyasiga chiqish maqsadida Borovaya posyolkasi va Liman yo‘nalishida hujum qilayotgan Rossiya guruhlarini kuchaytirish uchun tashlanishi mumkin.

Rossiya qo‘shinlari qanday muammolarga duch kelmoqda?

Kupyansk yo‘nalishida harakat qilayotgan «Zapad» guruhi shaharga janubdan ham, sharqdan ham yaqinlasha olmaydi. Kupyanskka hujumlar Oskol daryosining g‘arbiy sohilida yaratilgan shimoliy platsdarm orqali amalga oshirilmoqda.

Platsdarmda o‘rnashib olgan Rossiya qismlariga ta’minot yetkazib berish muammosi oldindan mavjud edi, jangovar saflar shahar tomon cho‘zilgani sayin bu muammo yanada o‘tkirlashmoqda.

Qayiq va dronlar yordamida og‘ir texnika va qurol-yarog‘lar u yoqda tursin, ko‘plab yuklarni narigi sohilga o‘tkazib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, ehtimoliy o‘tish joylari Ukraina qurolli kuchlarining nishoni ostida turadi.

Rossiyaliklar Oskolni kesib o‘tish muammosini qisman Liman Perviy qishlog‘idan Radkovkagacha cho‘zilgan yerosti quvuridan foydalanish orqali hal qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda sentabr oyida ma’lum bo‘lgandi. Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari uchun g‘arbiy sohilda Rossiya kuchlari to‘planishi juda kutilmagan holat bo‘lgan.

Hozir ham bu tunneldan foydalanilayotgani borasida aniq ma’lumot yo‘q. Nima bo‘lganda ham, Rossiya qo‘shinlari shaharga kirgan bo‘linmalarni qo‘llab-quvvatlashi kerak va bunda quvur endi yordam bermaydi, ukrainlar muntazam o‘qqa tutadigan tor yo‘laklar orqali o‘q-dorilar va oziq-ovqat yetkazib berish juda qiyin va xavfli.

Ta’minoti yaxshi bo‘lmagan platsdarm orqali Kupyanskka ro‘paradan hujum qilish orqali ruslar katta tavakkachilikka qo‘l urishmoqda. Agar Ukraina qurolli kuchlari bu tomonga jiddiy zaxira kuchlarni olib kelishga ulgursa va Rossiya qo‘mondonligi logistika, ayniqsa, oldingi qismlarga ta’minot yetkazish masalasini hal qilmasa – bunday qarama-qarshilik natijasi oldindan ma’lum bo‘ladi.

Ukraina qurolli kuchlari mudofaasidagi muammo nimada?

Aftidan, Ukraina mudofaasi zaiflashgani sharoitida dronlarga tayanish yana bir bor o‘zini oqlamadi.

Rossiya armiyasi Ukraina mudofaa tizimlari orqali sizib o‘tish taktikasini keng qo‘llamoqda va Kupyansk hududida prinsipial jihatdan yangi narsani qo‘llagan bo‘lishi dargumon.

Ukraina nashrlarining Rossiya harbiylari go‘yoki fuqarolik kiyimida shaharga kirgani haqidagi xabarlari ishonchsiz ko‘rinadi. Birinchidan, Ukraina rasmiylari evakuatsiyani oldindan amalga oshirmoqda; ikkinchidan, dala kuzatuvchisi yoki dron operatori front chizig‘ini kesib o‘tayotgan tinch aholi vakilini rossiyalik harbiydan ajrata olmaganiga ishonish qiyin.

Donbass va Zaporijjyada, shuningdek, Sumi va Kursk oblastlari hamda Belgorod va Xarkiv oblastlari o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuv chizig‘ida va front ortida dronlar o‘z harbiy tuzilmalariga aloqadorligi shubha uyg‘otadigan har qanday obektga hujum qiladi.

Ukraina harbiylari ko‘pincha piyodalar yetishmasligidan shikoyat qiladi, bu muammo dushmanning oldinga siljish yo‘llarini ishonchli bloklashga, uning front ortiga kirishiga tezkor reaksiya ko‘rsatishga hamda o‘z vaqtida qarshi zarba yo‘llashga imkon bermaydi.

Yana bir muammo ikkala tomon uchun ham taalluqli – jangovar texnikadan foydalanish juda qiyin. Kupyanskka shimoliy platsdarmdan hujum qilayotgan Rossiya qo‘shinlari harbiy texnikalarsiz amallaga majbur, holbuki uch yil oldin Kupyanskdek shaharni birgina yengil piyodalar bilan shturm qilishga urinish aqldan ozishdek ko‘ringan bo‘lardi.

Ammo Ukraina armiyasi ham jang maydoni kecha-yu kunduz razvedka va zarbdor dronlar tomonidan nazorat qilinayotgan sharoitda texnika va og‘ir qurollarni qo‘llashda juda cheklangan. Ya’ni Kupyansk mudofaasi holatida bunday imkoniyatlar bor, ammo tanklar va piyoda askarlarni birgalikda jangga tashlashdan deyarli ma’no yo‘q – faqat piyoda qismlarga tayanishga to‘g‘ri keladi.

Rossiya qo‘shinlarining navbatdagi xavfli yurishini qaytarish uchun Ukrainada birlashgan kuchlarning yangi guruhi tuzildi, unga general Mixail Drapatiy boshchilik qiladi. U «o‘t o‘chiruvchi» degan nom orttirgan – o‘z vaqtida eng muhim yo‘nalishlarda qo‘shinlarga qo‘mondonlik qilgan va bu ancha muvaffaqiyatli chiqqan.

Mavzuga oid